Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun Ozarbayjonda davlat mustaqilligining 104 yilligi nishonlanmoqda
20:04 / 2022-05-28

28 may kuni Ozarbayjon xalqi an’anaviy ravishda Ozarbayjon Demokratik Respublikasi (ODR) tashkil etilganining 104 yilligini keng nishonlaydi.

1918 yilning shu kunida mustaqillik to‘g‘risida Deklaratsiya qabul qilinib, ilk bor Sharqda mustaqil, dunyoviy va demokratik Ozarbayjon Respublikasi e’lon qilingan. ODR diplomatlari sa’y-harakati bilan 1919 yil Jenevada bo‘lib o‘tgan Millatlar Ligasi tinchlik konferensiyasida ushbu davlatning mustaqilligi tan olindi. O‘sha yil aprel oyiga kelib Boku shahrida yigirmadan ziyod diplomatik missiya akkreditatsiya qilingan.

Demokratik respublika uzoq yashamadi, atigi 23 oy turdi. Shu qisqa muddatda ham ko‘p ish qilinidi. Ko‘p partiyaviylik asosida birinchi Parlament shakllantirildi, hukumat tuzildi, chegaralar belgilandi, mamlakat bayrog‘i, gimni va ramzi (gerbi) qabul qilindi, Ozar tili davlat tili, deb e’lon qilindi, davlatchilik qurish yo‘lida jiddiy sa’y-harakatlar amalga oshirildi. Mamlakatning milliy xavfsizligi ta’minlandi, qisqa muddatda jangovar armiya tashkil etildi, milliy talabga va demokratik tamoyilga javob beradigan davlat organlari shakllantirildi, 200 dan ziyod qonun qabul qilindi, ayollarga saylash huquqi berildi, Ozarbayjon tarixida birinchi universitet ta’sis etildi.

Oradan yetmish yil o‘tib, ya’ni 1991 yil 18 oktyabrda Ozarbayjon qonunchilik organi tomonidan davlat mustaqilligini tiklash to‘g‘risida Konstitutsion akt qabul qilindi. Umummilliy yetakchi Haydar Aliyev tashabbusi bilan Ozarbayjon Demokratik Respublikasining barcha davlatchilik belgilari qayta tiklandi va bugungi Ozarbayjon ODRning qonuniy merosxo‘riga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabat 1995 yil 2 oktyabrda o‘rnatilgan. 1996 yil avgust oyida mamlakatimizda Ozarbayjon elchixonasi ochildi.

Janubiy Kavkazda geosiyosiy va geoiqtisodiy ahamiyati ortib borayotgan Ozarbayjon O‘zbekistonning asosiy sheriklari qatoriga kiradi. Ikkala mamlakatning ham mintaqaviy va xalqaro masalalarda tutgan pozitsiyasi o‘xshash. Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti va boshqa ko‘plab xalqaro tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlik o‘rnatilgan.

Davlatimiz rahbari 2019 yil 15 oktyabrda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida ishtirok etgan edi. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevni Prezident Ilhom Aliyev alohida tabriklab, bu tashkilotga a’zolik ikki tomonlama munosabatni, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sheriklikni yanada mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlashini qayd etdi. Davlatimiz rahbari ko‘p asrlik do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan O‘zbekiston – Ozarbayjon aloqalarini yanada mustahkamlash borasidagi intilishlarimiz qat’iy ekanini tasdiqladi.

 

Saidmurod Rahimov, O‘zA