Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugundan ozodalik oyligi boshlanadi
15:38 / 2025-10-15

Bugun, 15 oktyabrdan boshlab Prezident topshirig‘iga ko‘ra butun respublikamizda tozalik va ozodalik oyligi boshlanadi.

Gap shundaki, kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan mahalla tizimini yanada takomillashtirish va joylarda ishlarni samarali tashkil etish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida hududlarni obodonlashtirish, mahallalarning ozodaligini saqlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tilib, bu boradagi vazifalar belgilab berildi.  

Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, ko‘pgina hududlarda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash, yon-atrofni chiqindixonaga aylantirish, turar joylar, ijtimoiy soha ob’ektlari atroflarini o‘z vaqtida tozalamaslik hamda bolalar maydonchalarining qarovsiz yotgan holatlari tez-tez uchraydi. Bunga bir tomondan aholining ekologik madaniyati yetarli darajada emasligi sabab bo‘lsa, ikkinchi tomondan hududlarni tozalashga, obodonlashtirishga mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘z vazifalarini munosib darajada bajarmayotgani ham sabab bo‘lmoqda.  

Aslida chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalarida qat’iy javobgarlik ko‘zda tutilgan. Qolaversa, bu kabi holatlar onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.  

Prezident raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ham ayrim mahallalar, ko‘chalar, qurilishlar atrofi, ariqlar, xiyobonlarda ozodalik talablariga rioya etilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu munosabat bilan butun respublikada tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilinishi belgilanib, har bir tuman va shahar hokimiga, obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga va boshqa tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berildi.

Mazkur ozodalik oyligi davomida barcha mahallalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘chalar, aholi turar joylari hududlarida tozalik ishlari amalga oshiriladi. Volontyorlar, yosh ekofaollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etiladi.  

Shuningdek, oylik davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari ham amalga oshiriladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan respublikaning barcha hududlariga o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari nazorati yanada kuchaytiriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining bergan ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus shtablar tashkil qilinmoqda. Bu shtablar tomonidan har bir viloyat, tuman va shaharlarda qat’iy ekologik nazorat o‘rnatiladi hamda jamoatchilikka kundalik ma’lumotlar berib boriladi.

Ekologiya va atrof-muhit musaffoligiga, o‘zi va farzandlari kelajagiga  bee’tibor bo‘lmagan har bir inson mazkur tozalik oyligida faol ishtirok etishi zarur. Duch kelgan joyga chiqindini uloqtirmasdan belgilangan joylarga tashlashga, o‘zi istiqomat qilayotgan hudud obodligiga mas’uliyatli bo‘lishga intilishi lozim. Zero, davlat rahbari ta’kidlaganidek, mahallaning ozodaligi shu yerda yashayotgan aholi, “mahalla yettiligi” va hokimning “yuzi”dir.

Muhtarama Komilova,

O‘zA