Yoxud do‘stona aloqalar o‘rnatilishiga sabab bo‘lgan dasturxon
Bugun dunyo tez o‘zgaryapti, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar ham yangi mazmun kasb etmoqda. Endi faqat rasmiy kelishuvlar emas, balki shaharlar, hududlar va oddiy insonlar o‘rtasidagi aloqalar ham katta ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. Ayniqsa, turli xalqlarni yaqinlashtiradigan, o‘zaro ishonch va anglashuvni mustahkamlaydigan shaharlar diplomatiyasi bugungi kunda muhim vositaga aylandi.
Ana shu jarayonlarda “Birodar shaharlar alyansi” qanday o‘rin tutadi, uning asosiy maqsadi nimalardan iborat va bu hamkorlik oddiy odamlar hayotiga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
Shu va boshqa savollar bilan Birodar shaharlar alyansi raisi Zokir Abidov bilan suhbatlashdik.
—2025 yil 7 may kuni O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazilgan Birodar shaharlar alyansi nodavlat notijorat tashkilotining paydo bo‘lishi Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining mantiqiy davomi bo‘ldi, —deydi Zokir Abidov. - Alyansning asosiy maqsadi O‘zbekiston shaharlari va xorijiy davlatlar shaharlari o‘rtasidagi hamkorlikni institutsional asosda rivojlantirish, o‘zaro do‘stlik va muloqotni mustahkamlashdan iborat.
—Birodar shaharlar g‘oyasi zamonaviy tushuncha emas, balki u olis tarixdan meros bo‘lib kelayotgan hamkorlik madaniyati ekanini qanday dalillar bilan asoslash mumkin?

—Aslida “Birodar shaharlar” fenomeni olis tarixga borib taqaladi. Shaharlar aholisi o‘rtasida madaniy, ijtimoiy va savdo aloqalarini rivojlantirish maqsadida birodarlik munosabatlari o‘rnatilgan. Zamonaviy davrda esa mazkur tushuncha ilk bor Ikkinchi jahon urushi yillarida tilga olingan. Urush oqibatida katta talafot ko‘rgan Stalingrad shahri aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Buyuk Britaniyaning Koventri shahri fuqarolari tomonidan moddiy yordam va sovg‘alar yuborilgan.
Ayniqsa, qo‘l mehnati bilan tayyorlangan, “Katta afsusdan ko‘ra, kichik yordam afzal” degan ma’noni ifoda etuvchi kashta bilan bezatilgan dasturxon ikki shahar o‘rtasida do‘stona aloqalar o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi. Ana shu tarixiy voqea keyinchalik shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlariga asos solgan ramziy qadam sifatida e’tirof etila boshlandi.
—Toshkent va Skope o‘rtasidagi o‘zaro yordam birodar shaharlar aloqasiga qanday zamin yaratdi?
—1963 yil Skope shahrida kuchli zilzila yuz berganida butun dunyo, jumladan O‘zbekiston ham jabrlanganlarga yordam qo‘lini cho‘zadi. Oradan uch yil o‘tib, 1966 yil 26 aprelda Toshkentda ro‘y bergan zilziladan so‘ng esa Makedoniya xalqi o‘z navbatida yurtimizga amaliy yordam ko‘rsatib, insonparvarlik va birdamlik namunasini namoyon etadi. Ana shu o‘zaro yordam va ishonch asosida 1967 yilda Toshkent va Skope shaharlari rasman “birodar shaharlar” deb e’lon qilindi.
Bu hamkorlik O‘zbekiston tarixidagi ilk birodar shaharlar aloqasi sifatida muhrlanib, ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramziga aylandi. Shundan so‘ng ushbu shaharlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik aloqalari kengayib, yangi bosqichga ko‘tarildi.
—Birodar shaharlar hamkorligini amaliy loyihalar bilan boyitish uchun nimalar zarur?
—Ayni paytda O‘zbekiston shahar va hududlari dunyoning 80 ga yaqin davlatlari shaharlari bilan birodarlik munosabatlarini o‘rnatgan. Alyansning asosiy vazifasi esa ushbu hamkorlik aloqalari shunchaki qog‘ozda qolib ketmasdan, ularning amaliy mazmun bilan boyitilishini ta’minlashdan iborat.
Xususan, mavjud birodar shaharlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faol rivojlantirish, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarda aniq loyiha va tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, yangi birodar shaharlar munosabatlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga tashkilot tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda.
—Yangi birodar shaharlar munosabatlarini yo‘lga qo‘yishda qaysi hududlar yoki davlatlar ustuvor hisoblanadi?
—Bugungi kunda O‘zbekistonning qator shaharlari xalqaro maydonda faol va ishonchli hamkor sifatida keng e’tirof etilmoqda. Xususan, Toshkent va Sietl shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlari 1973 yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ijtimoiy-iqtisodiy, savdo, madaniy va gumanitar sohalarda samarali hamkorlik izchil rivojlanib kelmoqda.
Ayniqsa, 2023 yilda mazkur birodarlik aloqalarining 50 yilligi munosabati bilan “Sietl–Toshkent birodar shaharlar assotsiatsiyasi” delegatsiyasining Toshkentga amalga oshirgan tashrifi doirasida qator mazmunli uchrashuvlar va madaniy tadbirlar tashkil etilgani ushbu hamkorlikning yuksak darajasini yaqqol namoyon etdi.
Shu bilan birga, Toshkent–Shanxay, Buxoro–Bonn, Toshkent–Berlin, Samarqand–Yurmala, Termiz–Dabash, Xiva–Versal kabi birodar shaharlar o‘rtasidagi aloqalar ham bugungi kunda izchil mustahkamlanib, o‘zaro ishonch, tajriba almashuvi va qo‘shma tashabbuslarga asoslangan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Bu kabi munosabatlar O‘zbekiston shaharlarining xalqaro nufuzini oshirish bilan bir qatorda madaniy muloqotni kengaytirish hamda barqaror taraqqiyotga ham xizmat qilmoqda.
—Birodar shaharlar alyansi qisqa vaqtda qanday xalqaro natijalarga erishdi?
—Tashkil topganiga hali ko‘p bo‘lmasdan, Birodar shaharlar alyansi mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy jarayonlari bilan birga xalqaro maydonda ham faol ishtirok etmoqda.
O‘tgan qisqa davr mobaynida tashkilotimiz tomonidan 20 dan ortiq anglashuv memorandumlari, jumladan 4 ta xorijiy tashkilotlar bilan imzolandi. Hamkor tashkilotlar bilan 18 ta davra suhbati, 5 ta ijodiy kecha, 15 ta xorijdagi vatandoshlar bilan oflayn va onlayn uchrashuvlar, 4 ta konsert, 7 ta halqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar tashkillashtirildi. Shu bilan birga, 10ga yaqin xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.
Jumladan, 2025 yil iyul oyida Xitoy Xalq Respublikasining Shenyan shahrida bo‘lib o‘tgan “Xalq diplomatiyasi va birodarlashgan shaharlar forumi”da Alyansning ishtiroki O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi salohiyatini namoyon etdi.
Forum doirasida Xitoyning Sichuan provinsiyasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari do‘stlik jamiyatlari bilan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Joriy yilning oktyabr oyida esa Xitoyning yana bir sanoat va innovatsiyalar shahri Iu bilan hamkorlik aloqalarini kengaytirishga erishildi.
—2026 yilning may oyida Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan forumda Birodar shaharlar alyansi qanday tashabbuslar bilan ishtirok etishi rejalashtirilgan?
— 2025 yilning noyabr oyida Ozarbayjondabo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar nodavlat notijorat tashkilotlarining birdamlik forumida Birodar shaharlar alyansi ham faol ishtirok etdi.
Forum doirasida turkiy davlatlar NNTlari o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirish, tajriba almashish, madaniy, ijtimoiy va gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yoshlarni jamoatchilik faoliyatiga keng jalb etish va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashildi.
Mazkur tadbir Jahon barqaror shaharsozlik 13-forumi (WUF13) arafasida o‘tkazilishi bilan turkiy davlatlar uchun tarixiy ahamiyat kasb etdi. 2026 yilning 19–24 may kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan 13-forumda yuqori darajadagi vakillarning ishtiroki ta’minlanadi.
Bu esa forumga o‘ziga xos mazmun va nufuz bag‘ishlab, uni shaharsozlik va barqaror rivojlanish masalalari bo‘yicha eng muhim xalqaro muloqot maydoniga aylantiradi. Eng muhimi, ushbu forum turkiy dunyoning global shaharlar kun tartibida ilk bor faol, mustaqil va tizimli ishtirokini ta’minlab, yangi tarixiy sahifa ochadigan g‘oyat muhim qadam sifatida e’tirof etiladi.
—Alyans faoliyati Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatini qanday ifoda etmoqda?
— Birodar shaharlar alyansi Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining xalqchil, amaliy va barqaror ifodasidir. U shaharlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlab, xalqlar o‘rtasidagi tinchlik, o‘zaro hurmat va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladi. Shaharlar o‘rtasidagi do‘stlik faqat hamkorlik emas, balki kelajak avlodlar uchun ishonchli taraqqiyot poydevoridir. O‘zbekiston esa bu yo‘lda izchil va qat’iy qadam tashlamoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA.