Joriy yilning yanvar oyida O‘zbekistonda kechgan anomal sovuq ob-havo sharoitida obodonlashtirish, energetika, gaz, issiqlik quvvati, suv ta’minoti korxonalari vakillari tunu kun alohida jonbozlik va fidoyilik bilan mehnat qilib, ta’bir joiz bo‘lsa, qahramonlik ko‘rsatdi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab ana shunday insonlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy aksiya amalga oshirilmoqda.
Mazkur aksiya doirasida poytaxtimizda ham gaz, elektr va suv ta’minoti singari kommunal xizmat ko‘rsatish idoralarining noqulay ob-havo sharoitlariga qaramay o‘z xizmat vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan zahmatkash ishchi-xodimlari mehnati kasaba uyushmalari tomonidan munosib rag‘batlantirilmoqda.
Jumladan, murakkab ob-havo sharoitida turar-joylardagi elektr tarmoqlaridagi turli nosozliklarga barham berish, yer osti va yer usti gaz tarmoqlarini ta’mirlash, turli avariya holatlarining oldini olish ishlarini amalga oshirayotgan ishchi-xizmatchilarga yurtimizning turli hududlarida joylashgan sanatoriylarga bepul yo‘llanmalar topshirilmoqda.
Toshkent shahri tumanlaridagi elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislarining turli mahallalar, korxonalar, ijtimoiy ob’ektlarda energetika ta’minoti bilan bog‘liq profilaktika ishlarini kuchaytirish, bunday mas’uliyatli jarayonda turli nosozliklarning oldini olish bilan bog‘liq ishlarni olib borayotganiga guvoh bo‘ldik.
Rustam Gabitov 2014 yildan buyon Shayxontohur tumanidagi elektr tarmoqlari korxonasida elektromontyor bo‘lib xizmat qiladi.
– Yanvar oyidagi sovuq kunlarda elektr tarmoqlari juda katta yuklama bilan ishladi, – dedi Rustam Gabitov. – O‘z-o‘zidan bu elektr energiyasi ta’minotidagi ko‘plab uzilishlar, transformatorlar ishining izdan chiqishiga olib keldi. Ba’zan sutkalab uyga bormay ishlashga, duch kelgan nosozliklarni bartaraf etishga to‘g‘ri keldi. Mahallalar, ko‘p qavatli uylarda muttasil ish olib bordik. Joylarda elektr ta’minotini tiklashga qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Ochig‘i, o‘sha kunlari bizning xonadonimizda ham gaz va elektr ta’minotida tez-tez uzilishlar bo‘lgani sababli turmush o‘rtog‘im va farzandlarim bir oz muddatga buvisining uyiga borib yashashiga to‘g‘ri kelgan edi.
Darhaqiqat, o‘sha sinovli kunlarda kommunal soha vakillari har qachongidan ham ko‘ra ko‘proq fidoyilik va yuklama bilan mehnat qildilar. Aytish mumkinki, ular ob-havo sharoiti qanday bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z vazifalarini katta mas’uliyat bilan ado etishiga mazkur reportajni tayyorlash jarayonida yana bir karra guvoh bo‘ldik. Ko‘plarimiz uy-joyimizda o‘tirib, “gaz yo‘q, chiroq yo‘q”, deb yozg‘irib o‘tirgan bir paytda kommunal, yo‘l-patrul, obodonlashtirish sohalarining ishchilari tunni kunga ulab, chin ma’noda qahramonlarcha qahraton ob-havo sharoitida xonadonlarimiz, korxona va muassasalar, shifoxonalar, tibbiyot maskanlarining yorug‘ va issiq, yo‘llar xavf-xatarsiz bo‘lishi uchun qo‘ldan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga soldilar.
– Qo‘ldan kelganicha gaz bo‘yicha nosozliklarni o‘z vaqtida bartaraf etishga harakat qildik, – dedi Toshkent shahar “Hududgazta’minot” tashkilotining gaz-payvandchisi Asror Shomirzayev. – Mehnatlarimiz qadrlanib, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan sanatoriylarda dam olish uchun bepul yo‘llanmalar topshirilganidan juda mamnun bo‘ldik.
Aytish joizki, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining kommunal, obodonlashtirish, energetika, gaz, suv tarmoqlari va boshqa tizimlardagi ishchi-xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ijtimoiy aksiyasi yurtimiz bo‘ylab davom etmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri