Vatanimiz o‘tmishidan o‘rin olgan 14-aprel bilan bog‘liq ayrim voqealar…
Mazkur sanasida Amir Temur Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosi sohiliga 250 ming qo‘shinni saf torttirib, tunda qanday qilib To‘xtamishning bir guruh lashkarini jangsiz yenganini, Turkistonda sud tizimi bilan bog‘liq qanday muhim o‘zgarish sodir bo‘lganini, Navoiy, Zamaxshariy bilan bog‘liq voqea-hodisalar va boshqalar bayon qilinadi.
1144-yil (bundan 880-yil oldin) – tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi Zamaxshariy Xorazmda 69 yoshida vafot etdi. Shundan deyarli ikki yuz yil keyin, ya’ni 1333-yili Xorazmni ziyorat qilgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta o‘zining «Ar-Rihla» (Sayohatnoma) nomli asarida Xorazm (Ko‘hna Urganch)ning tashqarisida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganligi haqida yozadi.
Zamaxshariy haqida Ibn al-Qiftiy quyidagicha yozgan: “Zamaxshariy ilm ul-adab, grammatika va lug‘at bobida o‘zgalarga misol bo‘ladigan alloma edi. U o‘z hayoti davomida ko‘plab buyuk olimlar va fozillar bilan uchrashgan bo‘lib, tafsir, hadis, grammatika va boshqa sohalar bo‘yicha bir qancha asarlari bordir. U o‘z asrida arab tilida ijod qilgan ajamlar (g‘ayri arablar) orasida eng buyugidir”. Bundan tashqari arab naqllaridan birida shunday deyiladi: “Agar Zamaxshariy bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini bilmas edilar”.
1395-yil (bundan 629-yil oldin) – Amir Temur o‘zining 250 ming atrofidagi qo‘shinini Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosining chap sohiliga o‘tkazib, saf torttirdi. 15-aprelga o‘tar kechasi To‘xtamishning bir guruh lashkari tunda hamla qilmoqchi bo‘ldi. Lekin chig‘atoylar Sohibqironning «Kecha bo‘lg‘onda hech kishi o‘z yeridin tebranmagay va undashmasunlar va shabixun [ya’ni kechasi to‘satdan hujum]dan voqif bo‘lsunlar, o‘t yoqmasunlar!» – degan farmoniga amal qilib, shaylanib nog‘ora va karnaylarni chalib turgan edilar, dushman yaqinlasholmay, qaytib ketdi.
1469-yil (bundan 555-yil oldin) – Alisher Navoiy ramazon hayiti kuni hukmdor Sulton Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tahniyat (shohni muborakbod etish) marosimida ilk bor o‘zining mashhur «Hiloliya» qasidasini tantana ishtirokchilariga taqdim etdi. Mazkur qasida shoirning nihoyatda teran badiiy tafakkuri va taxayyulining mahsuli hisoblanadi. Qasida 91 baytdan tarkib topgan bo‘lib, uning matlaʼ va maqtasida yangi oy – hilolga ishora qilinadi.
«Hiloliya» qasidasi mazmun-mohiyati va badiiyatining mukammallashuvini uning voqeiy asar ekanligi ham ta’min etgan. Qasidadagi voqealar to‘rt asosiy obraz atrofida aylanadi: shoir, Atorud (Merkuriy sayyorasi, mifologiyaga ko‘ra, ayni yulduz shoir va yozuvchilar homiysi sanaladi), ulug‘ shoirning sevgilisi va shahanshoh Husayn Boyqarolar shular jumlasidandir. «Hiloliya»ning yetakchi qahramoni ulug‘ shoirning o‘zidir.
1916-yil (bundan 108-yil oldin) – kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Yudakov tavallud topdi (vafoti 1990-yil). Uning asarlari o‘zbek va tojik xalq kuylari hamda zamonaviy ohang va usullar uyg‘unligi, janr jihatidan xilma-xilligi, yorqin va hayotbaxsh kuylari bilan ajralib turadi.
1917-yil (bundan 104-yil oldin) – Buxoro amiri Sayyid Olimxonning islohotlar to‘g‘risidagi farmoni bekor qilindi. Yosh buxoroliklar amirlikda ta’qib ostiga olindi. Buxoro amiri 7-aprelda Buxoroda turli islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Biroq, farmonni quvvatlash maqsadida Yosh buxoroliklar tomonidan poytaxt Buxoro shahrida 8-aprelda bo‘lgan namoyish amir tomonidan bostirildi.
1923-yil (bundan 101-yil oldin) – Turkiston Oliy inqilobiy tribunali tugatilib, uning o‘rniga Oliy sudning Turkiston bo‘limi tashkil topdi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi raisi etib A.Sharafuddinov saylandi. U bunga qadar Turkiston Oliy inqilobiy tribunali raisi lavozimida ishlagan edi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi tarkibi Prezidium, jinoiy sudlov va jinoiy kassatsiya hay’atlaridan iborat edi.
1999-yil (bundan 25-yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining «Lizing to‘g‘risida», «Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida» Qonunlari qabul qilindi.
2017-yil (bundan 7-yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xorazm Ma’mun akademiyasining faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
2018-yil (bundan 6-yil oldin) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilinadi. Farmon bilan «respublika – viloyat – tuman (shahar)» uch pog‘onali prinsipi bo‘yicha vertikal boshqaruvni joriy etgan holda tumanlar (shaharlar)da adliya bo‘limlari tashkil etildi.
O‘zA