Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini kuchaytirish hamda biznesga jalb etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Partiyaning Namangan viloyati kengashi ayollar muammolarini o‘rganish va ishbilarmonligini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi tomonidan tashkil etilgan “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasida navbatdagi seminar-trening ham xotin-qizlarning biznes sohasiga qiziqishini oshirish va ularni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirishga qaratildi.

Namangan davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tgan seminar-trening avvalida xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi, O’zLiDePning viloyatdagi tashkiloti rahbari Solijon Mo‘minov ishtirokchilarga tadbirdan ko‘zda tutilgan vazifalar haqida batafsil to‘xtaldi.

Tadbirda xotin-qizlar orasida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi o‘rni va nufuzini oshirish, yosh avlodni zamonaviy ishbilarmonlik tajribalariga yo‘naltirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Muloqotda xususiy tadbirkorlikda yutuqlarga erishgan, “Shuhrat” medali sohibasi hamda “Ishbilarmon ayol – 2025” tanlovining hududiy bosqichi g‘olibasi Hakima Toshmatova o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.


Qizg‘in muloqot tarzida kechgan uchrashuvda qatnashchilar o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirib, amaliy savollariga mutaxassislardan javoblar oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.