French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugungi kunga qadar yo‘llardagi yuk mashinalarining tartibli harakatlanishi yo‘lga qo‘yilmagan
11:49 / 2023-11-09

Mamlakatimizda avtomobil yo‘llari tarmog‘ining jami uzunligi 209 ming 496 kilometrni tashkil etadi. Shuning 42 ming 869 km, ya’ni 20 foizi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tasarrufidagi yo‘llar hisoblanadi. Tasarrufdagi bu yo‘llarning 3 ming 993 kilometri xalqaro ahamiyatdagi, 14 ming 203 kilometri davlat ahamiyatidagi va 24 ming 673 kilometri mahalliy yo‘llardir.

Soha vakillarining so‘zlariga ko‘ra, respublikada avtomobil yo‘llari tarmog‘i bo‘yicha yuzaga kelgan haqiqiy holat va rivojlanish darajasi yo‘l xo‘jaligining barcha yo‘nalishlariga doir aniq va samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqishni, avtomobil yo‘llarini boshqarishda hamda iqtisodiyot va aholi ehtiyojlariga muvofiq respublikamizda yo‘l tarmog‘i holatini sifat jihatidan o‘zgartirishga qaratilgan qo‘shimcha choralar qabul qilishni taqozo etgan edi.  

Shunga ko‘ra, yo‘l xo‘jaligini boshqarishning zamonaviy tizimini yaratish va raqamlashtirish, sohada sifat nazoratini kuchaytirish va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xususiy sektor korxonalarini keng jalb qilish uchun sharoit yaratish hamda byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida  davlatimiz rahbarining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.  

Hujjatga asosan, qurilayotgan avtomobil yo‘llari sifatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari yakunlangan ob’ektlarning asosiy konstruktiv elementlari bo‘yicha kamida uch yillik kafolatli xizmat qilish muddati joriy qilinishi, yangidan boshlanadigan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’ektlarini moliyalashtirishni asosan xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi hamda buning uchun 2024 yildan boshlab har yili xalqaro moliya institutlaridan umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ko‘priklar va sun’iy inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish ob’ektlariga 300 million AQSH dollaridan kam bo‘lmagan miqdorda kreditlar jalb qilib borilishi kabi vazifalar belgilab qo‘yildi.  

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ilhom Hojiyevning ta’kidlashicha, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar talaygina. Lekin yo‘llarda yuk mashinalarining tobora ortib borishi, ularning tartibsiz harakati yo‘llar muddatidan oldin yaroqsiz ahvolga kelib qolishiga sabab bo‘ladi. Qayd etilishicha, bugungi kunga qadar yo‘llardagi yuk mashinalarining tartibli harakatlanishi yo‘lga qo‘yilmagan. Og‘ir yuk avtomobilga zarar yetkazishi bilan bir qatorda yo‘l qoplamasiga ham jiddiy shikast yetkazadi.  

Albatta, yuk tashish qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan qonunlarda belgilangan chora muqarrar. Yo‘llar uzoq yillar xizmat qilishi haydovchiga ham bog‘liqligini unatmaslik lozim.  

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/zDTyYWWWN_0" title="Bugungi kunga qadar yo‘llardagi yuk mashinalarining tartibli harakatlanishi yo‘lga qo‘yilmagan" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA