Bugun soat 16:00 dan boshlab metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi
Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi. Unda yozilishicha, mamlakatimiz hududlariga sovuq va nam havo massalarining kirib kelishi natijasida tabiiy gazga bo‘lgan talab keskin ortgan. Bu esa magistral gaz quvurlarida bosimning pasayishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur vaziyatda, avvalo, aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash ustuvor vazifa hisoblanadi.
Shu munosabat bilan 10-mart kuni soat 16:00 dan boshlab respublikadagi metan zapravkalar faoliyatiga vaqtincha cheklov joriy etiladi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu chora aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini barqaror gaz ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Ayni paytda ijtimoiy soha ob’ektlariga xizmat ko‘rsatuvchi hamda jamoat transport vositalari uchun gaz ta’minoti cheklovlarsiz, barqaror tarzda davom ettiriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA