Shu kunlarda mamlakatimizning shimoliy hududlari va vodiy viloyatlarida bulduruq hodisasi kuzatilmoqda. Ayni paytdagi ob-havo holatidan kelib chiqib mutaxassislar bu jarayon yana bir necha kun davom etishi haqida ogohlantirmoqda.
Xo‘sh, bulduruq hodisasi qishloq xo‘jaligiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Qish mavsumida ayrim hududlarda tez-tez kuzatiladigan bulduruq tabiatning o‘ziga xos hodisalaridan biri hisoblanadi, – deydi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi matbuot xizmati rahbari Charos Omonova.– U qor ham emas, qirov ham emas. Tumanli, sokin va sovuq kunlarda havodagi suv bug‘larining to‘g‘ridan-to‘g‘ri kristallanishi natijasida daraxt shoxlari, o‘simliklar, yer usti va turli inshootlar ustiga yopishib qoladigan muz qatlami qishloq xo‘jaligi uchun ham foydali, ham ehtiyot choralarini talab etadigan holat hisoblanadi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bulduruq hosil bo‘lgan paytda havo harorati keskin pasayib, ko‘plab zararkunandalar va kasallik qo‘zg‘atuvchilari uchun noqulay muhit yuzaga keladi. Natijada bog‘ va dalada qishlab qolgan hasharotlar, lichinkalar va mikroorganizmlar tabiiy yo‘l bilan yo‘qoladi yoki soni keskin kamayadi. Bu esa bahor faslida ekinlarda kasalliklar tarqalishi xavfini pasaytiradi.
Shuningdek, bulduruq o‘simliklar ustida muayyan darajada namlik zaxirasini shakllantiradi. U sekin eriydi va tuproqning yuqori qatlamini namlantiradi, bu esa kuzgi va qishki ekinlar uchun foydali omil hisoblanadi. Ayniqsa, lalmi yerlarda bulduruq qishki namlik zaxirasi hisoblanib, kelgusi hosildorlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bog‘dorchilikda esa bulduruq daraxtlarning tabiiy qishki uyqusini mustahkamlab, vegetatsiya jarayonining barvaqt boshlanib ketishini cheklaydi.
Biroq bulduruqning salbiy jihatlari ham mavjud. Uzoq davom etgan kuchli bulduruq ayrim nozik ekinlar, ayniqsa, yosh ko‘chatlar va issiqxonalar atrofida salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘ta past harorat bilan birga kelgan bulduruq o‘simlik to‘qimalarida sovuq urish holatlarini kuchaytiradi. Bu esa bahorda o‘sishning sekinlashishiga sabab bo‘ladi.
Chorvachilikda esa bulduruq ikki tomonlama ta’sirga ega. Bir tomondan, kuchli sovuq havo parazitlar va kasallik qo‘zg‘atuvchilarini kamaytiradi. Ikkinchi tomondan esa yaylov va ozuqa qoldiqlarining bulduruq bilan qoplanishi chorva mollarining oziqlanishini qiyinlashtirishi mumkin. Ayniqsa, qo‘y-yechki va yirik shoxli qoramollar uchun ochiq maydonlarda sovuq urish xavfi ortadi.
Shu bois, mutaxassislar fermer va chorvadorlarga bulduruq kuzatiladigan kunlarda chorva mollarini issiq va pana joylarda saqlash, qo‘shimcha ozuqa zaxirasini ta’minlash, bog‘ va dala ekinlarini esa holatdan kelib chiqqan holda muhofaza qilish choralarini ko‘rishni tavsiya etadi.
Xulosa qilib aytganda, bulduruq – tabiatning qishloq xo‘jaligiga bergan o‘ziga xos sinovi va ayni paytda tabiiy yordami. Uning ijobiy jihatlaridan oqilona foydalanish, salbiy ta’sirlarini esa o‘z vaqtidagi chora-tadbirlar orqali kamaytirish har bir fermer va dehqon uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA