Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun mingga yaqin yoshlar bir nuqtada jam bo‘ldi
21:59 / 2024-06-21

Birinchi kun tafsilotlari

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida  30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan «Yoshlar oyligi» doirasida «Vazir va yoshlar» hamda «Rahbar va yoshlar» uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yil Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi rahbarligida yurtimiz mahallalarida «yoshlar balansi»ni shakllantirish orqali ularni kasb-hunar va chet tillariga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan,  davlat idoralarining 7 965 nafar rahbarlariga alohida ishlash talab etiladigan 122 715 nafar yoshlar nomma-nom biriktirilib, rahbarlar tomonidan 108 264 nafar yosh bilan uchrashuvlar o‘tkazildi va 18 236 nafarining turli ijtimoiy-iqtisodiy muammolari hal etilgan.

«Yoshlar oyligi» doirasida tashkil etilayotgan «Vazir va yoshlar» hamda «Rahbar va yoshlar» uchrashuvlari ishtirokchi yoshlar qalbida yangi o‘zgarishlar, yangicha yondashuvlarga sabab bo‘lsa, ajab emas.

Ochiq muloqot tarzida o‘tayotgan har bir yig‘ilish yoshlar siyosati yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda kelgusidagi rejalar muhokamasiga bag‘ishlanmoqda.

Bugun tashkil etilgan ilk uchrashuvda maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova yosh pedagoglar hamda iqtidorli o‘quvchilar bilan muloqotda bo‘ldi. Tadbirda 200 nafardan ziyod yoshlar o‘z savol va takliflarini bildirishdi.

Suhbat davomida ishtirokchilar ta’lim muassasalarida o‘zlashtirilayotgan bilimlarni amaliyot bilan integratsiya qilish, 2023-2024 o‘quv yili davomida amalga oshirilgan o‘zgarishlar, ta’limda innovatsion loyihalardan foydalanish hamda inklyuziv ta’lim to‘g‘risidagi ko‘plab savol va takliflarga batafsil javob olishdi.

«Yoshlar oyligi» munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuv yakunida umumta’lim maktablari faol o‘qituvchi va o‘quvchilariga maxsus diplom hamda sovg‘alar topshirildi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida o‘tgan tadbirda ham 200 dan ortiq yoshlar saroyga yig‘ildi. Vazir o‘z nutqi davomida yoshlarning sifatli bilim olishi hamda kelgusida daromadli kasbga ega bo‘lishi uchun to‘g‘ri yo‘nalish tanlay bilishi muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, axborot texnologiyalari eksport yo‘nalishiga yurtimizda katta e’tibor qaratilayotgani, sohadagi ishlar bugungi kunda asosiy bosqichga olib chiqilgani, mamlakatni IT xabga aylantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganiga urg‘u berdi.

Yoshlar ijod saroyidagi o‘tkazilgan yana bir muhim uchrashuv oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov va yoshlar o‘rtasida ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tdi.

Vazir dastlab davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishlarning yoshlar uchun ahamiyati, sohadagi eng so‘nggi islohotlar mazmuni, yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi.

Uchrashuvning ikkinchi qismi yoshlar tomonidan ko‘tarilgan taklif, loyiha va tashabbuslar bilan davom etdi. Tadbirlar doirasida loyiha hamkorlari, volontyorlar va jamoatchilik faollari munosib taqdirlandi.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA