Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Buldozerchi bo‘laman”, degan ijodkor
08:24 / 2023-06-01

Maktabda o‘qib yurgan kezlarimiz “Kim bo‘lsam ekan?» degan mavzuida insho yozardik. O‘quvchi yigitlarning deyarli yarmidan ko‘pi fazogir bo‘lishini yozsa, qizlar aktrisa bo‘lishga qiziqishini bildirishardi.

Kamdan-kam o‘quvchigina ota yoki ona kasbini tanlashini bildirgan. Otasi o‘qituvchi bo‘lishiga qaramay, To‘lqin Eshbek maktabni bitirgunga qadar “Buldozerchi bo‘laman”, deb yurgan. Dastlabki she’riy va nasriy mashqlari, maqolalari tuman, viloyat va respublika gazeta-jurnallarida yoritilganida ham buldozerchi bo‘lish niyatidan qaytmagan.

To‘lqin Eshbekov 1963 yil 1 iyun kuni Samarqand viloyati Ishtixon tumanida ziyoli oilasida tug‘ilgan.

Ishtixon tumanidagi 7-o‘rta maktabni tamomlaganida o‘qituvchilar unga Toshkent Davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti)ga o‘qishga kirish maslahatini berishdi. O‘qituvchilarning tavsiyasiga amal qilgan yosh To‘lqin ToshDUning Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdi va muvaffaqiyatli tamomladi. O‘sha vaqtlarda viloyatdan kelgan talabalar o‘z joylariga qaytib ketishlari shart edi. Toshkentlik bitiruvchilar esa yo‘llanma bilan Sirdaryo, Jizzax yoki Qashqadaryo cho‘llarida kamida 2-3 yil ishlab kelmasa, diplom berilmas ekan. To‘lqin Eshbekka hamisha omad kulib boqqan. Uning gazeta-jurnallarda yoritilgan maqolalarini kuzatib borgan ustozlari Toshkent viloyati Qibray tuman gazetasiga muxbirlikka taklif etishdi. Shu tariqa u 1985 yilda universitetni tamomlab, Toshkent viloyati Qibray tuman gazetasida mehnat faoliyatini boshladi. So‘ng qator yillar “O‘zbekiston sotsial ta’minoti”, “O‘zbekiston matbuoti”, “Gulxan” jurnali, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi, “Navro‘z” nashriyotida ishladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Matbuot guruhida katta konsultant, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnoma”si mas’ul kotibi, Bosh muharrir o‘rinbosari, Bosh muharrir, O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakulteti katta o‘qituvchisi, dekan o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

U 2006 yildan buyon Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti Jamoatchilik bilan aloqalar va reklama kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi. Ustoz 60 yoshni qarshilagan.

Jurnalistika fakultetida u tashkil etgan “Uch ildiz” mahorat maktabida ko‘plab taniqli yozuvchi-shoir va publitsistlarning ijodi o‘rganilmoqda. Internet tarmog‘ida uchildiz.uz saytida sermazmun maqolalari va toʼlqin eshbekov yutub kanali orqali dolzarb mavzudagi videolavhalari muttasil yoritilmoqda.

Uning oltita o‘quv qo‘llanmasi va ikkita darsligini talabalar mutolaa qilib, jurnalistika sohasida nazariy bilimlarini mustahkamlayotgan bo‘lsa, qissa va hikoyalardan iborat “Jigarbandlar” (1992), “Shabada esgan kun” (1992), “Qishloqlik bola qissasi” (1994), “Jaydari hangomalar” (1996), “Adashgan qiz qismati” (2000), hajviy she’rlari jamlangan “O‘zbekning yomoni bo‘lmaydi” (2020), publitsistika, esse va badialari o‘rin olgan “Hayot karvonlari” (2005), “Qutlug‘ qadamlar” (2005), “Samarqand farzandi” (2020), “Olimning beqiyos olami” (2020), hajviya va hangomalar, hikoyalardan iborat “Ikki asr odami” (2022) to‘plamlari, “Korrupsiyasiz hayot zavqi” (2023) deb nomlangan ma’rifiy qo‘llanmasi kitobxonlar qalbidan joy olgan.

Shuningdek, “Generalning mangu yulduzi”, Ahmadjon Meliboyev so‘zboshisi bilan “Adab ahlin ibrati” to‘plamlari nashrga tayyor turibdi. Ayni paytda “Qitiqlaydigan gaplar” deb nomlangan she’riy to‘plami, “Pirimqul Qodirov saboqlari” degan xotira kitobi, “Saratondan sog‘aytirgan sehr” nomli sarguzasht qissa va o‘quv qo‘llanmalari ustida ishlayapti. Bulardan tashqari Pirimqul Qodirov, O‘tkir Hoshimov va Muhammad Alining bir nechta kitoblarini qaytadan nashrga tayyorlab, ularga so‘zboshi yozib berdi.

To‘lqin Eshbek O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, “Do‘stlik” ordeni (2019 yil), qator ko‘krak nishonlari sohibi, Adabiyot sohasidagi Usmon Nosir mukofoti laureati (1993 yil), “Oltin qalam” (2008 yil) mukofoti sovrindori. U Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, xalq deputatlari Toshkent shahar Olmazor tuman Kengashi deputati hamdir.

 

Sharofiddin To‘laganov