Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
bugungi o‘quvchi – ertangi islohotlar davomchisi
09:46 / 2022-12-21

Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasini yurtdoshlarimiz har doimgiday katta qiziqish, yuksak e’tibor bilan kutib oldi. Zero, bu murojaatnoma fuqarolarimiz hayotiga ijobiy o‘zgarishlar olib kirishi, mamlakatimiz taraqqiyoti va islohotlar natijadorligini belgilab berishi bilan ahamiyatlidir.

Murojaatnoma barcha sohalarga aloqador muhim fikrlar keltirilishi, yutuq va kamchiliklar e’tirof etilishi, ma’lum yechim va g‘oyalar taqdim etilishi bilan ajralib turdi. Jumladan, 36 milliondan oshayotgan aholimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratish, mamlakatimizda tinchlik va farovonlikni ta’minlash, o‘tayotgan murakkab va sinovli yilda to‘plangan tajriba asosida olg‘a intilish, qonunchilikka “inson qadrini ulug‘lash” mezoni asosida yondashish, asosiysi, taraqqiyot mezoni sifatida ta’limga e’tibor qaratilishi kabi jihatlar barchamizni mamnun etdi.  

Davlatimiz rahbari pandemiya, dunyodagi chuqur iqtisodiy va siyosiy inqirozlar, ziddiyatlarga qaramasdan, xalqimizning qahramonlarcha mehnati bilan erishilgan yutuqlarni e’tirof etarkan, Jahon va Osiyo musobaqalarida, xalqaro fan olimpiadalarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bilimdon va iqtidorli yoshlarimizning yutuqlarini ta’kidladi. Shu o‘rinda aytish joizki, viloyatimiz o‘quvchi-yoshlarining ham keyingi yillarda bir qator sohalarda erishayotgan yuksak natijalari ularning ustoz-murabbiylariga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi.  

Xalqimizga murojaat qilarkan, Prezidentimiz 2023 yilga yurtimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berishni taklif qildi. “Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi?” – dedi Prezidentimiz. Birinchi navbatda, asosiy e’tibor Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilishi ta’kidlandi, o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi.  

Kelasi yildan boshlang‘ich sinflarda mutlaqo yangi metodika asosida yaratilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi. O‘quvchilarda erkin, tanqidiy va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko‘nikmalarini shakllantirishga e’tibor qaratiladi. Shuningdek, yurtimizdagi 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu maqsadda 2023 yildan boshlab yangi dastur amalga oshiriladi. Prezidentimiz Murojaatda har bir viloyatda bittadan texnikumda Yevropa kasbiy ta’lim standartlari joriy etilishi, yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishda rivojlangan davlatlar tajribasini joriy etish bo‘yicha fikr bildirdi. Shuningdek, kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida muhandislik maktablari tashkil qilinishi belgilab olindi. Bu orqali “yangi zamon injenerlari tayyorlash tizimi” yaratilishi aytildi. Shu o‘rinda joriy yilning 10-19 oktyabr kunlari Germaniyaga xizmat safari bilan borganimiz, jumladan, yurtimizda dual ta’limni joriy etish bo‘yicha tajriba almashganimiz va viloyatimizdagi professional ta’lim muassasalarida bu tizimni amaliyotga tatbiq eta boshlaganimizni aytib o‘tishni istardim.  

Kasb-hunarga ega bo‘lgan inson hayotda o‘z o‘rnini topadi, mehnati bilan oilasini boqadi. Yurt ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shib, baxtli hayot sari intiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning kasb-hunar ta’limiga qaratayotgan e’tibori yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishdek savobli va o‘ziga yarasha mashaqqatli sohaga aloqador barcha-barchaning ko‘nglida faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan birga, oldimizga qo‘yilgan vazifalarni ado etish yo‘lida g‘ayrat-shijoat, fidokorlikka ham undashi tabiiy. Zero, bugungi o‘quvchi-talaba – ertangi shaxs, kasb egasi, islohotlar davomchisidir. Shu bois, xalqimizning ertaga qay darajada farovon yashashi, sohalarda qanday ko‘tarilish bo‘y ko‘rsatishi bugungi ta’lim sifatiga har jihatdan chambarchas bog‘liq.  

 

To‘ychiboy Boymatov,  

Farg‘ona viloyati kasbiy ta’limni rivojlantirish  

va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasi boshlig‘i.  

O‘zA