Yerga nisbatan Ona zamin so‘zini ishlatamiz. Chunki, Yer bizni xuddi onamizdek boqadi, to‘yintiradi. Eng asosiysi, bizni bir umr bag‘rida ko‘tarib yuradi. Hatto, odamzod bu dunyoni tark etganida ham Yer uni o‘z bag‘riga oladi. Tuproq odamzodni hech qachon tashlab ketmaydi. U hamisha biz bilan birga. Yursak, tursak, o‘tirsak ham bizni suyab turadi.
Ammo biz mana shu Ona zaminning qadriga yetyapmizmi? Uni asrab-avaylayapmizmi? Menimcha yo‘q. Biz Yerni cheksiz, u tugamaydi, kamaymaydi, deb o‘ylaymiz. Afsuski, tabiat kabi Yerning ham imkoniyatlari cheklangan. Uni asrab-avaylamasak, ehtiyot qilmasak, u ham bizni ko‘p narsadan mahrum qilishi mumkin.
Shu sababli Yer muammolariga insoniyatning e’tiborini qaratish ham bugungi kun uchun dolzarb. 1970 yildan boshlab har yili 22 aprel kuni jahondagi barcha mamlakatlarda turli tadbirlar va aksiyalar o‘tkaziladi. Shu bois, BMT Bosh Assambleyasi 22 aprel sanasini Butunjahon Yer kuni deb e’lon qildi. Shu kuni turli mamlakatlarda insonlarni sayyoramiz yagonaligini his etish, barcha insonlarning yagona uyi hisoblangan Yerni himoya qilishga chorlaydi.
Bolaligimizda yerga chiqindi tashlasak yoki yerni kaltak bilan ursak, kattalar Yerni urgan odam gunohga botadi, deyishardi. Bunday gaplarni eshitib, xuddi Yer bizni o‘z qa’riga yutib yuboradigandek cho‘chirdik va boshqa bu ishni takrorlamasdik. Shu tariqa Ona zamin bizni boqishi, unga ziyon yetkazmaslik kerakligi bolalikdan qalbimizga singgan.
Bugungi kunga kelib global iqlim o‘zgarishi, yerlarning yaroqsiz holatga kelishi, biologik xilma-xillikning tez sur’atlar bilan yo‘qolib borishi butun insoniyatning hayotiga xavf solayotgani barchani birdek xushyorlikka chorlamoqda.
Insonning tabiatga ta’siri, suv va energoresurslardan foydalanishdagi isrofgarchiliklar, o‘rmonlarning yoppasiga kesib yuborilishi oqibatida ko‘plab o‘simlik turlari butkul yo‘qolib ketish arafasida.
O‘rmonlarning turli ehtiyojlar uchun yo‘q qilinishi esa nafaqat insoniyatga, hayvonot olamiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Dunyoda hamma narsa bir-biriga chambarchas bog‘liq. O‘rmon bo‘lmagan joyda o‘simlik, nabotot olami bo‘lmaydi. Nabotot olami bo‘lmagan joyda yer kuchsizlanadi, oxir-oqibat eroziyaga uchrab yaroqsiz, sho‘rlangan, tashlandiq yerga aylanadi.
O‘zbekistonda ham o‘rmon resurslari cheklangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘rmon bilan qoplangan yer maydoni 4,4 million gektarni tashkil qiladi. Bu umumiy yer maydonining 10,6 foizini tashkil qiladi. Oxirgi 10 yil ichida Respublikada o‘rmonzorlarni ko‘paytirishga e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2024 yil 27 martdagi “Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida "O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash" loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq respublikaning 176 ming gektar yer maydonida o‘rmonzorlarning tabiiy tiklanishiga ko‘maklashish ishlari olib borildi. 38,5 ming gektar yer maydonlarida yaylovlarni qayta tiklash, 15 ming gektar yer maydonida suvni tejash va tog‘ o‘rmonlarida tuproq eroziyasiga qarshi kurashish, 14,2 ming gektar yer maydonlarida agroo‘rmonchilik tadbirlari olib borilmoqda. 5 ming gektar yer maydonida sanoatbop o‘rmonzorlar tashkil qilish hamda 5 ming gektar maydonda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
N.Rahmonova, O‘zA