French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun o‘zbek boksining yangi chempionlari jang o‘tkazadi
09:48 / 2026-01-22

Bugun, 22 yanvar kuni poytaxtimizda boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida davom etayotgan O‘zbekiston chempionatining final janglari bo‘lib o‘tadi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasida 20 ta vazn toifasida mamlakatimizning eng kuchli charm qo‘lqop ustalari aniqlanadigan janglar nafaqat yurtimiz, balki xorijiy mamlakat boks muxlislarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Bu, ko‘plab davlatlardagi sport, xususan boksga ixtisoslashgan axborot kanallarida, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston chempionatining tafsilotlari, uning voqeliklari keng yoritilayotganida o‘z aksini topmoqda.

Bevosita chempionat tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, Muhammadqodir Abdullayevu Karim To‘laganov, Bahodir Jalolov va Do‘smatovlarning izdoshlari ishtirokidagi har bir jang final oldidan final darajasida kechgani muxlisu mutaxassislar nazaridan chetda qolmadi.

Chempionat janglarini boshqargan xorijlik va mahalliy hakamlarning adolatli va shaffof harakati natijasida kuchlilar finalga yetib keldi.

Hududlar kesimida oltin medalga da’vogarlar ro‘yxatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bu borada qiziqarli tafovutga guvoh bo‘lamiz.

Masalan, 20 ta vaznda o‘tadigan bahslarda Mudofaa vazirligi jamoasi 7 ta, Samarqand viloyati 4 ta, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlari markazi jamoalari 3 tadan, Andijon, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sport akademiyasi 2 tadan hamda Toshkent shahri, Navoiy, Xorazm jamoalari 1 tadan final chiptasiga ega chiqqani kuchlilar o‘rtasidagi raqobat har yilgidan ham oshganidan dalolat bermoqda.

Chempionatning saralash bahslari mamlakatimizda o‘zbek boksining g‘alabaga chanqoq navqiron avlodi kamolga yetayotganini yorqin namoyon etdi.

O‘zbekiston chempionatining yangi davr finalchilari:

Erkaklar:

50 kg. Asilbek Jalilov (Buxoro) - Sardor Hotamov (Toshkent)

55 kg. Samandar Olimov (Mudofaa vazirligi) - Shahzod Muzaffarov (Buxoro)

60 kg. Abdurahmon Mahmudjonov (Sport akademiyasi) - Dilshod Abdumurodov (Surxondaryo)

65 kg. Atham Muhiddinov (Toshkent viloyati) - Abdulloh Madaminov (Mudofaa vazirligi)

70 kg. Iqboljon Xoldorov(Andijon)- Havasbek Asadullayev (ROPS)

75 kg. Javohir Abdurahimov (Mudofaa vazirligi) - Samandar Habibullayev (ROPS)

80 kg. Rahmatillo Boymatov (Namangan) - Ruslan Esonov (Mudofaa vazirligi)

85 kg. Jasurbek Yo‘ldoshev (ROPS) - Nusrat Tohirov (Mudofaa vazirligi)

90 kg. Madiyor Saidrahimov (Mudofaa vazirligi) - Shahzod Polvonov(Toshkent viloyati)

+90 kg. Jahongir Zokirov (Jizzax) - Ozodbek Aliyev (Mudofaa vazirligi)

Ayollar:

48 kg. Farzona Fozilova (Buxoro) - Sabina Boboqulova (Namangan)

51 kg. Feruza Kazakova (Farg‘ona) - Gulsevar G‘aniyeva (Samarqand)

54 kg. Nigina O‘ktamova (Samarqand) - Robiya Ravshanova (Navoiy)

57 kg. Xumorabonu Mamajonova (Farg‘ona) - Rahima Bekniyazova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

60 kg. Sitora Turdibekova (Samarqand) - Sevara Mamatova (Samarqand)

65 kg. Navbaxor Hamidova (Farg‘ona) - Dilfuza Bekova (Surxondaryo)

70 kg. Maftuna Yangiyeva (Sport akademiyasi) - Aziza Zokirova (Jizzax)

75 kg. Mavluda Mavlonova (Farg‘ona)- Aysanem Saruarova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

80 kg. Ruxshona Parpiyeva (Sport akademiyasi) - Diyoraxon Abdumannopova (Namangan)

+80 kg. Oltinoy Sotimboyeva (Xorazm) - Sobiraxon Shahobiddinova (Andijon)

To‘lqin Ro‘ziyev,

O‘zA