FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jamiyatga yangilik va yuksalish bag‘ishlamoqda. Farg‘ona viloyatining go‘zal go‘shalaridan biri bo‘lgan Buvayda tumani ham bugun o‘zgacha rivojlanish pallasida.
– Har qadamda taraqqiyot, har ko‘chada obodlik, odamlar qalbida esa kelajakka ishonch bor, - deydi tuman hokimi Bekzod Ibrohimov. – Tumanimizda amalga oshirilayotgan har bir loyiha, har bir tashabbus bir maqsadga xizmat qilmoqda, u ham bo‘lsa, xalq farovonligi va yurt ravnaqi uchun. Shu nurli o‘zgarishlar to‘lqinida Buvayda tumani ham tobora yangilanib bormoqda.
Tumanda bugun 253 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. Ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, ish o‘rinlari, tadbirkorlik va ta’lim sohalaridagi o‘zgarishlarning ko‘lami keng.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, sanoat sohasida 2024 yilda 813,8 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 985,9 milliard so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu o‘sish tumandagi 233 ta sanoat korxonasining faoliyati samarasidir. Joriy yilda 139 ta yangi loyiha doirasida to‘rt mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, shu paytga qadar 60 dan ziyod ta loyiha amalga oshirilib, 486 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi. Xizmatlar sohasi ham barqaror o‘sishni namoyon etmoqda. Shu paytga qadar 142 ta loyiha ishga tushirilib, 1097 nafar fuqaro bandligi ta’minlandi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, eksport hajmini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirishga ham Buvaydada ustuvor yo‘nalishlar sifatida qaralmoqda.
Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan tizimli chora-tadbirlar ham e’tiborga molik. Tumanda aholiga 1300 gektar yer ijaraga berildi. Natijada, 6 ming nafar fuqaro o‘z tomorqasida mehnat qilib, yiliga 50-60 million so‘m daromad olmoqda. 2024 yilda 742 ta oila kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 1747 ta oilaga yetkazish maqsad qilingan.
[gallery-25679]
Yoshlar masalasida ham qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlar daftari” orqali 179 nafar yoshga 845 million so‘mlik moddiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, yoshlarga yer ajratilib, ularni kooperatsiya asosida ish bilan ta’minlash ishlari olib borilmoqda.
Olib borilayotgan yangilanishlar nafaqat tuman markazida, balki chekka qishloq va mahallalarda ham o‘z samarasini ko‘rsatmoqda. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 12 ta qishloq va 7 ta mahallaning qiyofasi tubdan o‘zgardi. Ilgarigi chang, tor ko‘chalar bugun asfalt yotqizilgan keng yo‘llarga aylandi, ko‘p yillardan beri ta’mirtalab holatda turgan maktab va bog‘chalarga yangi hayot baxsh etildi.
Ha, Buvayda tumani bugun yangilangan, zamonaviy sanoati, tadbirkorligi, ta’limi va sog‘liqni saqlash kabi barcha tizimdagi islohotlari bilan yurtimiz taraqqiyotida muhim o‘rin tutyapti. Bunday o‘zgarishlarning markazida inson, uning manfaati va yurt obodligi turibdi. Ishonch bilan aytish mumkinki, tumandagi har bir yutuq Yangi O‘zbekiston ravnaqiga qo‘shilgan hissadir.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA