Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun – O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni
15:39 / 2023-12-10

Soha xodimlariga ehtirom ko‘rsatildi

2017 yil 25 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra dekabr oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni etib belgilangan. Shundan buyon mazkur sana agrar sohada mehnat qilib kelayotgan yurtdoshlarimiz tomonidan keng nishonlab kelinmoqda.  

Toshkent davlat agrar universitetida ham Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni – “Hosil bayrami” nishonlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazirlik tizim tashkilotlari rahbariyati, boshqarma boshliqlari, agrar soha fidoyilari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qishloq xo‘jaligi xodimlariga bayram tabrigini Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.

Prezident tabrigida ta’kidlanganidek, biz har bir qarich yerdan hamda har bir tomchi suvdan unumli foydalanadigan, doimo izlanib, o‘ziga xos tajriba yaratgan insonlarni haqiqiy vatanparvar sifatida qadrlaymiz. Joriy yilda ham mana shunday klasterlar va fermerlar tomonidan 100 ming gektar yerlar foydalanishga kiritilib, oziq-ovqat ekinlari ekildi, mevali bog‘ va tokzorlar barpo etilmoqda.  

Iqlim o‘zgarishi, global isish oqibatida mamlakatimizda suv tanqisligining oldini olish uchun 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinib, 3 mlrd. kub metr suv iqtisod qilindi va qariyb 1 mln. gektar yerlarning suv ta’minoti yaxshilandi.  

Sohada zamonaviy ilm va innovatsiyalarga asoslangan resurs tejamkor texnologiya va agrotexnik tadbirlarni joriy etish, gumusli bio o‘g‘itlarni qo‘llash hisobiga tuproq sifati yaxshilanib, hosildorlik paxtada 10 foiz, bug‘doyda 20 foiz, sabzavot, poliz ekinlarida 25-30 foizgacha oshdi.

Sohani rivojlantirish, uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi” bilan 9 ta ustuvor yo‘nalish, qisqa va uzoq muddatli islohotlarni amalga oshirish tamoyillari belgilandi. Ayni paytda Strategiyada belgilab berilgan tamoyillar asosida agrar sohada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.  

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni, xususan, chorvachilik va issiqxona xo‘jaliklarini, paxta-to‘qimachilik klasterlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, hamda uzumchilik va vinochilik sohasini barqaror rivojlantirish, xomashyo bazasini kengaytirish va eksport hajmini oshirish, agrar sektorni zamonaviy, resurs tejamkor texnikalar bilan ta’minlashni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizmlar joriy etildi.

Foydalanishdan chiqib ketgan 1,1 mln. gektar yerlarni oborotga kiritish Konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya doirasida o‘tgan 6 yil mobaynida qariyb 670 gektardan ortiq yerlar foydalanishga kiritildi. Ushbu yerlarda 280 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi va qo‘shimcha 4,2 mln. tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi.

Mutasaddilarning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida 2016-2023 yillarda jami 400 ming gektardan ortiq paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, oziq-ovqat ekinlari joylashtirildi. 2017-2023 yillarda 156,6 ming gektar yangi mevali bog‘lar (92,6 ming gektar intensiv) va 157,7 ming gektar yangi uzumzorlar barpo qilindi.  

Barcha toifa xo‘jaliklarida mevali bog‘lar maydoni 355,6 ming gektarga, uzumzorlar 209,7 ming gektarga yetkazildi. Amalga oshirilgan tizimli tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining yillik o‘sishi o‘rtacha 103,7 foizni tashkil etdi.

Umuman olganda, davlatimizning qishloq xo‘jaligi ravnaqiga qaratilgan alohida e’tibori, dehqon va fermerlarga berilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar bois sohaning barcha tarmoqlarida oldingi yillarga nisbatan salmoqli yutuqlarga erishildi. Masalan, dehqonlarimiz joriy yilda 3 mln. 800 ming tonna paxta, 8.5 mln. tonna g‘alla xirmoni yaratdi. Shuningdek, 15 mln. tonnadan ortiq sabzavot-poliz, 5 mln. tonna meva va uzum, 4 mln. tonna kartoshka yetishtirildi. Sohaning boshqa tarmoqlarida ham shunday o‘sish kuzatilmoqda.

Tadbir doirasida bir guruh agrar soha rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda qishloq xo‘jaligi fidoyilariga O‘zbekiston Respublikasi “Qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zA