Andijon shahridagi viloyat Yoshlar saroyida «Zukko kitobxon» tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Aholi, xususan, yoshlarning ma’naviyatini, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini, kitobxonlik va mutolaa madaniyatini oshirish orqali ularning bilim va tafakkurini boyitish, intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovning viloyat bosqichida tuman va shahar bosqichlarida eng yuqori natijaga erishgan jamoalar ishtirok etdi.
Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan mazkur tanlovda yoshlar jamoalari faol ishtirok etmoqda. Ayniqsa, tanlovning onlayn tarzda o‘tkazilgan saralash bosqichlarida ishtirok etgan jamoalar o‘zlarining kitobxonlik borasidagi bilim va iqtidorlarini namoyish etdi.
Qizg‘in va murosasiz bahslar, savol-javoblar asosida o‘tgan viloyat bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, Buloqboshi tumani jamoasi 1- o‘rinni qo‘lgan kiritib, 6 million 600 ming so‘m pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Tanlovda ikkinchi o‘rin Jalaquduq tumani, uchinchi o‘rin esa Asaka tumani jamoalariga nasib etdi. Ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar 4,8 million va 3,6 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
[gallery-16198]
“Zukko kitobxon” tanlovining viloyat bosqichida qatnashgan barcha jamoalar faol ishtiroki uchun Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan rag‘batlantirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari