Andijon shahridagi Yoshlar saroyida “Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichi bahslari bo‘lib o‘tdi. Aholi, xususan, yoshlarning ma’naviyatini, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirish orqali ularning bilim hamda tafakkurini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida 74 nafar zukko kitobxon ishtirok etdi.
– Viloyat miqyosida onlayn test tartibida yosh kitobxonlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning quyi bosqichlarida 625 nafar yigit-qiz qatnashdi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Naziraxon Ubaydullayeva. – Eng yuqori natijaga erishgan 74 nafar ishtirokchi tanlovning viloyat bosqichida tuman, shahar jamoalari tarkibida o‘zlarining bilim, iqtidor va salohiyatini namoyish etdi. Qizg‘in va murosasiz bahslar, savol-javoblar asosida o‘tgan tanlovning viloyat bosqichi yakuniy natijalariga ko‘ra, Buloqboshi tumani jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Paxtaobod tumani, uchinchi o‘rin esa Qo‘rg‘ontepa tumani yosh kitobxonlariga nasib etdi.
[gallery-12157]
Tashkilotchilar tomonidan tanlovda g‘olib bo‘lgan jamoa 6 million so‘m, ikkinchi o‘rinni olgan jamoa 4,2 million so‘m, uchinchi o‘rinni olgan jamoa 3 million so‘m, shuningdek, barcha ishtirokchi jamoalar 300 ming so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA