Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugungi Chimyon: Boʻstonliqqa borayotgan sayyohlarni nimalar kutib turibdi?
13:17 / 2025-10-06

Prezident tashrifidan so‘ng...

Tabiat qo‘ynida xushmanzara joylarimiz ko‘p. Ularga borib dam olishni istovchilar ham yildan-yilga ortib bormoqda. Tog‘lar bag‘rida, cho‘llar hududida, olis qishloqlarda joylashgan bunday maskanlarning hammasida ham sayyohlar uchun zarur sharoitlar yaratilmagan. 

 Keyingi yillarda bu boradagi masalalarga ilg‘or yechimlar taklif etilib, yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi yangi turistik ob’ektlar shu chora-tadbirlar natijasi sanaladi. 

Keyingi yillarda tumanda infratuzilma tubdan yangilandi. Yilning har bir faslida maroqli hordiq chiqarish uchun qulay sharoit yaratildi. Dam olish va sog‘lomlashtirish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari, zamonaviy mehmonxonalar ishga tushirildi. Eski sanatoriy va oromgohlar qayta ta’mirlanib, zamon talabiga mos holga keltirildi.

Yirik investitsiyalar jalb qilinib, yuzlab turizm inshootlari foydalanishga topshirildi. Asosiy avtomobil yo‘llari ta’mirlandi, qo‘shimcha yangi yo‘llar qurildi. Bu esa tashrif buyuruvchilar sonini bir necha barobarga oshirdi.

[gallery-25611]

Bo‘stonliqdagi ulkan o‘zgarishlar shiddati bugun ham davom etmoqda. Davlatimiz rahbari 15 sentyabr kuni “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortiga tashrif buyurgan edi.

Prezident tashrifidan so‘ng bu yerdagi ana shu yirik loyihalar – eng zamonaviy mehmonxona, restoran va savdo majmualari faoliyati bilan  tanishdik.

Yarim gektar maydonda qad rostlagan zamonaviy mehmonxonadamiz.  Qiymati 25 million 800 ming dollarni tashkil etgan mazkur loyiha doirasida qator bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xususan, 6 qavatli zamonaviy mehmonxona, 6 ta shale uyi, hammom va sauna barpo etildi.

– “Chimyon” xalqaro umummavsumiy kurortida bunday mehmonxonalar soni bir qancha, – deydi mehmonxona boshqaruvchisi Akbar Yusufjonov. –Aynan bizda bir vaqtning o‘zida 320 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyati bor. Bu orqali yil davomida o‘rtacha 45 ming nafar turistga xizmat ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Quvonarlisi, bu yerda xalqaro tajriba yo‘lga qo‘yildi. Dunyoga mashhur “Wyndham” brendi bilan hamkorlikda  xizmat ko‘rsatish boshlandi. Bu nafaqat xizmat sifati, balki mamlakatimiz turizm sohasining xalqaro nufuzini oshirishda ham muhim sanaladi. Yangi imkoniyatlar iqtisodiyot uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Majmua faoliyati natijasida yiliga 9 milliard 500 million so‘mdan ziyod daromad olish va 50 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bu esa shu hudud aholisi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Hududda yana bir zamonaviy mehmonxona majmuasi barpo etildi. Bu loyiha doirasida 7 va 5 qavatli apart-otellar, 7 qavatli mehmonxona hamda 2 qavatli restoran qurildi. Buning natijasida esa bir vaqtning o‘zida 443 nafar sayyohni qabul qilish imkoniyati yaratildi. Umumiy hisobda yil davomida o‘rtacha 54 mingdan ziyod mehmonga xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda. Mazkur majmua faoliyati iqtisodiy samara ham keltirib, yillik 9 milliard so‘mdan ortiq daromad olish mo‘ljallanmoqda. Shu bilan birga, 30 ta yangi ish o‘rni yaratilishi muhim ahamiyatga ega.

Eng muhimi hududda yangi zamonaviy avtoturargoh, restoran va savdo majmuasi ham bir joyda barpo etildi. Bu manzilda bir vaqtning o‘zida 300 ta avtomobilni vaqtincha saqlash imkoniyati yaratildi. Avtoturargohning birinchi qavatida esa restoran, bolalar maydonchasi va savdo majmuasi joylashtirilgan. Bu nafaqat qulaylik, balki turistlar uchun qo‘shimcha xizmatlarni bir markazda taqdim etish imkoniyatini ham beradi.

Bu yerdagi xizmatdan esa yiliga o‘rtacha 55 ming kishi foydalanishi kutilmoqda. Natijada 10 milliard so‘mdan ziyod iqtisodiy samaraga erishiladi. Eng muhimi, 70 ta yangi ish o‘rni yaratilishi tuman aholisi uchun katta imkoniyatdir.

Turizm ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini uyg‘un tarzda rivojlantirib, butun hududning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirayapti. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari, tashrifi chog‘ida, har bir ob’ektni nafaqat qurilish sifati, balki uning kelajakdagi samarasi nuqtai nazaridan baholash zarurligini ta’kidlagan edi.

Shu o‘rinda, xalqaro umummavsumiy kurorti loyihasi doirasida barpo etilayotgan zamonaviy tunnelning ahamiyatini ta’kidlash joiz.

Mazkur loyihaning dastlabki qiymati 6 million 80 ming dollarni tashkil etadi. Ushbu yirik inshoot orqali soatiga 500 dan ziyod avtotransport vositalarining xavfsiz va qulay harakatlanishi ta’minlanadi.

Tunnel tarkibiga uzunligi 1 ming 450 metr bo‘lgan asosiy yo‘l qismi, 2 ta ko‘prik va piyodalar yo‘laklari kiradi. Ayni paytda hududda himoya devorlari va zamonaviy qoplama ishlari to‘liq yakunlandi.

Yangi yo‘l ob’ekti nafaqat transport harakatini yengillashtiradi, balki turizm infratuzilmasini ham yangi bosqichga ko‘taradi. Zero, zamonaviy yo‘llar va qulay logistikasiz hech bir turistik hudud o‘z salohiyatini to‘liq namoyon eta olmaydi. Yangi tunnel esa hududdagi tog‘ kurortlariga olib boruvchi asosiy yo‘lni qisqartiradi. Xavfsizlikni oshiradi va yilning har bir faslida turistlar uchun qulay sharoit yaratadi.

Darhaqiqat, faol turizmni rivojlantirish, yangi majmualar qurishda mana shunday xalqaro standartlarni keng joriy etish zarur. Shu bilan birga, ekologiyaga e’tibor qaratish, tabiat bilan uyg‘unlikda bunyodkorlik ishlarini olib borish muhim.

Bu kabi loyihalar nafaqat hududning jozibadorligini oshiradi, balki mamlakatimizga kelayotgan har bir mehmonning O‘zbekiston haqidagi tasavvurini yanada yorqin va ijobiy qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Bo‘stonliq bugungi kunda nafaqat tabiiy go‘zalliklari, balki zamonaviy infratuzilmasi va yuksak xizmat madaniyati bilan ham turistik markazga aylanib bormoqda.

Ikrom AVVALBOEV,

Rustam NAZARMATOV(surat),

O‘zA muxbirlari