English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugungi qishloq ayolining baxti nimada?
16:50 / 2023-10-15

15 oktyabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni

Bugungi global iqlim o‘zgarishi sharoitida qishloq xo‘jaliklarida mahsulotlar yetishtirish, qayta ishlashga munosib hissa qo‘shayotgan xotin-qizlar ko‘p. Ularning faoliyati, hayoti va muammolariga e’tibor qaratish, ta’lim olishi, mehnat qilib farovon turmush kechirishi uchun dunyo miqyosida e’tibor qaratib kelinmoqda.  

Shu o‘rinda qishloqda yashovchi ayollarni zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoyalash, gender tenglikni ta’minlashga chorlovchi xalqaro bayram kunlari ham belgilangan bo‘lib, bu 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kunidir. Ushbu kun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi "Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash" to‘g‘risidagi rezolyutsiyasiga asosan keng miqyosida nishonlanadi.

Darhaqiqat, O‘zbekiston va BMTning qishloq ayollarini qo‘llab-quvvatlash, siyosiy jarayonlarda erkin ishtirok etishi, ta’lim va boshqa yo‘nalishdagi imkoniyatlardan foydalanishi boradagi maqsad va muddaolari mushtarakdir.  

Bugungi qishloq ayoliga yaratilayotgan imkoniyatlar va ularning bugungi baxti nimada ekani xususida mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan ilg‘or tadbirkor ayollarga yuzlanamiz.  

— Avstriya davlatidan 2020 yilda naslli simmental zotli chorva mollarini olib kelib faoliyatimni yo‘lga qo‘ydim. Bugungi kunda xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 37,81 gektarni, shundan 17,09 gektarini ekin ekishga ajratganmiz, 5 nafar insonni doimiy ish bilan ta’minlaganman. Fermer xo‘jalik tomonidan 2022 yil davomida 20 tonna sut, 20 tonna go‘sht yetishtirilib, aholini sifatli sut va go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab, ishsiz yoshlarni doimiy va mavsumiy mehnatga jalb etib kelmoqdamiz. Bularning hammasi avvalo biz qishloq ayollariga berilayotgan imkoniyatlar samarasi,  deb bilaman.  Bugun yurtimiz fuqarolari,  ayniqsa ayollar qaysi yo‘nalishda ilg‘or tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishni istasa,  bunga hamma sharoitlar yaratib berilishiga shubha yo‘q. Chunki shaffof tizim taraqqiyotga intilayotgan har bir insonni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.  Bundan albatta quvonsak,  arziydi. Aslida qishloq ayolining baxti ham shu, —  deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani Sananbay QFYdagi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi "Ganesha" MCHJ rahbari Aliya Bazarbayeva. 

— Jamiyatda inson avvalo ezgu maqsad yo‘lida intilaversa,  o‘z-o‘zidan yaxshi niyatlariga yetib boraverar ekan, — deydi Samarqand viloyati Samarqand tumani "Sho‘rboi"  mahallasida issiqxona,  chorvachilik bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor Nilufar Ma’rupova. — Yaxshi niyat bilan tashkil etgan fermer xo‘jaligimizning umumiy yer maydoni 1,5 gektar bo‘lib, shundan 1,2 gektariga bog‘, 0,30 gektariga kartoshka, 0,2 gektariga sabzavot, 4 sotix issiqxonasiga limon hamda ko‘katlar ekganmiz, Natijalarimiz yomon emas, 2022 yilda 30 tonna pomidor, 52 tonna kartoshka yetishtirishga muvofaq bo‘ldik. So‘nggi 2 yilda o‘z daromadimiz hisobidan issiqxona sharoitida ishlashga moslashgan mini traktor, 3 ta motokultivator sotib oldik. Bugungi kunda tomorqa xo‘jaligimiz ixtiyorida 5 dan ortiq qishloq xo‘jalik texnikalarimiz xizmat qilib turibdi. Faoliyatimiz bilan jamiyatimiz kichik bo‘lagi sifatida xalqimizga xizmat qilib,  dasturxoniga o‘zimiz yetishtirgan mahsulotlarni taqdim etib kelayotganimiz chin ma’noda quvontiradi bizni.  Men bir narsaga aminman,  yurtimizning har bir ayolining yuragida o‘t bor, faqat bugungi sharoitlarning kim uchun va nima maqsadda berilayotganini anglab,  marrani kengroq olib,  qo‘rqmay ish boshlashi kerak.  Mana shundagina qanday ishlarga qodir bo‘la olishini isbotlay oladi.  

— Faoliyatimni aynan ayollarga keng imkoniyatlar berilishi boshlagan 2016 yildan yo‘lga qo‘yganman. Bugungi kunda esa fermer xo‘jaligimiz orqali dasht hududida bog‘ yaratdik. Natijada 10 nafarga yaqin doimiy, 20 dan ortiq yosh xotin-qizlar, yigitlarni mavsumiy ishlarga jalb etib kelmoqdaman. "Insonning qo‘li gul bo‘ladi", deyishadi. Bunga faoliyatim davomida amin bo‘lib boryapman. Qimirlagan qir oshar ekan, biz mana shunday qirlik, dashtlik hududda yetishtirgan mevalarimiz bilan bozorlarimizga hissa qo‘shib kelyapmiz.

Farg‘onaning insonlari dehqonchilik-polizchilikning hadisini olgan deyishadi.  Endi esa imkoniyatlardan foydalanib biz ayollar ham shunday mehnatkashlar safida faoliyat yuritib kelyapmiz. Quvonchimiz va baxtimiz esa halol mehnatimiz ortidan kelayotgan samarada,  oilamizning farovonligidadir,  — deydi Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani "Dasht cho‘lpon"  MFYda paxtachilik,  g‘allachilik,  dasht hududida poliz ekinlari bilan shug‘ullanib kelayotgan tadbirkor ayol Sayyoraxon Zaripova.  

Darhaqiqat,  quvonarli jihati qishloq xo‘jaligida ilg‘or faoliyat yuritib,  jamiyatga munosib hissa qo‘shayotgan bunday shijoatli ayollarni mamlakatimizning barcha go‘shalarida uchratishimiz mumkin. Baxt esa insonning manziliga qarab emas,  maqsadi va mehnatiga qarab paydo bo‘laveradi.  Niyatimiz yurtimizda baxtli ayollar ko‘payaversin.  

Abdulaziz Rustamov,  O‘zA