Kitob – ma’naviy xazina, shaxs kamolotida muhim o‘rin tutuvchi vosita. Insoniyatning buyuk kashfiyotlaridan hisoblangan kitob – bilimlar manbai, dunyoni bilish va o‘zlikni anglashga olib boruvchi mayoqdir. Shu sababli ham butun dunyoda kitobxonlikka alohida e’tibor beriladi, tarixiy kutubxonalarga hurmat bilan qaraladi.
Yurtimizda ham keyingi paytda kitobxonlikni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga davlat siyosati darajasida yondashilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yosh kitobxon” tanlovi yoshlarimizni kitobga bo‘lgan mehrini, qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Xo‘sh, natijalar kutilganidek bo‘lyaptimi? Sarflanayotgan millionlab mablag‘ o‘zini oqlayaptimi? Chindan ham kitobxonlik ommalashib bormoqdami?

Shahar markazidagi kutubxonada mo‘ysafid otaxon olayotgan kitoblar e’tiborimni tortdi, ular orasida bolalar uchun adabiyotlar ham bor edi. “Nevaralarim uchun”, deya javob berdi qiziqib so‘ragan savolimga. Uning aytishicha, nevaralari maktabning boshlang‘ich sinfida o‘qirkan. Dastlab kitob do‘konlaridan rasmli kitobchalar olib borib, bolalarni kitobga qiziqtirgan, ularni avaylab-asrashga, yirtmasdan mutolaa qilishga o‘rgatgan. Endilikda kutubxonadan kitoblar olib borib berarkan.
Ha, kitobxonlikni birinchi navbatda oilada ommalashtirish zarur. Agar kattalar kitob, gazeta-jurnal o‘qisa, jajjilarda ham qiziqish paydo bo‘ladi. Ayniqsa, tug‘ilgan kunlarda kitob sovg‘a qilishni odatga aylantirish kerak. Oilaviy davralarda turli asarlar, maqolalar yuzasidan fikr almashish, ertak, hikoya qahramonlari xatti-harakatini tahlil qilish, bu borada bolalarni fikrlashga o‘rgatish muhim.
– Uyimda mingdan ziyod turli janrdagi kitoblar bor. Farzandlarim shu kitoblar orasida ulg‘aydi, nevaralarim ham mutolaa zavqini tuyib katta bo‘lyapti, – deydi Farg‘ona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Mahfuzullo Rahmonov. – Har hafta ular bilan o‘zlari o‘qib tugatgan asarlari yuzasidan suhbatlashaman. Kitob muallifi, asar g‘oyasi, voqealar rivoji bo‘yicha savol-javob qilamiz. O‘g‘il-qizlarimning hammasi oliy ma’lumotli, nevaralarimning ilmga chanqoq, dunyoqarashi keng bo‘lishida kitoblarning o‘rni beqiyos.

Biroq besh qo‘l barobar emas. Farzandi yoki nevarasi tanlovda ishtirok etib, bir dasta kitob bilan eshikdan kirib kelganda “G‘oliblarga biror buyum berishsa bo‘lmaydimi, qurumsoqlar” deya kutib oladigan, televizorda namoyish qilinadigan maza-bemaza seriallarni tomosha qilishdan narini bilmaydigan, bozor-o‘charga tushganda jajjilarning kitoblar tomon uzatgan qo‘llarini qayirib tashlaydigan, topgan-tutganini hashamat-u, buyumlarga sarflab, shu bilan faxrlanadigan ota-onalar kammi?!
Kitob insonning fikrlash doirasini yuksaltirish, olam va odam haqidagi bilimlarini boyitish bilan birga, qalbini poklaydigan buyuk kuchga ham egadir. Kitob ma’naviy ozuqa ekan, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini, jamiyatning ma’naviy kuchini oshirishimiz zarurligini bugungi talato‘p davrning o‘zi ko‘rsatib turibdi. Kitob o‘qishni ma’naviy ehtiyojga aylantiradigan vaqtga yetib keldik. Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘ngilni xira qiluvchi xabarlar, boqimandalik kayfiyatidagi chiqishlar, axloq va odob normalariga rioya qilmasdan bir-birini haqoratlash, ba’zi postlardagi g‘ij-g‘ij imlo xatolar savodsizlikdan boshqa narsa emas. Savodsizlik bilimsizlikdan, bilimsizlik esa kitob o‘qimaslikdan kelib chiqadi.
To‘g‘ri, ta’lim muassasalarida, maktablarda kutubxonalar bor. Mutasaddilar yoshlar kitobxonligi uchun turli usullardan foydalanadi, targ‘ib qiladi. Lekin ota-ona tomonidan sovg‘a tariqasida beriladigan, aka-ukalar o‘rtasida “oldi-berdi” qilinadigan kitob ko‘proq ahamiyatli bo‘ladi. Oilada ommalashgan kitobxonlikning o‘rni boshqacha. Bunda, ayniqsa, onalarning o‘rni bo‘lakcha. Fransuz faylasufi Jan Pol shunday degan edi: “Siz bizga yaxshi onalarni bering, biz sizga yaxshi farzandlarni beramiz”. Demak, har bir ona jamiyatga yaxshi farzandni kamolga yetkazishi uchun mas’ul ekanligini his etishi va o‘zining dunyoqarashini, bilim va ko‘nikmalarini oshirib borishi, bolalar uchun o‘rnak bo‘lishi juda muhim.
Bir so‘z bilan aytganda, kitobxonlik oiladan boshlanishi shart va bu bugungi kunning dolzarb, kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalaridan biridir. Agar hozirdan bu amalni yo‘lga qo‘ymasak, ertaga kitobdan, mutolaadan yiroqlashgan, qalbi boylik, quruq hashamatga to‘la, “bilimsizlik – ayb emas” degan aqidaga o‘rgangan farzandlarni iziga qaytarish mushkul bo‘ladi.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri