Internet maydonida tarqalayotgan bukmekerlik va qimor targ‘iboti nafaqat yoshlarni chalg‘itadi, balki jamiyatning iqtisodiy va ma’naviy barqarorligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shunday sharoitda zararli kontentga nisbatan tizimli choralar ko‘rilishi juda dolzarb.
Raqobat qo‘mitasining bu boradagi faol nazorati jamoatchilik manfaatini himoya qilishdagi muhim qadam. Raqobat qo‘mitasi tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlar yuzasidan doimiy o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.
Reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Bunda bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash (bloklash) choralari ko‘rilmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan vaqtida amalga oshirilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 86 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha Tegishli nazorat organiga ma’lumotlar kiritildi. Shundan 70 ga yaqin saytlar belgilangan tartibda bloklangan.
O‘zbekiston Respublikasi "Reklama to‘g‘risida"gi qonunining 46-moddasiga muvofiq, qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasi taqiqlanadi.
Qo‘mita tomonidan bu yo‘nalishdagi monitoring ishlari tizimli davom ettirilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA