Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugundan muddatidan oldin ovoz berishga start berildi
11:51 / 2024-10-16

Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Bugun, 16 oktyabrdan boshlab saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. 

Ma’lumki, qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar muddatidan oldin ovoz berishi mumkin. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanib, uch kun qolganida tugallanadi. 

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablarini ko‘rsatgan holda ariza bilan tegishli uchastka saylov komissiyasiga murojaat qiladi. 

Muddatidan oldin ovoz berish kunlari saylov uchastkalarida ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan 18:00 ga qadar, dam olish kunlari esa soat 11:00 dan 17:00 ga qadar davom etadi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish ushbu saylov uchastkalari joylashgan davlatdagi mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 18:00 ga qadar amalga oshiriladi. 

Ta’kidlash joizki, muddatidan oldin ovoz berish 2024 yil 23 oktyabr kuni yakunlanadi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA