Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bulbul qanotidagi bitiklar”
07:05 / 2020-06-12

Har bir yozishma tafsiloti maʼlum kechmishlarda sodir boʻlgan hayot lavhalari tasviri va bu kechmish inson umri sahifalarida bitilgan qadrli, oʻchmas xotiralar mahsuli.

Mutolaa 

Har bir yozishma tafsiloti maʼlum kechmishlarda sodir boʻlgan hayot lavhalari tasviri va bu kechmish inson umri sahifalarida bitilgan qadrli, oʻchmas xotiralar mahsuli. Aynan, xotiralar jamlanib, varaqlar toʻlib, mushohada olamiga yoʻl olar ekan, albatta, oʻz oʻquvchisi qalbiga orom baxsh etishi tabiiy. Jumladan, taniqli yozuvchi tabiat muhofazasi jonkoʻyari-ekolog, etnograf, folklorshunos, adabiyotshunos Gʻozi Rahmon qalamiga mansub “Bulbul qanotidagi bitiklar” hikoyalar toʻplamining “OʼZBEKISTON” nashriyoti tomonidan chop etilishi muallifning kitobxonga atagan bir hovuch javohiri, deb hisoblash lozim.

Gʻozi Rahmon bitiklarining oʻziga xos badiiy qiymati, gʻoyaviy mazmuni va uslubining eʼtirofga molik ijobiy xislatlari qaysi sifatlari bilan ulugʻlanadi, deyilgan savolga javoban: taʼkidlash lozimki, avvalo adibning feʼl-atvorida odamiylik fazilatlarining uygʻunligi, keyin esa uning togʻ yon bagʻrida ulgʻayishi,togʻning oʻtu oʻlanlari, giyohu jondorlarini qalban sevishi, ruhan his qilishi, togʻning har bir soʻqmogʻiyu daralarini poy-piyoda kezib, ming yillar davomida togʻliklar tomonidan toʻqilgan va tillarda doston boʻlib kelayotgan afsona, rivoyat,ertak, maqol, oʻlan, aytishuv va dostonlarning sehrlovchi jozibasini qalbida joylab, gulchambarga oʻrab, oʻquvchisiga tortiq qilishi, soʻng bu manzil-makonda umr guzaronlik qiluvchi el turmush tarzining oʻzgalardan ajralib turuvchi urf-odatlarini, xususan, yerli aholi soʻzlashuv tilining boy leksik sheva xususiyatini mukammal egallagan bilimdon filolog, manbashunos-etnograf mutaxassis sifatida, soniani lmu donishda boligʻligi, orifligi va tiriklik gulshanida oʻtgan umr solnomasida toʻplangan hayotiy tarjibalarning bir butun sharqiroq togʻ irmogʻiga aylanib, hayot deyilmish nahrning ulkan ummonga birlashishidan hosil boʻlgan savtu navo ”Bulbul qanotidagi bitiklar”ning taʼsirchan ruhi va bayon uslubining jozibasini belgilavchi betakror goʻzal vositalar hisoblanadi. Haqiqatda, hikoyalar bilan tanishgan oʻqirman, tanlangan mavzuning badiiy ifoda quvvatini oshirishda adib tomonidan xalq ogʻzaki ijod namunalaridan oʻrinli, maqsadli, samarali foydalanganligining guvohi boʻladi. Ayniqsa, hikoyalarda xalq termalari, aforizmlarning ishlatilishi matnni yoqimli, maroqli, ravon, silliq va bir maromda oʻqilishida xizmat qiladi. Ruhan taskin topgan kitobxon tilimizning latofatidan lazzatlanib hayratga tushishi aniq.

Toʻplam sirasiga kirgan yigirmaga yaqin hikoya, oʻndan ortiq sachratqi, bir necha badialar mavzu jihatdan rang-barang. Har bir hikoyaning syujet qurilmasi, gʻoyaviy-estetik yoʻnalishi bevosita togʻning shukuhli manzarasi va uning atrofida yashovchi xalqlar madaniyati, tili, urf-odati, mashgʻuloti hamda turmush tarzining badiiy bayoni asosida shakllangan afsona, rivoyatlar va zamon ruhi aks etgan real voqelik tasviri.

Jumladan, birinchi hikoya “Kelintosh afsonasi”da voqea turmush qurib, choʻlga koʻchib kelgan togʻli Otamurod va Sumbullarning “...oʻynab-oʻsgan joyini bir umr qumsab...” har bahorda bir oqshom Kelintoshga kelib tunash jarayonida kechgan ichki kechinmalarini muallif moziy bilan bogʻlab, togʻli xalqlar azaldan togʻning siru sinoat va gʻaroyibotlarga toʻla sirli makon sanashib, uni mardlik, jasorat, shijoat, poklik tushunchasi bilan bogʻlab, muqaddasota yurtning viqori sifatida alqab, ardogʻlashlari tasvirga tortiladi.

Yana bir hikoya “Rahmon mergan” (“Bobomning hikoyasi”) nomlanib, Buxoroni tashlab Afgʻonga qochgan amirning xazinachisi Moʻydin mahzum va uning odamlari qizil askarlar taʼqibidan yashirinib, Langarga kelishi bayon qilinadi. Hikoya qahramoni Rahmon merganning boshidan kechirganlari oʻta tabiiy va taʼsirli tasviri bilan oʻquvchini oʻziga maftun etadi.

Gʻozi Rahmonning har bir hikoyasi bir dunyo, shuningdek maʼrifiy ibrat va hikmat. Mavzular tubdan bir-biridan farq qiladi. Masalan, “Enabuloq”deb nomlangan hikoya syujeti oʻta jiddiy hayotiy voqealar hamda iztirob toʻla koʻyinchaklik bilan bayon etilgan lavhalar asosida yaratilgan. Hikoya bayonida chinor ming yoshga toʻlsa oʻz-oʻzidan oʻt chiqishi, katta qishloqqa boshdan-oyoq suv beradigan Enabuloq boʻyidagi chinor yarim tunda badanidan oʻt chiqib, uch kecha-kunduz lovullab yonishi, chinorni kim ekkanligi nomaʼlumligi, uzum pishigʻida qishloqning koʻzga koʻringan ikki muallimi va bir rahbar kayvonisini “xalq dushmani”deb bedarak ketgani, kuygan chinor bolalab, undan yettita shox oʻnib, uyga ustun boʻlguday bir quchoq boʻlib toʻlishgani haqida soʻz boradi. Muallif bu mushahoda orqali yillar oʻtib, zamonlar oʻzgarganini nazarga tutadi. Zukkolik bilan oʻquvchini tafakkur dunyosiga olib kiradi. Xalqimiz qismati bitilgan sahifalarni varaqlaydi. Chinor millatimizning ramzi, yaʼni oʻzbek qadimiy xalq degani. Mustabidlar davronida ne-ne ulugʻlarimizning bedarak, izsiz ketishi, kuygan chinor (qatagʻonga ishora)dan yetti shox oʻnib, voyaga yetishi, yaʼni oʻzbekning qudratli mustaqil millatga aylanishi oʻta hayajonli nozik ichki sezimlar qobugʻida izhor qilinadi.

Kitobdagi har bir hikoyaning gʻoyaviy-badiiy qurilishida shukuhli togʻ nafasi va hayot gulshanidan tarkib topgan siru asrorga toʻla maroqli, sururli lavhalarning aynan oʻz jismida aks etishi, shuningdek,ibratli xulosalar chiqarilishi, adibning yetuk, jonkuyar ekolog, yurtning toshu tuprogʻini ardogʻlab, vasfini olamga tarannum etgan tabiat kuychisi sifatida, ikkinchidan, yozuvchiga xos boʻlgan mahoratning oʻzgacha yana bir jihati hikoyalar tasvirida qoʻllangan badiiy vositalar xususida alohida soʻz yuritish joiz.

Shu nuqtayi nazardan oʻzgacha tasvir vositalari hisoblangan holatlarni quyidagi tartibda raqamlarga ajratish lozim: a) badiiy estetik tasvir vositalarini ifoda etuvchi soʻzlar: zahar qalampirday qip-qizil boʻlib yuradigan birinchi sekretar; kuvida pishgan ayronday koʻpirib; umid oti ancha tolgan; ohuning quloqchalariday dikrayib turgan kiyik oʻt; quloq topsa ogʻzi koʻpirib maqtanadigan ezma chol; choʻliq serka esa bilqillab semirdi, tuyogʻi toshni kemirdi; zigʻir guliday koʻk koʻzlar; issiqxonada ochirilgan joʻja na ”tu-tu”ni, na “kisht”ni bilmagani kabi; barg emas, naq bodomqovoq qizning qayrilma kipriklari ustiga qoʻngan ninachi qanotiday; nikoh toʻyidan keyin toʻyingan kelinchak; ot oʻrniga olov minib yurishni oʻzi boʻlmadi(urush maʼnosida); b) maqollar, aforizmlar: oʻgʻil oʻnga kirdi, ota songa kirdi; mardumning roʻzgʻori tinch boʻlmasa, koʻngli toʻlmas; pulu mol oʻlikkayam, tirikkayam kerak, tirik boʻlsang boqadi, oʻlik boʻlsang koʻmadi; biz qayerning doni koʻp boʻlsa, oʻsha yerning chumchugʻi; moli toʻqning, koʻngli toʻq; yerning nami namga ulashadi; ota soqoli iyagiga bitsa ham nevara, bari bir nevara; kampir shaftoli qoqi yeguncha; himmatli qulga nur yogʻar; poʻpi sochi hilpilladi, ota soqoli silkiladi; boʻri boʻlsang gʻingshima;sabrning sirtiga qanoatning qanotiga oʻtirib;yoʻlni urib, xayr qil; bir tayoq baxt, bir tayoq badbaxt; poygakdan topilsa toʻrga oʻtma; harom luqma-harom tarbiyalab, urchitib beradi;oʻpgan-quchgan, havoga uchgan; qoʻltugʻimdan tuqqanman; ofatni otini tutma, qulogʻi koʻrinadi; ichingga don kirdi, tanangga jon kirdi; zoʻr kelsa momong oʻynar; gunohkorning boshi egik; v) giyoh va oʻsimliklar nomini anglatuvchi soʻzlar: ravoch, andiz, kiyikoʻt, alqor, dubulgʻa daraxti, yantoq, oqquvray, sadaqayragʻoch, sadarayhon, janbil, toʻdana, sumbulsoch va h.g) etnonimlar bu oʻz navbatida: joy nomlari, togʻ jinslari nomi,kosmologik nomlar, mif va asotirga oid nomlar: kelintosh, mansof darasi, qorazov, oxurlik dara, qorovultepa, yomonsoy va h. d) chorvachilikka oid nomlar: tulpor, ot, yoʻrgʻa, taka, serka, oqboʻz(bu sohaga oid atama va soʻzlar koʻp ishlatilgan);ye) parda va darranda oid nomlar matnlarda turli variantda qoʻllangan,j) dealektal- shevaga xos soʻzlar va bir qator boshqa sohaga taalluqli soʻz-nomlar: laxcha choʻgʻ, sambit, qulchummoq (vaqt, hisob maʼnosida), choshkaylik, keraga, yargʻoq kalla, kuyik, dilbuzar, shalpinchogʻ, qasava, oʻmgan, yakka chirgi,sirqindi, shardoz, sirigʻ,lugʻur, irgʻay, joʻrji vashu kabihikoyalar tasviridaqoʻllangan aforizmlar, maqollar, etnonimlar, turgʻun birikmalarni anglatuvchi soʻzlarni saralab,guruhlarga jaratilsa, Chiroqchi tilining dealektal leksik xususiyatini belgilovchi sheva lugʻatini tuzish uchun yordamchi manba boʻlishga loyiq ushbu toʻplam.

Gʻaroyib moʻjizalar makoni sanalmishQalqama togʻlari taʼrif- tavsifi hamda oʻtmish va zamon ruhi aks etgan voqealarning rangba-rang jozibali tasviridan hosil boʻlgan latofatili, maftunkor lavhalar bayoni muallifning estetik olami, mushohada quvvati, ifoda usuli, mahotatining darajasidan dalolat beradi va toʻplam maromiga yetkazilgan badiiy asar sifatida eʼtirofga molik. Gʻozi Rahmon tiniq soʻzi, musaffo qalbi bilan bizni shod etib, doʻstlar davrasini tark etdi. Oxirati obod boʻlsin.

I.Nosirov,

filologiya fanlari nomzodi, dotsent.