Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun yurtimiz matbuotida...
14:40 / 2021-08-18

Jurnalistning noni qattiq.

U turfa manfaatlar qurshovida daqiqa, soat sayin o‘zgarayotgan dunyo, hayotning eng qaynoq nuqtalarida bo‘lishi, ana shu tashvishlar ichida yashashi va odamlarni zarur axborot va xabarlardan ogoh etishi zamon va bugungi kun talabi.  

Siz va biz qiziqib o‘qiyotgan, tahlil qilayotgan har bir axborot, xabar, maqolaning ortida qalam ahlining katta mehnati yotadi. Ularning kasbiga sadoqati bois biz uydan tashqariga chiqmay turib ham dunyoda nimalar yuz berayotganidan boxabar bo‘lib boramiz. bugungi gazetalarni mutolaa qilar ekanmiz, yana bir bor bu fikrlar ko‘ngildan o‘ta boshlaydi...

"Yangi O‘zbekiston"ni kuzatamiz... Gazetadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni o‘rin olgan.  

O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligiga ruknida bu gal Toshkent viloyatiga o‘rin berilgan. “...Bir o‘lkaki tuprog‘i zar, eli muzaffar" nomli sahifa Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan islohotlar, istiqlol yillari erishilgan yutuqlar tahliliga bag‘ishlanadi. "Yangi O‘zbekiston bosib o‘tayotgan yo‘l barchamizda daxldorlik hissini uyg‘otishi lozim" sahifasida berilgan fikr-mulohazalar gazetxonlarni befarq qoldirmaydi.  

Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor Jasur Rizayevning "Vaksina olmadingizmi? Hali ham kech emas..." nomli maqolasi ham ko‘tarilgan masalaning muhimligi va aholini hushyorlikka chorlashi bilan e’tiborni tortadi.  

31 avgust qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni munosabati bilan berilgan Abdulqodir Shakuriy hayot yo‘liga bag‘ishlangan "Ilg‘or ma’rifatparvar va xalq ta’limi fidoyisi" hamda G.Qodirovaning "Davlat tiliga e’tiborsizlik – ona tiliga behurmatlik" maqolalari ham bugun e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan masalalarga bag‘ishlangani bilan o‘quvchini o‘ziga jalb qiladi...

"Xalq so‘zi" gazetasida ham bugungi kunning muhim va dolzarb muammolariga e’tibor qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti bilan bog‘liq xabar, davlat rahbarining "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida"gi farmoni, Markaziy saylov komissiyasining axboroti gazetaning birinchi sahifasidan o‘rin olgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda matbuotda e’lon qilingan «Yangi O‘zbekiston demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanmoqda» nomli intervyusiga bildirilgan "Prezident Sh.Mirziyoyev butun dunyoda e’tirof etilayotgan o‘zbek diplomatiyasida yangi sahifa ochdi" sahifasi gazetxonlar e’tiborini o‘ziga qaratadi. "Bunyodkorlik va yaratuvchanlikning ulug‘ qudrati", "Sen qanchalar baxtlisan, ayol!", "Murakkab, ammo istiqbolli soha" kabi maqolalar ham o‘zida bugungi kun dardi, ruhini aks ettirgani bilan e’tiborli...

"O‘zbekiston ovozi" ning bu soni o‘quvchi e’tiborini tortadigan maqolalarga boyligini ta’kidlash kerak. "300 mingga yaqin imzo", "Afg‘oniston: endi nima bo‘ladi?" kabi maqolalar o‘quvchi diqqatini o‘ziga tortadi. Gazeta sahifalaridan o‘rin olgan "Totalizator – baxt kushandasi" maqolasida oson yo‘l bilan – "bir dumalab" boylik orttirishga uringanlarning ayanchli qismati haqida so‘z yuritiladiki, bu nafaqat gazetxonni, balki butun jamiyatni ogohlikka chorlaydi... "O‘limdan og‘ir g‘am" maqolasi esa jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan biri haqida "jar" soladiki, bu ham o‘quvchini bee’tibor qoldirmaydi...

"Ma’rifat" gazetasining bugungi soni rang-barang. "Universitetlar: pandemiya va kelajak", "Emlandingizmi? Yoxud vaksina koronavirusdan qutulishga yagona chora", "Tirikchilik farzand tarbiyasidan ustunmi?" kabi maqolalarda bugungi kun muammolari, dardlari ko‘tarilgani bilan e’tiborli. Shuningdek, gazeta sahifalaridan o‘rin olgan yana bir qator maqolalar ham borki, bularda maktab, ta’lim tizimidagi masalalarga e’tibor qaratilgani kishini quvontiradi. Bir so‘z bilan aytganda, "Ma’rifat" ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, ularning buguni va ertasi haqida e’tibor qaratishda faol...

Milliy tiklanish”da saylov jarayonlariga keng e’tibor qaratilgan. "Deputat mansabdorga emas, saylovchiga bo‘ysununishi kerak", "Prezidentlik saylovi: kecha va bugun", "Har qanday tanlov aql tarozisida o‘lchanishi kerak", "Kanadada muddatidan oldin saylovlar" kabi maqolalar bunga misoldir. Ahmadjon Meliboyevning "Qozikalon jasorati", Hamidullo Boltaboyevning "Fitrat nidosi" maqolalari kechagi kunlarimizning bir qadar g‘amgin, ammo yorqin sahifalarini gazetxon yodiga soladi... Taniqli yozuvchi, jurnalist Hakim Sattoriyning "Navoiy andijoniydurur!?" va "Ashraf G‘ani qayerda?" kabi maqolalar gazetxon e’tiborida bo‘ladi. Gazetaning oxirgi sahifasidan o‘rin olgan O‘zbekiston Xalq shoiri Omon Matjonning she’rlari she’r, adabiyot ixlosmandlari uchun yaxshi tuhfa bo‘lgan.

"Yoshlar ovozi" va "Molodej Uzbekistana" gazetasi yoshlar hayoti, ularning oldida turgan muammo va yechimlarga keng e’tibor qaratgan. "Kamoliddin Behzod stipendiyasi sohiblariga guvohnomalar topshirildi", "Mehribonlik uylari – islohotlar ostonasida", "Men sardorman", "Yosh saylovchi" aksiyasi tashkil etildi» kabi maqolalar yoshlar hayotidan, yosh avlodga davlatimiz rahbari etibori, bugungi kun jamiyatimiz yoshlari haqida... "Vaqt o‘g‘risi va "Oliy ma’lumotli" mardikorlar bozori yoxud zamonaviy kasblarni egallash qanchalik muhim?" maqolalari ham gazetxon e’tiboridan chetda qolmaydi.

bugungi gazetalar muhim xabar, axborot, tahliliy maqolalarga boy, o‘qishni unutmang...

A.Narzulloyev, O‘zA