Bugungi mehnat shijoati – ertangi mo‘l hosil garovi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Paxtachilikda katta tajribaga ega dehqonlarimiz kuzda ulkan xirmon bunyod etish uchun puxta zamin hozirlab, mavsumning har bir daqiqasidan unumli foydalanmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Paxtachilikda katta tajribaga ega dehqonlarimiz kuzda ulkan xirmon bunyod etish uchun puxta zamin hozirlab, mavsumning har bir daqiqasidan unumli foydalanmoqda.Paxtachilikda agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida, izchil bajarish muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, g‘o‘za rivojida egatlarga taralayotgan suvning o‘rni bo‘lakcha. Qonib suv ichgan, qatorlarga chuqur ishlov berilib, mineral va mahalliy o‘g‘itga to‘yintirilgan g‘o‘za ertangi yuqori hosildan darak beradi.
Ma’lumki, avgust – dehqon mehnatining birini to‘qqiz qiladigan palla. Hosil to‘plashda muhim bu oy dehqonning tajriba va mahoratini sinovdan o‘tkazadi. Negaki, g‘o‘za avval kun sanagan bo‘lsa, endi soat sanaydi. Bu vaqtda har bir novdadagi ko‘saklar soni 4-5 taga ko‘payadi. Bu har gektardan qo‘shimcha 10-12 sentner hosil demakdir.
– Mo‘l hosil o‘z-o‘zidan yetilmaydi, – deydi Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori Shodmon Namozov. – U avvalo vaqtida qilingan mehnat, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiyalarni oqilona qo‘llash orqali qo‘lga kiritiladi. Shu bois dehqonlarimiz avgust oyida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatda bexato amalga oshirishga harakat qilmoqda. Xususan, kultivatsiya, chilpish ishlarini sifatli o‘tkazish, hosilni zararkunanda va kasalliklardan asrashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, har bir hududning iqlim va tuproq sharoiti hisobga olinib, tezpishar, serhosil va tolasi jahon standartlariga mos g‘o‘za navlari ekilgani yaxshi samara berayotir. Shu kunlarda g‘o‘za parvarishi qizg‘in pallaga kirgan bo‘lib, g‘o‘zalar maromida o‘smoqda. Belgilangan me’yorlarga rioya qilib, g‘o‘zani sharbat usulida sug‘orish ko‘saklar bo‘liq bo‘lishini ta’minlaydi.
– Avgust oyida g‘o‘zani sug‘orish uning ko‘sagiga vazn, tolasiga sifat qo‘shadi, – deydi O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining paxtachilik va texnik ekinlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Ozod Matyoqubov. – Shu bois sug‘orishni o‘z vaqtida amalga oshirish talab etiladi. Bunday tadbirning juda erta yoki kech bajarilishi hosilning kamayishiga olib kelishi mumkin. Sug‘orishni tuproqning mexanik tarkibi, sizot suvlar sathi, o‘simlikning holati, navlarning biologik xususiyatiga qarab tashkil qilish maqsadga muvofiqdir.
G‘o‘za maydonlarining har gektarini 5 tonna atrofida mahalliy o‘g‘it bilan sug‘orish samaradorlikni oshiradi. Sharbat yoki kompost g‘o‘zaga ozuqa berish bilan birga, suvning bug‘lanishini kamaytirib, uning tuproqqa singishini yaxshilaydi, namlikni saqlaydi. Mineral o‘g‘itlarning o‘zlashtirilishini oshirib, o‘simlik rivojini tezlashtiradi. Havo harorati yuqori bo‘lgan shu kunlarda bunday tadbirni vaqtida, sifatli o‘tkazishning ahamiyati juda katta. Omilkor dehqonlarimiz buni yaxshi biladi.
– Hosildorlikning yuqori bo‘lishida sug‘orishdan keyin bajariladigan kultivatsiya tadbirlari muhim ahamiyatga ega, – deydi Bo‘ka tumanidagi “Azizova Shohida” fermer xo‘jaligi rahbari Shohida Azizova. – Misol uchun, kultivatsiya chuqurligi 7-8 santimetrdan oshmasligi zarur. Agar bu me’yor buzilsa, g‘o‘zaning ildizi shikastlanib, vilt kasaliga chalinish ehtimoli oshadi. Agarda kultivatsiya kechiksa, gektaridan 3-4 sentner hosil boy beriladi. Ana shuni his qilgan holda, bu yumushni sifatli o‘tkazib, g‘o‘za tuplari orasida havo almashinuvi yaxshilanishini ta’minlaymiz. Kultivatorlarni egatlarga kiritishdan avval qirrali qismlarni maxsus moslamalar, traktor g‘ildiraklarini to‘siqlar bilan jihozlaymiz. Bunda texnika shoxlar va hosil tugunchalariga zarar yetkazmaydi. Bu g‘o‘zaning baravj rivojlanishiga, hosiliga hosil qo‘shilishiga xizmat qiladi.
Avgustda havo harorati biroz pasayib, kechalari salqin tushadi. Oqibatda ko‘sak qurtining tuxum qo‘yishi, o‘rgimchakkana, beda qandalasi, qora shira kabi hosil kushandalari ko‘payishi uchun sharoit tug‘iladi. Hozir paxtakorlarimiz oldida ana shunday zararkunandalarga qarshi kurashish choralarini yanada kuchaytirish vazifasi turibdi.
– 65 gektar yerdan 185 tonna xirmon ko‘tarishni chamalab turibmiz, – deydi Qamashi tumanidagi “Bozor o‘g‘li Abdi” fermer xo‘jaligi rahbari, O‘zbekiston Qahramoni Abdimurod Bozorov. – G‘o‘zaning to‘liq yetilishi va tolaning pishiqligini ta’minlash uchun chekankani o‘z vaqtida tugatdik. Asad oyida sustkashlik qilgan dehqon hosilning bir qismini boy berib qo‘yishi mumkin. Shu bois barcha agrotexnik tadbirlarni, jumladan, zararkunandalarga qarshi kurashishni izchil amalga oshirayapmiz. Bu borada biousul juda qo‘l kelmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hozir har bir yumushni izchil va alohida e’tibor bilan bajarish ulkan xirmon omilidir. Misol uchun, egat oralariga “sharbat” oqizishning foydasi katta. Chunki bu usul orqali namlik uzoq saqlanib, o‘simlikning suvga talabi 6-8 kunga uzayadi, mineral o‘g‘itlarning ta’siri kuchayib, ekin rivoji 8-10 kunga tezlashadi.
Bugungi mehnat shijoati – ertangi mo‘l hosil garovi. Buni yaxshi bilgan mirishkorlarimiz agrotexnik tadbirlar samaradorligini oshirish, g‘o‘za qator oralariga obi tobida ishlov berish kabi muhim vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirib, mo‘l hosilga zamin yaratmoqda. Zero, Vatanimiz mustaqilligining 24-yilligi nishonlanadigan joriy yilda paxtakorlarimiz niyati har doimgidan ko‘ra ko‘proq hosil ko‘tarib, mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishdir.