English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun Turkiyada mahalliy hokimiyat idoralariga saylov
10:27 / 2024-03-31

Adolatli, shaffof va muntazam saylov zamonaviy demokratik davlatning asosiy xususiyatidir. Demokratiyanıng birlamchi sharti shundan iboratki, boshqaruvchilar o‘z vakolati va hokimiyat kuchini saylovchidan, ya’ni boshqariluvchidan oladi. Bu vakolat muntazam saylov orqali yangilanib boradi. Saylov orqali fuqaro o‘z nomzodi siyosati va faoliyatiga ovoz beradi, ijobiy yoki salbiy baholaydi.

Turkiya 1946-yil ko‘p partiyaviylik joriy qilingandan beri muntazam, adolatli va shaffof saylov o‘tkaziladigan mamlakatlar ro‘yxati yetakchilari safida. Mamlakatda saylov Oliy saylov kengashi (OSK) tomonidan mustaqil sudyalar nazorati ostida o‘tkaziladi va xavfsizlik, fuqarolarning jarayonga ishonchini ta’minlash nuqtayi nazaridan rivojlangan siyosiy madaniyatga ega.

Saylov va ovoz berish jarayoniga ishonch xalq ishtiroki ko‘rsatkichida ham namoyon. 2023-yil 14-may kuni bo‘lib o‘tgan Prezident va Parlament saylovi bilan Turkiya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) davlatlari orasida ishtirok darajasi bo‘yicha eng yuqori nisbatga ega 3-davlat bo‘ldi.

OSK ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tadbirda ichki ishtirok darajasi 88,92, Prezident saylovining ikkinchi bosqichida 85.72 foizni tashkil etdi.

IHTT, Xalqaro demokratiya va saylovga yordam instituti xulosasiga ko‘ra, mamlakat bu borada AQSH, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniyani, shuningdek Shvetsiya, Daniya, Yangi Zelandiya, Islandiya, Niderlandiya, Norvegiya kabi saylovda qatnashish ko‘rsatkichi 80 foiz atrofida bo‘lgan davlatlarni ortda qoldirdi.

Bugun – 31-mart, yakshanba kuni mahalliy hokimiyat organlari saylovida yana bir bor ovoz beradigan Turkiya demokratik qadriyatga sodiqlik, mahalliy hukumatga nisbatan innovatsion qarashda sobit. Mahalliy hokimiyatga umumiy saylov milliy va xalqaro miqyosda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Ayni payt xavfsizlik va adolat sharoitida kechgan saylov kampaniyalari respublikaning mahalliy hukumatga ahamiyat nuqtayi nazaridan mintaqada yetakchi demokratik davlatlardan biri ekanidan darak beradi.

Xalqning talab va ehtiyojini qondirishda birlamchi bosqich – mahalliy hokimliklar zamonaviy standartga mos dunyoqarash va istiqbolga egalikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash joiz. Bu jarayon xalqning demokratik faolligi va mahalliy davlat hokimiyati idoralari bilan muloqotini kuchaytirishda samara berayotgani ham haqiqat.

Bizda ko‘p yillardan buyon mavjud innovatsion munitsipalitet yondashuvining farqli tomoni – texnologiya va barqaror rivojlanish loyihalari bilan bir qatorda, insonlarning turmush sifatini yaxshilash, shaffoflik, har qanday sharoitda javobgarlik va eng muhimi, vatandoshlarimiz manfaatiga yo‘naltirilgan ma’muriyatni qurishga qaratilgan. 1994 yilgi mahalliy saylovdan so‘ng Istanbul shahri hokimligi boshqaruvini qo‘liga olgan Rejep Tayyip Erdog‘an tashabbusi bilan shahar boshqaruvi sohasida aholi turmushini yaxshilash yo‘lida muhim qadamlar tashlandi.

Amaldagi davlat rahbari tomonidan 30-yil avval ilgari surilgan xizmat siyosati va qarashlarini davom ettirish munitsipalitetlarning asosiy siyosiy qarashi bilan uyg‘un. Shu ma’noda bugungi mahalliy hokimiyat organlariga saylov ham xuddi shunday qarash va xizmat tushunchasini saqlab qolish, demokratik qadriyat, ijtimoiy yaxlitlikni mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz.

Turkiya uchun demokratiya yo‘lidagi yana bir muhim bosqich sifatida baholanayotgan navbatdagi mahalliy saylov ham mintaqadagi yetakchilikni mustahkamlaydi, deb hisoblaymiz va mamlakatimiz demokratik kamoloti, ijtimoiy faolligini oshiradigan muhim faoliyat o‘laroq qabul qilamiz.

Bundan tashqari avvalgi barcha saylovlar kabi bu galgisi ham turk xalqining demokratik jarayonda yanada samarali ishtirok etishiga imkon beradi va bu orqali demokratiyamizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bu saylovdan keyin 4-yil ichida boshqa saylov bo‘lmaydi. Turkiya keyingi 4-yil ichida Prezidentimiz boshchiligida taraqqiyot tashabbuslarini jadal davom ettiradi. So‘nggi yillarda kommunikatsiyadan diplomatiyagacha, iqtisodiy rivojlanishdan infratuzilmaga sarmoya kiritishgacha har bir sohada ko‘rsatilayotgan xizmat davom ettiriladi. “Turkiya asri”ga yangi va fuqarolik konstitutsiyasi bilan kirish maqsadi, kelgusi 4-yilning eng muhim ideali va kun tartibi bo‘ladi.

Ushbu qarash doirasida Turkiya demokratik standartini yuksaltirgan, daromad va farovonlik darajasini oshirgan, mintaqaviy va global davlat qurish da’vosi bilan harakatlanishda davom etadi. Mintaqaviy hamkorlik va sheriklik aloqalarini yaxshilash orqali “Turkiya asri”ni “Turkiy dunyo asri”ga aylantirish ham ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.

Asosiy siyosiy shiorimiz – Turkiy davlatlar tashkiloti yanada muhim ahamiyat kasb etishi va Turk dunyosi muammolariga doimiy yechim topishda yanada ta’sirli, samarali tuzilmaga aylanishiga erishish.

Turkiya 31-mart kuni nafaqat demokratiya madaniyatiga yana bir muvaffaqiyatli saylovni qo‘shadi, balki barcha viloyatlar, ayniqsa Istanbul va Anqara kabi yirik shaharlarini “Turkiya asriga” tayyorlaydi. Milliy taraqqiyot, o‘tgan yil 6-fevraldagi zilzilada zarar ko‘rgan hududlarni tiklash va qayta qurish, Istanbul kabi zilzila xavfi yuqori shaharlar chidamliligini oshirish saylovdan keyingi muhim vazifalarimizga aylanadi.

Yurtimiz bundan buyon ham har qanday saylovni demokratik tamoyil doirasida o‘tkazadi, amaldagi hukumat ham, muxolifat ham saylov natijasiga birdek hurmat bilan qaraydi va eng muhimi xalqaro maydonda barqarorlashtiruvchi kuch sifatida “Turkiya asrini” barpo etishda davom etadi.

Xullas, mahalliy boshqaruv idoralariga navbatdagi saylov, ichki va tashqi dinamikasi jihatidan, mamlakatni kelgusi o‘n yillik marralar sari eltishga qodir yana bir tadbir, deyish mumkin.

Fahrettin ALTUN,

Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Kommunikatsiya boshqarmasi boshlig‘i, professor

O‘zA