Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun muddatidan oldin ovoz berish boshlandi
11:56 / 2023-06-28

Saylash huquqiga ega barcha fuqarolarning saylovga oid huquqlarini ta’minlash demokratik davlatning muhim omillaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida ham saylovchilarning huquqlarini to‘liq ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 20 iyundagi qarorida 9 iyul — saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchilar uchun 28 iyun – 5 iyul kunlari muddatidan oldin ovoz berish tashkil etilishi belgilangan edi. Shundan kelib chiqib, bugun, 28 iyundan muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.  

Saylov uchastkasida muddatidan oldin ovoz berish vaqti ish kunlari soat 9:00 dan soat 18:00 ga qadar, dam olish va bayram kunlari soat 11:00 dan soat 17:00 ga qadar amalga oshiriladi. Bugun yurtimizda bayram munosabati bilan dam olish kuni bo‘lganligi uchun respublika bo‘ylab saylov uchastkalari soat 11:00 dan muddatidan oldin ovoz berish uchun ochildi.

Muddatidan oldin ovoz berish tartiblari qanday?

Qayd etish joizki, Saylov kodeksining 57-moddasida muddatidan oldin ovoz berish tartiblari ifodalangan bo‘lib, saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekanligi belgilangan. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga o‘n kun qolganida boshlanib, saylovga uch kun qolganida tugallanadi.  

Qonunchiligimizga ko‘ra, muddatidan oldin ovoz berishni o‘tkazish vaqti Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari tomonidan belgilanadi va saylovchilarning, kuzatuvchilarning e’tiboriga ommaviy axborot vositalari orqali yetkaziladi.

Muddatidan oldin ovoz berishni amalga oshirish uchun saylovchi saylov kunida bo‘la olmasligining sabablari (ta’til, xizmat safari, xorijga chiqish va hokazo) ko‘rsatilgan ariza asosida tegishli uchastka saylov komissiyasidan saylov byulletenini oladi.  

Saylovchi saylov byulletenini olganligi haqida tegishli uchastka komissiyasining kamida ikki nafar a’zosi hozirligida saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi.

Muddatidan oldin ovoz berishda to‘ldirilgan saylov byulletenini saqlash qoidalari qanday?

Muddatidan oldin ovoz berish jarayonida yashirin ovoz berish tamoyillariga to‘liq amal qilinadi. Jumladan, saylov byulleteni maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida saylovchi tomonidan to‘ldiriladi va yopiq konvertda qoldiriladi. Konvert tegishli uchastka saylov komissiyasining seyfida saqlanadi. Konvertning yelimlangan joyiga uchastka komissiyasining ikki nafar a’zosi imzolari qo‘yilib, ular komissiyaning muhri bilan tasdiqlanadi.

Saylov kuni ovoz berish tugagach, uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosari komissiya a’zolari bilan birgalikda muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi. Shu tariqa muddatidan oldin ovoz berish natijalari yakuniy sanoq jarayoniga qo‘shiladi.  

Eslatib o‘tish joizki, muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari 2023 yil 5 iyul kuni yakunlanadi.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA