Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun Ozarbayjonda sukunat kuni
14:36 / 2018-04-10

Ertaga Ozarbayjon Respublikasida navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Bugun yirik siyosiy tadbir oldidan mamlakatda sukunat kuni e’lon qilindi.

Ertaga Ozarbayjon Respublikasida navbatdan tashqari prezidentlik saylovi o‘tkaziladi. Bugun yirik siyosiy tadbir oldidan mamlakatda sukunat kuni e’lon qilindi.

Ozarbayjon Respublikasi saylov qonunchiligiga ko‘ra ushbu kunda saylovga oid har qanday tashviqot, siyosiy reklamalar man etiladi.

Ozarbayjon prezidentligiga saylovoldi tashviqot joriy yilning 19 martidan boshlangan edi. Shu kundan e’tiboran prezidentlikka nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari, tashviqot videoroliklari, siyosiy debatlar davlat ommaviy axborot vositalari orqali omma e’tiboriga havola etila boshlandi. Shu maqsadda nomzodlarga 3 soatlik bepul efir vaqti ajratilgan bo‘lgan.

Prezidentlikka nomzodlar sakkiz nafar. Bular amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyev, “Butun Ozarbayjon xalq partiyasi”dan Gudrat Gasanguliyev, Ozarbayjon Sotsial-demokratik partiyasidan Araz Alizoda, “Xalq harakati – Tiklanish”partiyasidan Faraj Guliyev, “Frontchilar tashabbus guruhi”dan Rozi Nurullayev, “Zamonaviy Musavat” partiyasidan Hafiz Gajiyev”, o‘z nomzodini ilgari surgan Zohid Oruj va Ozarbayjon Demokratik partiyasidan Sardor Mamedov.

Muxolif bo‘lgan “Milliy kengash” partiyasi, “Xalq fronti partiyasi” va “Musavat” saylovning muddatdan oldin o‘tkazilishiga qarshi chiqdi. Oppozitsiya siyosiy tadbirga boykot e’lon qilgan.

Ertaga Ozarbayjon Respublikasida mahalliy vaqt bilan soat 8.00 da prezidentlik saylovi boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasining ma’lumotlariga ko‘ra mamlakatda 5 milliondan ziyod saylovchilar bor. Ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro kuzatuvchilar soni 900 ga yaqin. Jami 5 ming 641 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan. Respublikaning 32 davlatdagi diplomatik vakolatxonalarida ham 41 ta saylov uchastkasi hozirlab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Respublikasida prezidentlik saylovi 2018 yilning oktabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Prezident Ilhom Aliyev Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasi va saylov qonunchiligining tegishli moddalariga binoan qaror qabul qildi. Mazkur qarorga ko‘ra 2018 yil 11 aprelda Ozarbayjon Respublikasida prezidentlik saylovi muddatidan oldin o‘tkaziladi.