Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun tug‘ilgan kun – Xurshid Davron
11:08 / 2021-01-20

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron 1952 yil 20 yanvarda Samarqand viloyatida tug‘ilgan.

Xurshid Davron Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatgan. U mehnat faoliyati davomida turli nashriyotlarda, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat jamoatchilik markazi hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida xizmat qildi.

Shoirning “Shahardagi olma daraxti”, “Tungi bog‘lar”, “Uchib boraman qushlar bilan”, “To‘marisning ko‘zlari”, “Bolalikning ovozi”, “Qaqnus”, “Bahordan bir kun oldin”, “Bibixonim” singari kitoblari o‘quvchilarga yaxshi tanish.

Xurshid Davronning ajdodlarimiz hayoti va faoliyati haqidagi bir qator dramatik asarlari e’tiborga molik. Ijodkorning “Boburshoh” asari “Bobur sog‘inchi” nomi bilan Muqimiy nomidagi o‘zbek davlat musiqiy teatrda sahnaga qo‘yildi. “Alg‘ul yoki Mirzo Ulug‘bek” dramasi 2008 yili dastlab radiospektakl, keyinchalik televizion spektakl sifatida namoyish etildi. Bulardan tashqari, “Temurnoma” nomli teleserial, “Jaloliddin Xorazmshoh” nomli telespektakl, shuningdek, “Buxoroyi sharif” film-operasi, “Ming bir rivoyat” teleloyihasi Xurshid Davron ssenariylari asosida yaratildi. U Mirzo Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi, Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand shahrida, Buxoro va Xiva shaharlarining 2500 yilligiga bag‘ishlab Parijdagi YUNESKO qarorgohida o‘tkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va yana xalqaro “Sharq taronalari” musiqa festivallari ssenariylari muallifi hamdir.

Xurshid Davron “Do‘stlik” ordeni hamda Xalqaro “Oltin qalam” milliy mukofoti bilan taqdirlangan.

***

PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan insonlar, davlat hamda jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.

Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.

Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev

E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru

Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37

Saytimizni kuzatib boring!