English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun Turkiya xalqi respublika kunini nishonlamoqda
17:49 / 2021-10-29

Turkiya respublikasi kuni har yili 29 oktyabrda nishonlanadi. 1923 yilning shu kuni Usmonlilar imperiyasi tarqatilib, o‘rniga Turkiya Respublika, deb e’lon qilindi.

Turkiya tarixida yangi davrni boshlab bergan ushbu voqeaga 98 yil to‘ldi. Shundan buyon  «Suverenitet qat’iy va u so‘zsiz xalqqa tegishlidir» degan shior davlat boshqaruvida o‘zining mustahkam o‘rnini topdi.

Bayram tadbirlari odatda 28 oktyabrda kunning ikkinchi yarmidan boshlanadi. Bayram kuni dam olish kuni hisoblanadi va hukumat muassasalarida, o‘quv yurtlari va maktablar binosi peshtoqlarida   milliy bayroq hilpiraydi. Maktablarda tantanali tadbirlar, ko‘chalarda bayram namoyishlari uyushtiriladi.

Ko‘chalar maktab o‘quvchilari va armiyaning namoyishlari tufayli odamga to‘lib ketadi. Anqaradagi Mustafo Kamol Ota Turk maqbarasi oldidagi maxsus tantanalar maydonida armiya ko‘rigi uyushtiriladi. Turli partiyalar shu kuni mamlakatning o‘tmishi va kelajagi mavzusida debatlar o‘tkazadi.

Shovqin va bayram kayfiyatiga to‘la bayramona hayot shu kuni bir daqiqalik sukutga cho‘madi. Kechga borib salyutlar otiladi va maydonlar va xiyobonlarda mashhurlarning chiqishlari tashkil etiladi.

Bu yilgi  29 oktyabr jumaga to‘g‘ri keldi, bayram arafasida esa, ya’ni payshanbada ish soati  qisqartirilgan hisoblanadi.  

Respublikaning 100 yilligiga yana ikki yil bor. Hukumat yuz yillikni Istanbuldagi ulkan loyiha – Qora va Marmara dengizini kemalar qatnovi bilan bog‘laydigan  yangi kanalni ishga tushirish bilan keng nishonlashni rejalashtirgan.

Darvoqe, Turkiya Respublikasi kuni nafaqat Ota Turk diyorida, balki Shimoliy Kiprda ham nishonlanadi.                                                                                                        

 

S.Rahimov