Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 18-turini boshlab bergan "So‘g‘diyona" – "Mash’al" bahsi 2:0 hisobida o‘z nihoyasiga yetdi.
“So‘g‘diyona” markaziy stadionida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvda mezbonlarga g‘alaba taqdim etgan gollarga Javohir Qahramonov va Ruben Hebay mualliflik qildi. Natijada “So‘g‘diyona” jamoasi ochkolarini 20 taga yetkazib olgan bo‘lsa, “Mash’al” 15 ochko bilan qoldi.

Bugun, 11 avgust kuni turning ikki markaziy uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda “Neftchi” – “Nasaf” va “Dinamo” – “Paxtakor” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Mahalliy vaqt bilan 19:00 da Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida start oladigan “Neftchi” va “Nasaf” o‘rtasidagi o‘yin shiddatli o‘tishi shubhasiz. Negaki, ayni damda chempionatda Qarshi shahri klubi 37 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, “Neftchi” 33 ochko bilan raqiblarini ta’qib qilmoqda. Shu bois ham bu jamoalar to‘qnashuvi keskin va murosasiz o‘tadi.

Shu o‘rinda ushbu jamoalarning bugunga qadar milliy chempionatimizda o‘tkazgan o‘zaro o‘yinlari statistikasiga nazar solsak. Jamoalar o‘zaro 53 ta o‘yinda maydonga tushgan bo‘lib, ularda “Nasaf” 22 marotaba zafar quchgan va 19 marta mag‘lub bo‘lgan. Qolgan 12 ta bahs durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati – 68/58 Qarshi shahrining bosh klubi foydasiga.
Eslatib o‘tamiz, Superliganing bu yilgi mavsumi birinchi davrasida “Nasaf” va “Neftchi” jamoalari 0:0 hisobida durang o‘ynagan.

Endi esa Samarqandda o‘tadigan “Dinamo” hamda “Paxtakor” klublari o‘rtasidagi o‘yin haqida to‘xtalamiz. Hozirda “Dinamo” 33 ochko bilan 4-o‘rinda bormoqda. “Paxtakor” esa 29 ochko jamg‘arib, 6-pog‘onani zabt etgan. Bu esa jamoalar o‘rtasidagi uchrashuv haqiqiy jangovar tarzda o‘tishini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, bu jamoalarda hali shohsupaga ko‘tarilish imkoniyati yo‘q emas. Biroq, bu galgi o‘yinda har ikkala klubning g‘alabaga erishish imkoniyatlari deyarli bir hil.
Klublar jami 53 ta uchrashuvda ro‘baro‘ kelgan. Unda "Paxtakor" 40 g‘alaba, 6 durang va 7 mag‘lubiyatni qayd etgan. Raqib darvozasiga 108 to‘p kiritib, 30 gol o‘tkazib yuborgan. So‘nggi uchrashuvda Samarqand jamoasi Toshkentda o‘tgan uchrashuvda 1:0 hisobida zafar quchgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA