Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun tug‘ilgan kun – Rustam Shodiyev (xotira)
17:15 / 2021-05-15

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisodiyot fanlari doktori, mamlakatimiz turizm sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutaxassis, professor Rustam Shodiyev 1938 yil 15 mayda tug‘ilgan edi.

Rustam Shodiyev 1955 yil Moskva davlat iqtisodiyot institutiga o‘qishga kirgan. U mehnat faoliyatini 1960 yil O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida laborantlikdan boshlagan va 26 yil davomida kichik ilmiy xodimdan to ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan pog‘onalarni bosib o‘tgan. 1967 yil Moskva shahrida nomzodlik, 1981 yil esa doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan. 1983 yilda professor unvonini olgan.

1980-1984 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Suriya Arab Respublikasida mehnatni tashkil etish va samaradorligini oshirish” nomli loyihasiga rahbarlik qilgan. Safardan qaytgach, mehnat vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Bank-moliya akademiyasi ilmiy markaziga rahbarlik qilgan.

1997 yildan 2005 yilgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri, 2005-2019 yillarda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro turizm” kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritgan.

U o‘zbek tilida ilk bor 2005 yilda va keyinchalik qayta chop etilgan “Jahon iqtisodiyoti” fani darsligining muallifidir. 120 dan ortiq maqolalari (ulardan 18 tasi xorijda) va 4 ta (bittasi ingliz tilida) yirik monografiyasi chop etilgan. 3 nafar fan doktori va 30 nafar iqtisodiyot fanlari nomzodini tayyorlagan. 1988 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Rustam Shodiyev O‘zFA Kibernetika institutida, keyinchalik Mehnat vazirligi qoshidagi ilmiy tekshirish institutida katta ilmiy xodim lavozimida ishlagan. U 2020 yil 21 oktyabrda vafot etgan.

***

PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan, qo‘shayotgan insonlar, davlat va jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari esga olinadi.

Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.

Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev

E-mail: pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru

Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37

Saytimizni kuzatib boring!