Futbol bo‘yicha Yevropa chempionlar ligasining umumiy guruh bosqichi 6-tur uchrashuvlari bugun, 9 dekabr kuni start oladi va 10 dekabr kuniga qadar davom etadi.
Avvalo mazkur tur oldidan musobaqa jadvaliga e’tibor qaratishni lozim topdik. O‘tgan 5 ta tur davomida barcha o‘yinlarda zafar quchib kelayotgan “Arsenal” 15 ochko bilan umumiy guruh bosqichi jadvalida yakka peshqadam bo‘lib turibdi. “PSJ”, “Bavariya”, “Inter” va “Real Madrid” klublari bir xil — 12 ochko bilan kuchli beshlikka kirgan.
Shuningdek, “Borussiya Dortmund”, “Chelsi”, “Sporting Lissabon”, “Manchester Siti” va “Atalanta” 10 ochkodan to‘plab, 6–10-o‘rinlarda qayd etilgan bo‘lsa, hisobida 9 ochko bo‘lgan “Nyukasl”, “Atletiko Madrid”, “Liverpul” va “Galatasaroy” jamoalari 11–14-pog‘onalarda, “PSV”, “Tottenxem” va “Bayer” 8, “Barselona”, “Qorabog‘” hamda “Napoli” 7 ochko to‘plab, 15–20-o‘rinlarni egallab turibdi.
Jadvalning 21–35-o‘rinlarida “Marsel”, “Yuventus”, “Monako”, “Pafos”, “Yunion Sent-Jilluaz”, “Bryugge”, “Atletik Bilbao”, “Ayntraxt Frankfurt”, “Kopengagen”, “Benfika” va “Slaviya Praga”, “Budyo-Glimt” hamda “Olimpiakos”, “Vilyarreal” va “Kayrat” joy olgan. “Ayaks” esa hali-hanuz ochko to‘play olmagan yagona jamoa sifatida oxirgi o‘rinda qolmoqda.
Chempionlar ligasining 6-turida ham bizni bir qator qiziqarli uchrashuvlar kutib turibdi. 9 dekabr kungi bahslarni “Kayrat” va “Olimpiakos” jamoalari uchrashuvi boshlab beradi. Bu bahs mamlakatimiz vaqti bilan soat 20:30 da boshlanadi. Shuningdek, 22:45 da “Bavariya” — “Sporting” uchrashuvi start oladi. 10 dekabr kuniga o‘tar kechasi tungi 01:00da “Monako” — “Galatasaroy”, “Atalanta” — “Chelsi”, “Tottenxem” — “Slaviya Praga”, “Yunion Sent-Jilluaz” — “Marsel”, “PSV” — “Atletiko Madrid”, “Inter” — “Liverpul” va “Barselona” — “Ayntraxt Frankfurt” uchrashuvlariga guvoh bo‘lamiz.
10 dekabrda esa “Qorabog‘” — “Ayaks”, “Vilyarreal” — “Kopengagen”, “Bryugge” — “Arsenal”, “Yuventus” — “Pafos”, “Benfika” — “Napoli”, “Bayer” — “Nyukasl”, “Atletik Bilbao” — “PSJ”, “Real Madrid” — “Manchester Siti”, “Borussiya Dortmund” — “Budyo-Glimt” klublari o‘zaro raqobatlashadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA