Guliston shahridagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida bitiruvchi qizlar uchun o‘tkazilgan “Bugunning tadbirkor ayoli” loyihasi doirasidagi davra suhbati yoshlar uchun haqiqiy ruhlantirish manbai bo‘ldi. Ushbu tadbir O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat va Guliston shahar Kengashlari tashabbusi bilan tashkil etildi.
Uchrashuvda 2023 yilda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi g‘olibasi, “Shuhrat” medali sohibi, tuman Kengashi deputati va “Bolg‘ali qilich aka” fermer xo‘jaligi rahbari Gulchehra Qarshiboyeva ishtirok etdi. U bitiruvchi qizlarga o‘z hayotiy tajribalari va faoliyat yo‘lidagi mashaqqatlar haqida hikoya qildi.

– Har bir yigit-qiz mehnatsevar va izlanuvchan bo‘lsa, hayotda orqada qolmaydi, – dedi Gulchehra Qarshiboyeva. – Mening faoliyatim qiyinchiliklar bilan boshlangan bo‘lsa-da, mehnat va qat’iyat tufayli bugun 50 nafardan ortiq ish o‘rni yaratganman. Yoshlarda imkoniyatlar ko‘p, ammo ishonchsizlik va cho‘chish orqada qolishga olib kelishi mumkin.

Qarshiboyeva rahbarligidagi xo‘jalikda yuqori samaradorlikka erishilmoqda: paxtadan gektariga 32–40 sentner, g‘alladan esa 80–100 sentner hosil olinmoqda. 2024 yilda 36 gektardan 137 tonna paxta va 44 gektardan 118 tonnadan ortiq don yig‘ib olingan. Shuningdek, 1,2 tonna pilla yetishtirilib, xo‘jalik rentabelligi 28 foizdan 58 foizga oshdi.

Fermerning mehnati natijasida sof daromad 512 million so‘mni tashkil etdi. Daromad hisobiga ikki traktor, uch tirkama, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari hamda elektr avtomobili sotib olindi. Bir ishchiga uy qurildi, boshqa xodimlarga esa 50 million so‘mlik homiylik ko‘rsatildi. Mahalladagi kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam va oziq-ovqat tarqatildi. Gaz quvurini yangilash va to‘ylar o‘tkazishda ko‘rsatilgan saxovatli ko‘mak ham keng jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Xo‘jalikda 50 nafar doimiy ishchi bilan birga mavsum davomida 60 nafargacha qo‘shimcha ishchi jalb etilmoqda. Bu esa nafaqat ish o‘rinlari yaratish, balki yoshlar uchun namuna va ilhom manbai bo‘lishini ham ko‘rsatadi.
– Rosti, Gulchehra Qarshiboyeva yutuqlari ortida mashaqatli mehnat va vatanga bo‘lgan muhabbat yotganini angladik, – deydi texnikum talabasi Shahnoza Rahimova. – Uchrashuv qizg‘in, savol-javoblarga boy bo‘ldi. Biz bitiruvchilar katta rag‘bat oldik.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri