O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgan.
Sir emas, sog‘liqni saqlash tizimi muammolarga to‘la, islohotga muhtoj sohalardan biri. Issiq jon isitmasiz bo‘lmagani bois, aholidan eng ko‘p murojaat tibbiyotga yo‘naladi.
O‘zbekistonda tibbiyotning hozirgi ahvoli qay darajada? Aholiga sifatli va o‘z vaqtida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida qanday chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda?
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2016 — 2022 yillarda davlat byudjetidan sog‘liqni saqlash tizimi uchun ajratilayotgan mablag‘lar qariyb 4 barobar oshirilgan. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga ajratilayotgan mablag‘lar 12 barobarga ko‘paygan.
Joriy yilda hududlarda 22 ta oilaviy poliklinika, 93 ta oilaviy shifokorlik punkti va 394 ta mahalla tibbiyot punkti tashkil etilgan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan davrlarda murakkab operatsiyalar asosan chet ellarda amalga oshirilgan. Xususan, bundan 8-9 yil oldin bolalardagi yurak kardiojarrohlik amaliyotlari faqat Toshkent shahrida, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yiliga 300 ta bolada bajarilgan. Bu ko‘rsatkich kuniga bitta boladan to‘g‘ri keladi. Bugunga kelib, 2,5 mingta yurak operatsiyasi nafaqat Toshkent shahrida, hatto viloyatlardagi tibbiyot muassasalarida ham o‘tkazilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2022 yildan boshlab, yiliga bir marta 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan aholining salomatlik profilini baholash, 40 yoshdan oshgan aholini oilaviy poliklinika va tibbiyot brigadalari orqali yiliga kamida bir marta manzilli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazish, yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bemorlarning yagona elektron reyestrini yuritish hamda ushbu turdagi kasalliklari mavjud “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da bo‘lgan 200 mingdan ziyod aholiga enalapril (Enalapril) dori vositasini bepul tarqatish hamda ehtiyojga ko‘ra, tuman (shahar) shifoxonalari laboratoriyalarini koagulometr uskunasi hamda zarur reaktivlar bilan to‘liq ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan.
Tegishli ro‘yxatga ko‘ra, bemorlarga jami 520 ta tashxis, 28 ta diagnostik tekshiruv, 46 ta laborator tahlil, 235 turdagi dori vositasi, 27 ta operativ davo hamda 76 ta tibbiy buyum davlat hisobidan bepul taqdim etilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bemorlarning ovoragarchiligini kamaytirish, korrupsiyaning oldini olish hamda order berish jarayonida shaffoflikni ta’minlash maqsadida imtiyozli orderlar elektron tizimga o‘tkazildi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham ijtimoiy sohalarda boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish, aholi salomatligini ta’minlash maqsadida tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etishga erishish, respublikada gemodializ o‘rin joylari bilan bemorlarni to‘liq qamrab olish, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni 2 barobarga qisqartirish hamda har yili 55 va undan katta yoshdagi aholini 100 foiz tibbiy profilaktik ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish kabi bir qancha ustuvor vazifalar belgilab berilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA