Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun tunda kelarmush bahor...
16:44 / 2024-02-29

Derazangdan mo‘ralab asta,

Gul yuzingdan bo‘lib shikasta,

Uzun qishga siltab qo‘lini,

Ham qalbingdan boshlab yo‘lini,

To‘qqiz oyki, yelarmish bahor,

Bugun tunda kelarmish bahor...

Ro‘yi zaminga qutlug‘ qadamlar ila kirib kelayotgan fasllar malikasi – so‘lim bahor, aslida – go‘zallik, nafosat, sevgi va umidlar fasli o‘laroq qalbimizdan joy olgan. Bahor qalblarimizga, ruhiyatimizga yangi, toza bir epkin, nafas olib kiradi. 

Bahor O‘zbekistonda atoqli shoira, vafo va sadoqat timsoli – Zulfiyaxonim Isroilova tavallud topgan kun timsolida ham kirib keladi. 

Bahorning ilk kuni, yangilanish arafasida tug‘ilish, bu taqdir inoyati.

O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim tavalludiga bu yil 109-yil to‘ladi. Zulfiyaxonim deganda ko‘z oldimizda turfa chechaklar bilan ziynatlangan gulzor-u  go‘zal she’riyatining muattar bo‘ylari bilan orolangan bir chamanzor namoyon bo‘ladi. Va bu chamanzordan necha zamonkim taralayotgan iforlar she’r muxlislarini mast qilib keladi. 

O‘zbek adabiyoti XX asrda har qancha ziddiyatli, mashaqqatli va murakkab yo‘lni bosib o‘tgan bo‘lmasin, bir qator yetuk ijodkorlar yetishib chiqdi. Oradan talay yillar o‘tib bugun o‘sha so‘z zargarlari yaratgan asarlarning yangidan yangi qirralarini kashf etib bormoqdamiz. 

Milliy adabiyotimiz tarixi, buguni va ertasida ayol qalbi, uning ichki kechinmalari, sharqona odob, milliy o‘ziga xosliklar –  o‘zbek ayoli, o‘zbek onasi, o‘zbek qizi obrazlari Zulfiyaxonim she’rlarida juda yorqin tasvirlangan. Zulfiyaxonim ijodi eng avvalo soddaligi, o‘ynoqiligi, samimiyligi va dilga yaqinligi bilan she’r muxlislari qalbidan joy olgan.

Zulfiyaxonim bugungi o‘zbek ayollari, qizlari qalbida chin ma’noda yetuk shoira, sadoqat va vafo timsoli bo‘lib yashab keladi. U bunday martabaga o‘zining tinimsiz mehnati, izlanishlari, qolaversa, ibratli hayoti  yo‘li bilan erishdi, desak, mubolag‘a bo‘lmas.

Zulfiyaxonim she’rlar yozish bilan birga badiiy tarjima bilan ham jiddiy shug‘ullangan. U chet el shoirlari va adiblari asarlarini o‘z ona tiliga o‘girib, o‘zbek o‘quvchilarini ham bu asarlardan zavqlanishiga imkon yaratgan. Xususan, S.Pushkin, Yu.Lermontov, N.A.Nekrasov, M.Voqif, L.Ukrainka, M.Dilboziy, S.Kaputikyan, Mustay Karim, Amrita Pritam va boshqalarning asarlari fikrimizga yorqin dalildir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Zulfiyaxonimning she’rlari ham dunyoning ko‘plab tillariga tarjima bo‘lib, o‘zbek shoirasiga shon-shuhrat keltirgan. 

Zulfiyaxonimning adabiyot gulshaniga qadam qo‘yishida hassos shoir Hamid Olimjon muhim o‘rin tutibgina qolmay, hayot yo‘lida ham unga suyanchiq bo‘ldi. U ana shu baxtli yillarida har qanday iste’dod faqat mehnat tufayli charxlanishini, haqiqiy ijodkor mehnat intizomiga rioya qilishi kerakligini angladi. 

Ularning muhabbati xuddi yangi gullagan bodom gullaridek chiroyli va xushbo‘y edi. Hamid Olimjon o‘z yoriga atab latif she’rlar bitdi, Zulfiya ham bu e’tiborga javoban haroratli misralar yozdi.

Zulfiyaxonimning Hamid Olimjon bilan kechirgan qisqa turmushi, undan erta ayrilishi, umuman, shoiraning hayot yo‘li inson qalbini junbushga keltirmay iloji yo‘q. O‘sha davrda Zulfiya ijodi qorli cho‘qqilarda endigina paydo bo‘layotgan kichik jilg‘ani eslatardi. Hamid Olimjondek buyuk qalbdan ajralish, ayriliq uni mo‘jaz jilg‘adan ulkan daryoga aylantirdi. U tiriklikni sharaf deb, o‘ziga she’riyat atalmish marmardan dilbarlik va donolikning boqiy haykalini yasab, ortidan kelayotgan keyingi avlodlarga qoldirib ketishga ulgurdi. 

Zulfiyaxonimning ibratli hayot yo‘li, jamiyatimizda xotin-qizlar istiqboli yo‘lida kurashi, yoshlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan talabchan va mehribon ustoz sifatida qilgan ishlari alohida mavzu. Shoira o‘zining betakror iste’dodi, Sharq ayolining aql-u zakosi, fazl-u kamolining yorqin ifodasi sifatida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirishdagi faol xizmatlari uchun yuksak hurmat va e’zozga sazovor bo‘ldi. 1999-yilda Prezidentimiz farmoni bilan yurtimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Nazarimda, shoira Zulfiyaga berilgan eng yuksak baho, xuddi mana shu bo‘lsa kerak.

Har yili o‘nlab iste’dodli, izlanuvchan va tashabbuskor, faol qizlar  bahorning ilk kunlarida ushbu yuksak mukofot bilan taqdirlanadi. Mukofot sovrindorlari nafaqat yurtimizda, balki jahonda bo‘lib o‘tayotgan olimpiada o‘yinlari, ilm-fan bellashuvlari, san’at sohasida o‘tkaziladigan turli festivallar, sport musobaqalari va tanlovlarda ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani quvonarlidir. 

Bugun yurtimizda husn-u latofati, aql-u kamoloti durdona,  o‘z orzu istaklari, izlanish va intilishlari bilan elimiz uchun ko‘p va xo‘p ishlarni maqsad qilib birlashtira olgan g‘ayratli va iste’dodli qizlar talaygina. 

Har yili bahorning ilk kuni, poytaxtimizdagi munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashab o‘tgan o‘zbek shoirasi Zulfiyaxonim haykali qad rostlagan Adiblar xiyobonida keng jamoatchilik vakillari, she’riyat ixlosmandlari, shoiraning oila a’zolari, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, talaba-yoshlar bilan birgalikda Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tadbir tashkil etiladi. 

Tadbirda shoiraning jo‘shqin ijodiy faoliyati, turli sinovlarni yuksak insoniy fazilatlar bilan mardona yengib o‘tgan umr yo‘li, shoiradan qolgan yorqin xotiralar yodga olinadi. 

Xalq mehri, el ardog‘ida bo‘lish har qanday ijodkor uchun eng katta baxt, eng yuksak mukofotdir. Ularni har eslaganimizda yuragimiz tubidagi eng shirin xotiralar qayta jonlanadi. Zulfiyaxonim ham odamlar qalbiga o‘z siymosini, ramziy ma’nodagi haykalini o‘rnatib ketgan ulug‘ shoira, ma’rifatparvar, vafo bobida benazir o‘zbek ayoli edi. 

Shoira o‘z she’rida shunday yozgan edi.

E’zozlar, ardoqlar uchun tashakkur,

Asli Siz – oftobim, men ziyosiman.

Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,

Baxtim shul – O‘zbekning Zulfiyasiman! 

Zulfiya – chin o‘zbek qizi, O‘zbekning Zulfiyasi bo‘lib qalblarimizda mangu yashaydi, muhabbat va sadoqat kuychisi bo‘lib, ishq torlarini chertib, ko‘ngillar to‘ridan joy egallayveradi.

 

Madina Zufarova, 

“RENAISSANCE” universiteti talabasi, 

O‘zA