Bugungi sifatli fan, taʼlim - ertangi kelajak
Shunday gap bor – taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda inson aqlu zakovatisiz oʻz oʻrniga ega boʻlishi amri mahol.
Shunday gap bor – taraqqiyot manzili sari oshiqayotgan jamiyatda inson aqlu zakovatisiz oʻz oʻrniga ega boʻlishi amri mahol.
Rivojlangan mamlakatlarning taraqqiyot yoʻliga nazar tashlasak, ularning aksari ilm-fan rivoji va iqtidorli yoshlari bilan shu darajaga yetganiga guvoh boʻlamiz. Zero, buyuklar aytganidek, bugun katta moddiy boyliklarga ega oʻlkalar emas, iqtidorli va salohiyatli yoshlari bor davlatlargina chinakam farovonlikka erishmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston rivojlanishining yangi bosqichida barcha soxalarda islohotlar amalga oshirib kelinyapti. Bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati shakllanmoqda. Globallashuv jarayoni har bir davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqishni va roʻyobga chiqarishni talab qiladi.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan 2017-2021-yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi va 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va kasb-hunar taʼlimi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5313-son, “Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli Farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining 2019-yil 8-oktyabrdagi PF-5847-sonli farmonlarini yaratilishi yangi Oʻzbekiston taʼlim tizimini barpo etishda katta rol oʻynamoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmonida: “Oʻzbekistonning 10 ta oliy taʼlim muassasasi 2030-yilga borib xalqaro tashkilotlar mingtaligidan joy olishi kerak”. Bu vazifa, butun jamiyatga kuch bagʻishlashi tayin. Xuddi shu tarixiy xujjatda: “Uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, oliy taʼlim tizimini rivojlantirish quyidagi ustuvor yoʻnalishlar asosida amalga oshiriladi:
- oliy taʼlim bilan qamrovni kengaytirish, oliy maʼlumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish;
- taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalar va zamonaviy usullarni joriy etish;
- oliy taʼlim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, ilm-fanning innovatsion infratuzilmasini shakllantirish;
- maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar taʼsirchanligini oshirish;
Xususan, taʼlimning rivoji bilan butun bir davlatning kelajagini belgilash mumkin. Respublikamizdagi taʼlim sohasining rivojlanishida biz albatta rivojlangan xorijiy davlatlar tajribalaridan keng foydalanishga katta eʼtibor berishimiz zarur.
Shu boisdan davlatimizda tashkil etilgan dunyoning eng salohiyatli oliy oʻquv dargoxlaridan Angliyaning Vestministr universiteti, Italiyaning Turin politexnika instituti, Singapur menejmentni rivojlantirish oliygohi, Janubiy Koreyaning INXA kommunikatsion texnologiyalar universiteti, Rossiyaning Gubkin nomidagi neft va gaz universiteti, Lomonosov universiteti va G.V.Plexanov nomli iqtisodiyot universiteti filiallarining tashkil etilgani ham taʼlim tizimining jahon talablariga mos rivojlanishi omili hisoblanadi.
Jahon taʼlim sohasidagi eng ilgʻor yutuqlarni kuzatganimizda ularda mavjud boʻlgan innovatsiyalarni joriy etishimiz milliy taʼlim tizimimizdagi ijobiy oʻzgarishlarga olib keladi. Shunga koʻra quyida biz jahonda rivojlanish darajasi yuqori koʻrsatkichlarni egallagan davlatlar tajribasini koʻrib oʻtamiz.
Masalan, maorifga ulkan sarmoya kiritib, yuksak natijalarga erishayotgan davlatlardan biri – Singapurdir. Singapur Buyuk Britaniya mustamlakasi boʻlgan davrda uning sanoati asosan mineral yoqilgʻi va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan edi. Shunga qaramay, oʻsha davrdayoq taʼlim tizimini rivojlantirishga katta eʼtibor qaratildi. Singapur ilmiy-texnik rivojlanish sohasida jahonda yetakchi mamlakatlardan biriga aylandi.
Ayni paytda bu mamlakat yer sharida 10 ming kishi hisobiga olimlar koʻpchilikni tashkil etadigan besh mamlakat qatoridan joy olgan. Singapur yalpi ichki mahsulotga nisbatan ilmiy-tadqiqot va tajriba konstruktorlik ishlariga mablagʻ sarflash darajasi boʻyicha oʻzining sobiq mustamlakachisi Buyuk Britaniyadan xam oldinda turadi. Singapurda boshlangʻich maktab majburiy va pullik. Taʼlim vazirligi byudjeti, Mudofaa vazirligidan keyin ikkinchi oʻrinda. Singapurdagi oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash tizimi ularga oʻz-oʻzini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Jumladan, barcha oʻqituvchilarning 35 foizi har yili rahbar lavozimiga saylanadi.
Dunyo taʼlim yoʻnalishlarida Janubiy Koreya taʼlim tizimi ham yetakchi oʻrinni egallaydi. Bugun uning ilmiy salohiyati yana-da shiddat bilan yuksalmoqda. Bu fikrlarning isboti sifatida Ilmiy yuksalishni baholash xalqaro tashkiloti (IAEP) tomonidan 2015-yil 19 mamlakat talabalari orasidan 18 yoshli oʻsmirlar uchun egallangan taʼlim sifatini ifodalovchi manitoring tadqiqotlarida Janubiy Koreya yoshlari birinchi oʻrinni egalladilar. Bundan keyingi besh yillikda ham ular asosiy oʻrinlarda qolishmoqda. 1970-yillarga kelib Janubiy Koreyada taʼlimning rivojlanishi boshqa rivojlangan davlatlar tizimidan import qilish koʻrinishida shakllandi. Janubiy Koreyada bu xolat asosan AQSH taʼsiri negizida yuz berdi.
Janubiy Koreyada majburiy umumiy oʻrta taʼlim 6 yildan iborat boʻlib, taʼlim 7 yoshdan boshlanadi. Taʼlimning keyingi bosqichi boʻlgan kasbga yoʻnaltirish 13 yoshdan boshlanadi. Oʻzbekistonda esa oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi 16 yoshdan boshlanadi.
Bugungi kunda Janubiy Koreya taʼlim tizimida erishilayotgan yuqori natijalar omili quyidagilar:
- Koreya xalqida taʼlimga boʻlgan ishtiyoqning yuqoriligi;
- Taʼlim tizimida pedagoglarning aksariyati erkalardan iborat ekanligi tizimning qatʼiy rivojlanish omili boʻlib xizmat qiladi;
- Yoshlarning taʼlim olishida ularning ota-onalari ham doimiy yordam berishadi.
Milliy jihatdan umuminsoniy xususiyatlarga ega boʻlgan yana bir Osiyo davlati – Yaponiya taʼlim tizimi va u erishayotgan yutuqlari oʻrgansa boʻladigan jixatlarga ega.
Yapogniya taʼlim tizimi 1949-yilda qabul qilingan 6+3+3+2/4 shaklidan, yaʼni 6 yillik boshlangʻich taʼlim, 3 yillik oʻrta taʼlim va yana 3 yillik maxsus malakani beruvchi taʼlim bosqichidan iborat boʻlgan. Bugungi kunda Yaponiya taʼlim tizimining boshqaruv strukturasi barcha taʼlim tizimlari muassasalari faoliyati uchun yagona Taʼlim, madaniyat, sport, fan va texnologiyalar vazirligi (MEXT) orqali boshqariladi. Bu vazirlikka umumiy oʻrta, oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimi va oliy taʼlim muassasalari boʻysinadi. Yaponiya taʼlim tizimi markazlashgan koʻrinishga ega.
Bugungi kunda Yaponiyada erishilayotgan yuqori koʻrsatkichlar sababini mutaxassislar quyidagi xususiyatlarda deb koʻrsatmoqda:
- Yapon taʼlim tizimining ilk bosqichlardayoq ilmiy tajribalar bilan shugʻullanish va kashfiyotchilik xususiyatlarining oʻquvchida rivojlanib borishiga turtki boʻladi;
- Yapon taʼlim tizimida xususiy sektor xajmining ortishi xususiyati, boshqa soxalardagi kabi raqobat muxitini rivojlanganligi;
- Xalqaro xususiyatlarning mavjudligi, barcha taʼlim muassasalarida imtixon va test sinovlari ingliz tilida yapon tili bilan bir xil darajada amalga oshirilishi va taraqqiy etgan Yevropa davlatlari tajribalari til orqali yana-da tezroq oʻzlashtirilayotganligi;
- Ilmiy tadqiqot tashkilotlari bevosita taʼlim tizimlarida faoliyat olib borib taʼlim muassasalari faoliyati natijalariga ularning masʼulligi va toʻgʻridan-toʻgʻri javobgarligi bilan ilmiy yangiliklar amaliyotga tezkor tadbiq etilayotganligi;
- Taʼlim tizimi oʻquv dasturlari xar yilda yangilanishi va takomillashtirilishi xususiyati fan yoʻnalishlaridagi zamonaviy yangiliklar, oʻzgarishlarning oʻquv dasturlarda aks ettirilishi taʼlim mazmunining yildan-yilga mazmun-mohiyati takomillashib borayotganligi;
- Taʼlim tizimi bosqichlari jarayonlaridagi imtixon nazoratlari talablarining yuqoriligi va keskin choralar koʻrilishi xususiyati oʻquvchilarda masʼuliyatni oshirishga sabab boʻladi yagona taʼlim tizimi boshqaruvi orqali kasbga yoʻnaltirish jarayoni ham har bir oʻquvchi bilim qobilyatiga asosan ixtisoslashtirish talablari asosida maʼlum yoʻnalish boʻyicha taʼlimning keyingi tizimlariga oʻtkazilishi muhim jihat hissoblanadi.
Bugun taʼlim iqtisodiy va ilmiy-texnik taraqqiyotning hal qiluvchi omili, jamiyatning ijtimoiy tuzilmasini shakllantirish, unda ijtimoiy maqomlarni taqsimlash mexanizmi hisoblanadi. Buni ayni paytda xorijiy davlatlarda taʼlim tizimini rivojlantirish va takomillashtirish orqali yuksak bilim va koʻnikmalarga ega kadrlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratilayotganligidan ham tushunish mumkin.
“Bugungi kunda ilm-fan taraqqiyotga kimlar koʻp hissa qoʻshmoqda? -degan savolga “Newzo” maʼlumotlariga asoslanib - AQSH va Xitoy deyish mumkin. Ilmiy jurnallarda chop etilayotgan har toʻrtinchi maqola muallifi - amerikalik, har besh-oltinchi maqola - xitoylikniki. Dunyo iqtisodiyoti tizgini ilm-fanda yetakchi bu ikki mamlakat izmida - bu tasodif emas. Shartli ravishda “kuchli oʻnlik” tuzadigan boʻlsak, keyingi oʻrinlarda Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Hindiston, Fransiya, Kanada, Singapur va Janubiy Koreya. Yuqoridagi davlatlar va ular joylashgan mintaqalarning har bir sohada yuksak darajada rivojlanganligi va rivojlanayotganligi, albatta, ilm-fan asosidadir”.
Darhaqiqat, soʻngi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida har bir soha rivojlanishga asos boʻlib xizmat qiladigan ilm-fan va taʼlimda ham koʻplab qaror va farmonlar chiqarilmoqda va qoʻshni mamlakatlar hamda rivojlangan mintaqa davlatlari bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik olib borilmoqda.
Xulosa va takliflar
1. Oliy taʼlimni rivojlantirish milliy strategiya ustuvorliklari bilan belgilanadi. Mehnat taqsimotida oliy taʼlim sifatini oshirish hamda imkoniyatlarini kengaytirish taqozo etiladi. Bu esa rivojlanib borayotgan innovatsion iqtisodiyotda insonlarning toʻlaqonli ishtirok etishi va shu yoʻl bilan oʻz farovonligini taʼminlash imkonini beradi.
2. Bugungi kunda oliy taʼlimdan ilmiy-texnik yutuqlar va innovatsiya sohasida yuqori darajali qoʻshimcha qiymatni yaratish qobiliyati talab etilmoqda. Bunda oliy taʼlim sifati iqtisodiy barqarorlik kafolati hisoblanadi.
3. Oliy taʼlim sifatini iqtisodiy jihatdan tahlil etish, moliyaviy, iqtisodiy va boshqaruv muammolarini aniqlash, OTMning tashqi va ichki omillarining doimiy oʻzgarishi sharoitida belgilangan maqsadlarga erisha olish qobiliyatini baholash va prognozlash iqtisodiy diagnostikaning qoidalariga qatʼiy rioya qilishni talab etadi. Shu jihatdan, iqtisodiy diagnostika orqali sarflanadigan xarajatlarning taʼlim sifatiga taʼsirini aniqlash va kutilayotgan samara bilan taqqoslash muhim ahamiyat kasb etadi.
4. Oliy taʼlim sifati iqtisodiy diagnostikasi va uni modellashtirish murakkab jarayon hisoblanadi. Mazkur jarayon turli xil mazmundagi koʻrsatkichlarni birlashtirishda sodir boʻladi (masalan, taʼlim xizmatlari hajmi va ilmiy mahsulotlar hajmi). Bu holda turli koʻrsatkichlar uchun umumiy boʻlgan oʻlchov birligini topish lozim. Bunday hollarda natijani shakllantirishda qatnashmaydigan koʻrsatkichlar ham roʻyxatga kiritilgan boʻlishi mumkin. Shuning uchun natijaviy koʻrsatkichlarni shakllantirish juda murakkab masala boʻlib, gorizontal (alohida oʻqituvchi faoliyatiga umumiy baho berish) hamda vertikal (kafedra, fakultet va OTM boʻyicha umumlashgan koʻrsatkich) boʻladi.
5. Moddiy ishlab chiqarish sohasida agregatlash koʻpincha baholar yordamida amalga oshiriladi. Lekin shunda ham agregatlash jarayonida axborotning qisman yoʻqotilishi sodir boʻladi. Chunki, hatto baho ham ishlab chiqarishning barcha natijalarini toʻliq ifodalay olmaydi. Taʼlim sohasida esa bu boradagi vaziyat ancha murakkabroq. Taʼlim xizmatlari uchun kelib tushgan daromad bilan ilmiy mahsulot uchun olingan daromadni umumlashtirib yagona integral natija sifatida olib qarash xato boʻlmaydi. Lekin, bu jarayonda professor-oʻqituvchilarning sifat jihatidan yaxshilanishi, OTMda bilim resurslari koʻproq darajada jamgʻarilishi, OTMning jamiyatdagi koʻplab jarayonlarga ijobiy taʼsiri eʼtibordan chetda qoladi. Shuning uchun ham natijalarni oʻrganib chiqishda sifat tahlili doimo zarur boʻladi.
6. Bozor munosabatlari sharoitda OTMning iqtisodiy barqarorligini taʼminlaydigan bazaviy omillardan biri – taʼlim sifatidir. Shu nuqtayi nazardan iqtisodiy diagnostikani oliy taʼlim sifatining tarkibiga kiruvchi muhim komponent, deb qaralishi mumkin va uning keng koʻlamda amalga oshirilishi OTM faoliyati umumiy diagnostikasining ishonchli va samarali oʻtkazilishiga taʼsir koʻrsatadi.
7. Oliy taʼlim sifati iqtisodiy diagnostikasini ishonchli va samarali oʻtkazish qoʻyidagi tadbirlarni amalga oshirishga bogʻliq:
· OTM faoliyatini taʼminlovchi resurslarning rasmiy tasnifini belgilash va ularning statistikasi olib borilishi;
· taʼlim sifatini ifodalovchi koʻrsatkichlar tizimini ishlab chiqish va statistikasini yuritish;
· OTMlar reytingini aniqlashda rasmiy statistika tan olgan koʻrsatkichlarga tayanish;
· OTMning taʼlim xizmatlari hajmi va sifati, professor-oʻqituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati va ilmiy faoliyat natijalari boʻyicha integral koʻrsatkichlarni ishlab chiqish va amalda qoʻllash.
Azizxon Ahmedov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining
Fan-taʼlim masalalari qoʻmitasi aʼzosi