O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Azim Suyun 1948 yil 22 fevralda Samarqand viloyatidagi Nakurt qishlog‘ida tug‘ilgan.
Azim Suyun 1977 yil Toshkent Davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) jurnalistika fakultetini tugatgan. Mehnat faoliyati davomida «Toshkent universiteti» gazetasida adabiy xodim, G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida muharrir bo‘lib ishlagan.
Shuningdek, O‘zbekiston Matbuot davlat qo‘mitasida adabiy maslahatchi, Yozuvchilar uyushmasida mas’ul kotib, “Xalq so‘zi” gazetasida bo‘lim muharriri bo‘lgan. “O‘zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri vazifasida xizmat qilgan. Undan keyin “Guliston” jurnalida ham bosh muharrir bo‘ldi. Ijodkor butunjahon shoirlar kongressi a’zosi edi.
Ijodkorning dastlabki she’riy to‘plami — «Mening osmonim» 1978 yil chop etilgan. Shundan so‘ng bir qancha she’riy majmualari («Zarb», 1979; «Zamin taqdiri», 1981; «Xayolot», 1984; «Ziyo yo‘li», 1986; «Javzo», 1987; «Olis tonglar», 1989; «Kuyganim — suyganim», 1992; «Qora ko‘zing sening», 1994; «Saylanma», 1997; «Sharq xikmati», 2000; «Ey do‘st», 2005) va bir nechta dostonlari («Sarbadorlar», 1981 va boshq.) nashr etilgan.
Azim Suyun she’riyatni xalq ohanglari, tabiatning nafis tasviri, badiiy ijod an’analarini yangicha shakl va mazmun bilan boyitdi. Uning asarlari bir qancha xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Xalqimizning ardoqli shoiri Azim Suyun 2020 yil 9 martda olamdan o‘tdi.
ANDIZ O‘SGAN YeRLARDA
«Qadimgi Nurato qo‘shiqlari» turkumidan
Andiz o‘sgan yerlarda otlar bevaqt o‘lmagay,
Yaxshi bo‘lsa ayollar erlar yuzi so‘lmagay.
Qaysi yurtda chinakam botir bo‘lsa yigitlar,
O‘shal yurtning ellari yovlarga qul bo‘lmagay.
Ot minmagan ot minsa, chopa-chopa o‘ldirar,
Bog‘ ko‘rmagan bog‘ ko‘rsa, payhon qilar, so‘ldirar.
Hushyor bo‘lgil, jon elim, elday saqla elingni,
Yovlaringga yo‘l bersang, poymonangni to‘ldirar.
Bosh kesilsa, yoronlar, sochga motam tutilmas,
Qon qusilsa, yoronlar, ichga suvdek yutilmas.
Qay bir millat tuprog‘in toptar ekan makkor yov,
O‘zligin bilganlarning baxti aslo butunmas!
Arg‘umog‘larga mining,
G‘olib qilich yor bo‘lsin!
Bu dunyoda har kimning
o‘z Vatani bor bo‘lsin!
***
PS: Saytimizda tashkil etilgan “Bugun tug‘ilgan kun” loyihasida turli sohalarda mamlakatimiz ravnaqiga o‘z hissasini qo‘shgan va qo‘shayotgan insonlar, davlat hamda jamoat arboblari, akademiklar, el sevgan ijodkorlar hamda kasbi, tanlagan yo‘lida yuqori natijalarga erishayotgan vatandoshlarimizning tug‘ilgan kunlari yodga olinadi.
Mazkur ruknga oid fikr-mulohazalaringiz, taklif yoki qo‘shimchalaringiz bo‘lsa, quyidagi manzillarga murojaat qilishingiz mumkin.
Telegram: @UzA_pochta, @Ikrom_Avvalboyev
E-mail:pochta@uza.uz, uzauz@yandex.ru
Telefon: (71) 233-42-84, (71) 233-21-37
Saytimizni kuzatib boring!