Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun muallimdan faqat kasbga fidoyilik va o‘z ustida ishlash talab etilmoqda
10:08 / 2025-10-01

Munosabat

Dunyodan hikmat izlashning o‘zi bir ibrat. Bugun yurtimizning qay go‘shasidan so‘ramang, yoshlarning ulug‘ marralarga faqat ilm-ma’rifat bilan yetishish mumkin, degan fikrlariga guvoh bo‘lasiz. Chunki zamonning o‘zi buni isbotlab turibdi. Yangi O‘zbekistonning ulug‘ maqsadlari insonlar qalbiga shuni singdira oldi. Aslida odam nima uchun yashaydi? Osuda yurtda o‘zi, oilasi va yaqinlarining ezgu kunlariga hissa qo‘shib, halol rizq hamda munosib faoliyatga erishish uchunmi?

Bugun esa aynan shularning barchasiga faqat va faqat ilm yetaklashi davlatimiz rahbari boshchiligida yoshlarga, umuman, butun jamiyatga anglatilmoqda.

“So‘z – isboti bilan”, degandek, bularning hech biri shunchaki fikr bilan emas, amaliy harakatlar, islohotlar bilan isbotlanmoqda. Xo‘sh, vijdonan o‘ylab ko‘raylikchi, ilm-ma’rifatga, hunarga, bog‘ yaratishga bo‘ladigan e’tibordan kimning ko‘ngli yorishmasligi mumkin? Axir olamning asosi ilmga qurilganku. Muqaddas dinimizda ham eng birinchi undov ilmga bo‘lgani sir emas.      

Ta’lim berib, ziyo ulashguvchi insonlarning qadri yuksak jamiyat, deganda bugun butun dunyo O‘zbekistonni tan olib ko‘rsatayotgani eng katta faxrimizdir. Bu yo‘lda mamlakat Prezidentining shaxsan bosh bo‘lib Yangi O‘zbekiston mayog‘ini aynan ta’lim sohasi ustiga o‘rnatganining o‘zi eng ulug‘ amaldir. 

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida soha xodimlari bilan muloqot o‘tkazdi. Yurtimiz hududlaridan tadbirga 40 mingdan ziyod pedagog ulandi. Davlatimiz rahbarining ta’lim sohasidagi istiqboliy masalalar bo‘yicha qilgan nutqidan o‘yga toldim, bugun ta’lim yo‘lida Abdulla Avloniy, Bahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat orzu qilgan, rejalar bilan jonini tikkan, ammo davr to‘zonlarida bunga erisholmay, ularga armon bo‘lgan kunlarda yashayotganimiz haqiqat. 

“Boshidan o‘tganning qoshidan o‘tma” deyishadi dono xalqimiz. Qirq yilga yaqin o‘qituvchilikning tuzini totib, “oson joyda non bormi”, deya darsdan ko‘ra hashar ustun ko‘rilgan kunlarda dalama-dala kezdik, paxta terdik, chopiq qildik. Kunning jaziramasida ham dars berib, ham maktab hovlisi va yana o‘zimiz bilmagan joylarning ajriq o‘tlarini qo‘llarimiz qavarig‘iga qaramay tozaladik. O‘sha kunlarni eslagan o‘qituvchi borki, yuragiga yuk tushadi. U kunlarni unutib bo‘lmaydi, chunki bugungi farovon kunlardan xulosa olish uchun yurakdan o‘chmaydi.

Prezidentimiz Bo‘stonliq tumanidagi nutqida “Ta’lim sifatini oshirish hamda ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qoladi.  Zero, Yangi O‘zbekistonda eng muhim soha – ta’lim, eng hurmatli insonlar – o‘qituvchi va murabbiylardir”, dedi. 

Shu onda bu kasbning nafaqadagi vakili bo‘lsam-da, o‘tgan kunlarimdagi og‘ir mehnatlarimni bir onda unutdim. Bu so‘zlar o‘sha davr o‘qituvchisining yelkasidan tog‘ni ag‘dardi, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun muallimdan faqat ta’lim yo‘lida fidoyilik, o‘z ustida izlanish talab etilmoqda. Buning uchun esa, munosib rag‘batlar bo‘layotgani sir emas. Jumladan, o‘tgan sakkiz yilda ta’lim va ilm-fanga xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani qayd etildi.  

Ta’lim va tarbiya sohasida o‘n yillarga teng keladigan ishlar amalga oshirilib, ulkan natija va yutuqlarga erishilgani ta’kidlandi.  

Yana bir jihat o‘tgan davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 2 karra o‘sdi, yil yakuni bilan jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetishi, yalpi ichki mahsulot hajmi ham yil oxirigacha 130 milliard dollar bo‘lishi qayd etildi. Shu o‘rinda tan olish kerakki, mamlakat iqtisodiyotining asosi hech bir davrda ta’lim bilan bog‘lanmagan edi. 

Prezidentimiz o‘sha kungi nutqida “Men bu iqtisodiy ko‘rsatkichlarga nima uchun ko‘p to‘xtalyapman? Chunki iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo‘lsa, ta’lim rivojlanadi. Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o‘sadi. Bu – hayot qonuni!” deya ta’kidladi.

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni. Har yili davlatimiz rahbari bu kunda ulug‘ kasb egalariga o‘zgacha mehr bilan yondashib, tabrik yo‘llaydi. Darhaqiqat, soha rivoji yo‘lida bugun jadid ajdodlarimizdan kam mehnat qilinmayapti.

Mamlakatimizda qisqa muddatda bog‘chalar soni 5200 dan 38 mingtaga, qamrov darajasi 27 foizdan 78 foizga oshirildi, tarbiyachilar maoshi maktab o‘qituvchilari oyligiga tenglashtirildi, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar oshirildi. 

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “Hammamizga ayonki, kelajak – zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois yoshlarimizni davr bilan hamnafas bo‘lib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak”. Bu so‘zlar Vatan kelajagi uchun ilmning ustuvor ekani, ta’lim fidoyilari – o‘qituvchi va murabbiylar yurt taraqqiyoti yo‘lida mas’ul ekanidan dalolatdir.   

Muhabbat MAMARAIMOVA, 

Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi 

nafaqadagi o‘qituvchi.

O‘zA