English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugungi taklif – ertangi natija: “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhokamasida ishtirok etish fuqarolik burchimiz
17:46 / 2026-01-05

Munosabat

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, iqtisodiyotini liberallashtirish, aholi bandligini ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda davlat boshqaruvini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevorini yaratdi.

Ana shu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatni o‘rta muddatda rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ushbu strategiya jahon amaliyotida keng qo‘llanilayotgan “maqsad – harakat – natija” tamoyiliga asoslangan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, davlat siyosatining aniq maqsadlariga erishishni ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish, ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimlarini tubdan yangilash, ekologik barqarorlikka erishish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish hamda mamlakat suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash ustuvor vazifalar etib belgilandi.

Strategiya doirasida amalga oshirilgan islohotlar qisqa vaqt ichida sezilarli ijobiy natijalarni berdi. Xususan, kambag‘allik darajasining 11 foizdan 5,8 foizga tushishi, yalpi ichki mahsulot hajmining 145 milliard dollarga yetgani, eksport va xorijiy investitsiyalar hajmining izchil o‘sishi mamlakat iqtisodiy salohiyati mustahkamlanayotganini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, ishsizlik darajasining pasayishi, turizm sohasidagi o‘sish hamda O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqei yaxshilanishi amalga oshirilayotgan islohotlarning samaradorligini tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, o‘tkazilgan tahlillar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ayrim samaradorlik ko‘rsatkichlari o‘z dolzarbligini yo‘qotayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, amaldagi 444 ta ko‘rsatkichning muayyan qismi vazifa yoki topshiriq sifatida shakllangani, ayrimlarida esa natijadorlik yetarli darajada aks etmagani strategiyani qayta ko‘rib chiqish zarurligini taqozo etmoqda.

Bundan tashqari, jahonda yuz berayotgan global o‘zgarishlar, xalqaro bozorlardagi beqarorlik, texnologiya va sanoatning jadal rivojlanishi, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik sohalarining dolzarbligi O‘zbekistondan mutlaqo yangi yondashuvlarni talab etmoqda. Aholi sonining o‘sishi, urbanizatsiya jarayonlarining tezlashishi, bandlik va daromadlar masalasi ham strategik rejalashtirishda inobatga olinishi lozim bo‘lgan muhim omillardir.

Qolaversa, bu galgi Prezident farmonida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilishi ustidan qat’iy va tizimli monitoring o‘rnatish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Respublika komissiyasiga strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash, barcha mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi.

Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining o‘z vaqtida ishlab chiqilishi nazorat qilinishi, Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda tegishli tashkilotlar tomonidan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish monitoringining yo‘lga qo‘yilishi davlat boshqaruvida natija va hisobdorlikni oshirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan strategiya ijrosini har oy va har chorakda tanqidiy muhokama qilish amaliyoti joriy etilgani mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligini kuchaytiradi. Bu esa islohotlarning qog‘ozda emas, amalda bajarilishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadam hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan kompleks va tizimli dastur hisoblanadi. Uni global tendensiyalar va zamonaviy chaqiriqlarga mos ravishda takomillashtirish, samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayta belgilash hamda qat’iy monitoring mexanizmlarini joriy etish orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishi, xalq farovonligi va xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini yanada oshirishga mustahkam zamin yaratiladi.

Shu bois, parlament a’zosi hamda xalq vakili sifatida har bir yurtdoshimizni “Mamlakatning 2030 yilgacha mo‘ljallangan taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni hamda 2026 yilgi Davlat dasturi muhokamasida o‘z taklif va fikrlari bilan faol ishtirok etishga chaqiraman.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

 Mehnat, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA