Bugun Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari uchrashadilar
Bugun, 31 oktyabrda Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari – Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan Sochida uchrashadilar. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, uch davlatning rahbarlari 2020 yil 9 noyabr, 2021 yil 11 yanvar va 26 noyabrdagi kelishuvlarni amalga oshirish hamda barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qadamlarni ko‘rib chiqishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, uch tomonlama muzokaralarda Kavkaz ortida xavfsizlik, savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini tiklash hamda ularni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, davlat yetakchilarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazilishi ham mo‘ljallangan.
O‘zA