Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugungi dolzarb vazifa – hosilni tez va sifatli terib olish
09:52 / 2023-09-14

“Paxta – 2023”

Joriy yilda Buxoro viloyatida jami 96 ming 220 gektar yerda g‘o‘za parvarishlandi. Viloyatda bevosita paxtachilikka ixtisoslashgan 3 ming 17 ta fermer xo‘jaligi bilan mavsum oldidan tuzilgan shartnoma rejalariga muvofiq agrotexnik tadbirlar talab darajasida olib borildi. Mutaxassislar mo‘ljaliga binoan mavsumda yetishtiriladigan va qayta ishlashga yo‘naltiriladigan yalpi xirmon salmog‘i ham 400 ming tonnaga yetkazilishi belgilangan. Shunda har bir fermer xo‘jaligi hisobiga paxta yetishtirish bo‘yicha gektarlar hosildorligi 41 sentnerdan oshiriladi.

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov qishloq xo‘jaligida belgilangan agrotexnik tadbirlar, xususan, paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish va bu boradagi vazifalar ijrosini o‘rganish maqsadida qator tumanlarda bo‘ldi.

Shu kecha-kunduzda viloyat paxtakorlari yil bo‘yi zahmat bilan yetishtirgan “oq oltin” hosilini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olishga bor kuch-g‘ayratlarini safarbar qilishmoqda. Viloyat rahbarining nazorat tartibidagi o‘rganishlari Vobkent tumanidan boshlandi.

Vobkent tumanida bevosita paxtachilikda band bo‘lgan 331 ta fermer xo‘jaligi tasarrufidagi 9 ming 674 gektar maydonda mahalliy iqlimga mos istiqbolli paxta navlari yetishtirilmoqda. Vobkent tumani yetishtiriladigan paxta salmog‘i bo‘yicha ham viloyatda yetakchi o‘rinlardan birini band etgan. Bu yilgi murakkab ob-havo sharoiti, jumladan, iyun-iyul oylarida havo haroratining keskin ko‘tarilgani, garmsel tashvishi paxtakor dehqonlar tajriba va mahoratini obdon sinovdan o‘tkazdi. Joriy yilda “Buxoro Agroklaster” MCHJ tomonidan Vobkent tumanida 329 ta fermer xo‘jaligi bilan tuzilgan tegishli shartnomaga muvofiq 9 ming 547 gektar maydonga “Buxoro-6” va “Buxoro-8” navli paxta ekilib parvarishlanmoqda. Shartnomaga ko‘ra, bu yilgi xirmon salmog‘ini 39 ming 811 tonnaga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hududda ilg‘or fermer xo‘jaliklarida “oq oltin” hosili yig‘im-terimi allaqachon boshlangan.

Ma’lumot uchun: yig‘im-terimga fermer xo‘jaliklariga yaqindan ko‘maklashadigan 181 ta otryad safida 17 ming 600 dan ortiq ko‘ngilli terimchi safarbar etilgan. Ularning 6 ming 950 nafari fermer xo‘jaliklarining doimiy a’zolari bo‘lsa, 8 ming 890 nafardan ortig‘i uyda ishsiz o‘tirgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolaridir. Ularga har kilogram paxta tergani uchun dala boshida 1500 so‘mdan haq berilmoqda.

– Umumiy ekin maydonimizda dehqonchilik qilib kelayotgan bo‘lsak, shundan 26 gektarida paxta yetishtirmoqdamiz, – deydi “Kumushkent” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan “Otabek Og‘ajon” fermer xo‘jaligi rahbari Oybek Narziyev. – Bu yil davlat shartnoma rejasi 112 tonnadan kam emas, ammo bu “dovon”dan ham mardonavor o‘tishimizga ko‘zimiz yetib turibdi. Sababi mehnatimizga yarasha dalamizda hosil cho‘g‘i baland. Shu bois hafta boshidan paxta yig‘im-terimini boshlab yubordik. Dala boshida issiq ovqat va boshqa shart-sharoitni hozirladik.

Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar Kumushkent mahallasi hududidagi “Otabek Og‘ajon”, “Muhammad Yaxshimurod”, “Usmon O‘g‘iloy Rahima” kabi fermer xo‘jaliklari paxtazorlarida ham bo‘ldi. Yetishtirilgan hosil salmog‘iga baho berdi. Hududda hamjihatlik bilan boshlangan yig‘im–terimda peshqadamlik qilayotgan mohir terimchilar rag‘batlantirildi.

O‘rganishlarning navbatdagi manzili G‘ijduvon tumani bo‘ldi.

Joriy yilgi paxta mavsumida paxtachilikka ixtisoslashgan 280 ta fermer xo‘jaligi va klaster 9 ming 303 gektar maydonda paxta xomashyosini yetishtirdi. Tuman mirishkorlari davlatga 36 ming 586 tonna paxta topshirishni maqsad qilishgan. Joriy mavsumda 251 ta otryad safida 16 ming 150 nafar terimchi uyushqoqlik bilan terimda ishtirok etmoqda. Ularning 6 ming 400 nafari fermer xo‘jaliklari a’zolari bo‘lsa, qolgan 9 ming 750 nafari uyda ishsiz o‘tirgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolaridir.

Tumandagi dastlabgi manzil “Zarafshon” hududidagi “Feruzabonu” fermer xo‘jaligi dalalari bo‘ldi. Xo‘jalik vakillari ixtiyorida 26 gektar yer maydoni bo‘lib, shundan 16 gektarida paxta parvarishlangan. Ular 72 tonna davlatga tayyor paxta xomashyosi topshirish majburiyatini olishgan. Qishloq xo‘jaligiga aloqador soha vakillari, sektor rahbarlari terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ular bilan muloqot qilishdi.

Botir Zaripov boshchiligidagi mutasaddilar shu kuni hududdagi “Abdusalom Sattor saxovati”, “Tabarruk zamin”, “Guliston” hududidagi “Guliston Zarif chorvador”, “Mirzo O‘rin omadi” fermer xo‘jaliklari paxta maydonlarida bo‘lib, hosilning shu kecha kunduzdagi ahvoli, terim jarayonlarining borishi, terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Hududlarda olib borilgan o‘rganishlarda ta’kidlanganidek, g‘o‘za parvarishining so‘nggi agrotexnik tadbirlari, qolaversa, yig‘im-terimda har bir kun g‘animat ekanligini mirishkor dehqonlar yaxshi bilishadi. Bu borada har bir fermer va dehqondan jonbozlik talab etilayotgani ham bejiz emas. Shu maqsadda endigi vazifa mirishkorlarning yil bo‘yi chekkan zahmati, peshona teri evaziga yetishtirilgan hosilni nes-nobud qilmasdan, sifatli saranjomlab olishdir.

Zarif Komilov, 
O‘zA muxbiri