Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
bugungi mahalla  kechagi mahalla emas
15:42 / 2021-01-17

O‘tgan yilimiz juda og‘ir keldi. Jahonda murakkab geosiyosiy jarayonlar, tojdor virus pandemiyasi va global iqtisodiy inqiroz kechayapti. Ayniqsa, pandemiya hammani hayotni, yashash tarzini, ishlab chiqarishni, ilm-ma’rifatni bir qayta o‘ylab ko‘rishga undadi. Davlat va xalq birligining shirin hosilasi sifatida O‘zbekistonimiz bu og‘ir sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tib kelyapti. Tojdor virusdan kam ziyon ko‘rgan mamlakatlardan biri ekanimizga shukronalar qilamiz.

Yangi yilni yangi rejalar bilan boshladik. Yil oxirida, aniqrog‘i 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari forumida  nutq so‘zlab, umidvor g‘oyalarni ilgari surdi. Jumladan, yoshlarni  O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida yuksak qadrlashini,  yurtimizda qanday islohotlarga qo‘l urmaylik, avvalo, yoshlarga, ularning kuch-g‘ayrati va azmu shijoatiga suyanishini  aytdi.

Umri yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan o‘tayotgan bir ziyoli sifatida bu meni ham behad quvontirdi.

Biz Yurtboshimiz tashabbusi va rahbarligi ostida ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Bu vazifa, tabiiyki, yoshlar tarbiyasi masalasini yangi darajalarga ko‘tarish orqali  amalga oshadi. Axir, iqtisod amalda foydali mehnat bilan band kishilar sonini ko‘paytirish va har bir fuqaro mehnatining samaradorligini oshirish bilan rivojlanadi. Yangi ish joylari paydo qilish ham, inson mehnati samaradorligini oshirish esa o‘z-o‘zidan, birdaniga yuz beradigan hodisa emas.

Hozir jamiyatda “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish g‘oyasi amalga oshirilyapti. Hududlarda “ustoz-shogird” an’anasini yanada kuchaytirish orqali yoshlarga kasb-hunar o‘rgatishni yangi pog‘onaga olib chiqish ham ‒ bugun qanchalar muhim. Endi shahar va tumanlarning hammasida barcha infratuzilma ob’ektlariga ega “Yoshlar kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi. Yoki Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturini oling. Unga ko‘ra, yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun kredit mablag‘lari yo‘naltiriladi. Joylarda izlanuvchan yigit-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar texnoparklari” qurildi va ayni yo‘nalish bu yil ham izchil davom ettiriladi. Yaqin ikki yilda “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 300 ming nafar yoshlar kompyuter dasturlash asoslariga bepul o‘qitiladi.

Har yili qanchadan-qancha yoshlarimiz maktab, kollej va oliy ta’lim muassasasini bitiradi. Ammo ularning hammasi ham ish topib ketayotgani yo‘q. Endi bu masala ham jiddiy nazoratga olinadi.

Bu ezgu harakatlar barchaga, xususan, hayotda o‘z o‘rnini topishga qiynalayotgan, yo‘ldan adashgan, ko‘makka muhtoj yoshlarga tezroq mustaqil shaxs sifatida shakllanish imkonini berishiga ishonaman.

Yoshlar muammolari shular bilangina tugamaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev keltirgan 2020 yilning o‘tgan 11 oyida yosh oilalar o‘rtasida 25 ming ajrim qayd etilgani butun jamiyatni o‘ylantiradi. Bu salbiy holat barchamizni jiddiy bezovta qilishi va qattiq tashvishga solishi kerak. Shu masalani muhokama qilar ekan, davlatimiz rahbari: “Nega mana shu oilalarni saqlab qolish uchun mahallada harakat qilmadik, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatmadik?” ‒ dedi.

Har qanday oila mahallada yashaydi. Uning muammosini hammadan burun qo‘ni-qo‘shni, ya’ni mahalla ahli yaxshi biladi. Mahallada ko‘pni ko‘rgan mo‘’tabar nuroniylarimiz,  oqila va mehribon onalarimiz bor. Odatda oilaning dastlabki besh yili murakkab kechadi. Chunki ikki yosh bir-biriga, ayniqsa, kelin esa yangi muhitga ko‘nikishi kerak. Ana shu davrdan sabr-toqat bilan o‘tib olgan oila mustahkamlanib boraveradi. Mahalla aynan shu paytda yordamga kelishi lozim.

Davlatimiz rahbari yoshlar bilan ishlashda mahalla raisining zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklashini alohida ta’kidladi: “Yoshlar bilan ishlash Prezidentdan tortib vazirgacha, hokimdan tortib mahalla raisigacha – hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi zarur”.

Bugun mahalla mamlakatimizda boshqaruvning o‘zga xos milliy tizimiga aylanib ulgurdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘tgan yilning 29 dekabridagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bir necha marta mahalla masalasiga urg‘u berildi. Murojaatnoma matnida jami 26 marta “mahalla” so‘zi tilga olindi.

Qayd etildiki, barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. Yaqinda AQSH davlat departamenti tomonidan O‘zbekiston diniy erkinlik sohasidagi “maxsus kuzatuvdagi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarildi. Bunda  mahallalarda diniy tarbiya borasida olib borilgan  ishlarimizning ham o‘rni bor.

Bu yil O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlaymiz.  Bu tarixiy sana “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu g‘oya asosida  bayram qilinadi.

Hayotda shunday masalalar borki, ularni mahallasiz hal etib bo‘lmaydi.

Prezidentimizning ta’kidlashicha,  bundan buyon har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi. Buning uchun, jumladan, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda birlamchi bo‘g‘in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315 ta “oilaviy shifokor” punkti va 85 ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda  aholi o‘rtasidagi kambag‘allik ochiq tan olindi. Chunki kasalni yashirganing bilan isitmasi oshkor etadi. Davlat siyosatida muammolarni o‘rganish, ularga chora izlab, bartaraf etish yo‘lidan yurish boshlandi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, kambag‘allikni  qisqartirish borasida kompleks yondashuv va nostandart usullar joriy etiladi. Chunki  kambag‘allik masalasi kredit, ijtimoiy nafaqa yoki uy berish bilan o‘z-o‘zidan hal bo‘lib qolmaydi. Buning uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash, kasb-hunarga o‘qitish, ichimlik suvi, energiya va yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq kompleks muammolarni hal etib borish kerak.

Shu maqsadda mahallalarda “temir daftar” joriy etildi. Ayni yo‘l bilan ehtiyojmand aholini to‘g‘ri aniqlash va shu asosda ular bilan manzilli ishlashni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

2021 yili to‘liq ishga tushadigan “Ijtimoiy reyestr”da “temir daftar”dagi barcha ma’lumotlar qamrab olinib, ehtiyojmand oilalarga 30 dan ziyod ijtimoiy xizmatlar elektron shaklda ko‘rsatiladigan bo‘ldi. Birinchi navbatda, kambag‘al aholining asosiy ehtiyojlarini kafolatli ta’minlashga kirishiladi. Bu masalada xalqaro ekspertlar bilan chuqur tahlil asosidagi hisob-kitoblar yakuniga yetkazilmoqda. Shu yilning 1 martidan boshlab aholining minimal iste’mol xarajatlari miqdori e’lon qilinadi. “Temir daftar”ga kiritilgan har bir fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha “motivatsiya, ko‘nikma va moliyaviy ko‘mak” tamoyili asosida yangi mexanizm joriy etiladi.

Kambag‘alga baliq bergan yaxshimi yoki unga baliq tutishni o‘rgatganmi? Bu ‒ xalq orasida mashhur bo‘lib ketgan an’anaviy savol. Albatta, ikkinchisi ‒ yaxshi. Chunki bergan balig‘ingiz bilan bir kun uning qorni to‘yadi, xolos. Baliq tutishni o‘rgansa, u har kuni o‘z qornini o‘zi to‘yg‘azadi. Ayni naqlni  eslashimizga sabab shuki, bu yil mahallalarda aholini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha mingdan ziyod markazlar tashkil etiladi. Bunda kasb-hunarga o‘qitilgan har bir shaxs uchun o‘quv markazlariga 1 million so‘mgacha subsidiya berilib, buning uchun byudjetdan 100 milliard so‘m ajratiladi. O‘quv kurslarini tamomlab, o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan fuqarolarga asbob-uskuna xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha subsidiyalar beriladi. Shuningdek, har bir tumanning imkoniyati va rivojlanish yo‘nalishidan kelib chiqib, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan oilalarga 10 sotixdan 1  gektargacha yer maydonlari ajratiladi. Ehtiyojmand aholi bandligini ta’minlashga Bandlikka ko‘maklashish hamda Jamoat ishlari jamg‘armalaridan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bular ‒  aytishgagina oson ishlar.

So‘nggi 3 yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin aholi yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloq qiyofasi tubdan o‘zgardi. Lekin pandemiya tufayli bu yo‘nalishdagi ishlarimizni vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lindi. Prezident hukumatga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini ishlab chiqib, tasdiqlash vazifasini yukladi.

Dehqon yerga suv taraganda uning oxirgi egatgacha borib yetishini o‘ylaydi. Davlat siyosati ham shunday bo‘lishi kerak. Chunki chekka-chekka mahallalarda ham odamlar yashaydi. Shuning uchun Yurtboshimiz: “Kelgusi yil boshidan har bir vazirlik o‘z ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi. Vazirlar va ularning o‘rinbosarlari faoliyatiga joylarda amalda qanday o‘zgarish bo‘lganiga qarab baho beriladi”, ‒ dedi.

Shuningdek, mahalliy ijro organlari, vakillik idoralari hamda mahallaning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish lozimligiga ham alohida urg‘u berildi. Chunki islohotlarning natijalari, bo‘layotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati, avvalo, mahallada seziladi. “Shu ma’noda,  ‒ dedi davlat rahbari, ‒ “mahalla – jamiyatimizning yorug‘ yuzi va vijdoni ko‘zgusi”, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi ‒ shart. Bundan buyon mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon bo‘ladi. Shuningdek, mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarining moddiy ta’minotini yaxshilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish zarur”.

Shu paytgacha mahalla, asosan, pensionerlar ishlaydigan idoraga aylanib qolgan edi. Endi munosabat keskin o‘zgaryapti. Hatto,  Qonunchilik palatasi va Senatga Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021 yil 1 aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihasini ishlab chiqish yuklatildi.

Mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkonini yaratish, bunda mahalla raisiga mahalliy Kengash majlisida ko‘rilishi majburiy bo‘lgan masalalarni kiritish huquqini berish, shu tariqa muammolarni tezkor hal qilishga erishish imkoniyatini yaratish haqida so‘z bordi. Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yo‘lga qo‘yilishi ham ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etib o‘tganidek, bugungi xalqimiz kechagi xalq, bugungi O‘zbekiston esa kechagi O‘zbekiston emas. Xuddi shuningdek, bugungi mahalla ham kechagi mahalla emas.

Muslihiddin MUHIDDINOV,

filologiya fanlari doktori, SamDU professori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi.