Niderlandiya – G‘arbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan davlat. Poytaxti – Amsterdam. Hukumat qarorgohi Gaaga shahrida joylashgan. Ma’muriy jihatdan 12 muzofotga bo‘linadi. Antil va Aruba orollari ham Niderlandiyaga qarashli.
Niderlandiya Qirolligi 1945 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami – 30 aprelda nishonlanadigan Qirolicha kunidir. Niderlandiya 1991 yil 31 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olgan va 1992 yil 24 noyabrda ikki davlat o‘rtasida diplomatiya munosabati o‘rnatilgan.
O‘zbekiston va Niderlandiya aloqalari parlamentlar o‘rtasida, iqtisodiyot va savdo sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan o‘zaro manfaatli intilishga asoslangan. Muloqotni rivojlantirish ustida faol ish olib borayotgan tomonlar munosabatlarni yanada mustahkamlash imkoniyati keng ekanini qayd etmoqda.
Qarorgohi Bryusselda joylashgan O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi G‘ayrat Fozilov Niderlandiya qiroli Villem-Aleksandrga ishonch yorlig‘ini topshirgan marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbatda hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli muhokama qilindi.
Qirol Niderlandiya va O‘zbekiston sherikligi jadallashayotganini mamnuniyat bilan qayd etib, turli darajadagi muntazam siyosiy, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalar faollashganiga alohida e’tibor qaratdi.
Niderlandiyaning mazkur tarmoqlardagi boy tajribasini hisobga olgan holda, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan samarali foydalanish, ilg‘or texnologiya va innovatsiya sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalar ko‘lamini kengaytirish mavzusi ko‘tarildi.
Ayni payt hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida “yashil” iqtisodiyot, qayta tiklanuvchi energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi, sertifikatlashtirish, huquqiy yordam kabi istiqbolli sohalarda ikki tomonlama xalqaro shartnoma va hujjatlar tuzishning amaliy ahamiyati e’tibor markazida.
O‘tgan yil Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Niderlandiya Qirolligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuv chog‘ida o‘zaro munosabatning ustuvor yo‘nalishlari yana bir bor ko‘rib chiqildi. Siyosiy muloqotni faollashtirish, turli sohalardagi mavjud salmoqli salohiyatni ro‘yobga chiqarish, parlamentlararo aloqani rivojlantirish, madaniy-gumanitar sheriklikni mustahkamlash, shuningdek yetakchi fan va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Muzokara kun tartibidan to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish masalasi ham o‘rin oldi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Turli darajada, jumladan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” shaklidagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘zbekiston – Niderlandiya hamkorligining ustuvor yo‘nalishi hisoblangan qishloq xo‘jaligida ikkala mamlakat boy an’analarga ega. Hukumatlar birgalikda yurtimizda dehqonchilik va chorvachilikni rivojlantirishga hissa qo‘shishi mumkin.
Ayni payt ko‘hna qit’aning ushbu davlatidan diyorimizga kartoshka urug‘i olib kelish yo‘lga qo‘yilgan. Yetkazib berishning umumiy hajmi 6 000 tonnani tashkil etadi. Ushbu sa’y-harakat Prezidentimizning urug‘chilikni rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilashga qaratilgan farmoni doirasida amalga oshirilmoqda. Hujjatda urug‘ni ixtisoslashgan kartoshka xo‘jaliklariga qo‘shimcha to‘lovsiz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
Mazkur chora mamlakatda yetishtiriladigan kartoshka narxiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shishi shubhasiz.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA