O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston sport harakatining fidoyi namoyandalaridan biri Shahrullo Mahmudov 1970 yil 13 sentyabr kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan.
U uzoq yillar davomida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi hamda mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi bosh kotibi sifatida samarali faoliyat yuritib, milliy sportimiz rivojiga katta hissa qo‘shdi. Hozirgi kunda Shahrullo Mahmudov O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari va O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat olib bormoqda.
Xalqaro maydonda ham u yuksak obro‘ga ega: Sh.Mahmudov Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi va Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, u bir necha yillar davomida Osiyo Olimpiya kengashi qarori bilan Osiyo o‘yinlarining og‘ir atletika musobaqalarini tashkil etish komissiyasiga raislik qilgan.
Shahrullo Mahmudov qo‘l ostida ko‘plab yurtimiz sportchilari – Ruslan Nuruddinov, Akbar Jo‘rayev, Doston Yoqubov, Tursunoy Jabborova singari chempionlar yetishib chiqdi. Ularning Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlaridagi yutuqlarida ham murabbiy va rahbar sifatida Sh.Mahmudovning mehnati beqiyosdir.
Sport va Olimpiya harakatini yuksaltirish, yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi g‘alabalarini ta’minlashdagi xizmatlari uchun u bir necha yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan. Jumladan, 2002 yilda «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» unvoni bilan, 2016 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni, 2021 yilda esa I darajali "Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan.
***
PS: Saytimizda tashkil etilgan «Bugun tug‘ilgan kun» loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan insonlar, davlat hamda jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @U_Qurbonov.
E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru.