Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun matbuotda...
11:03 / 2020-06-24

“Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi oʻtkazilar edi.


TOJSIZ VIRUS QANDAY VIRUS?

“Ilgari maktablarda dars boshlanishidan avval besh daqiqalik “siyosiy axborot” — gazetalar sharhi oʻtkazilar edi. Katta avlodning siyosiy yetukligiga shu ham sabab boʻlgandir, balki. Zero, har doim siyosiy tuzumning oʻzgarishi va qayta qurish jarayonlari odamlarga islohotlar mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali kechgan. Va bunda bosh rolni aynan matbuot oʻynagan... Bugunga kelib ayrim shaxslarning gazetalarga befarq munosabati esa ularning siyosiy bilim va madaniyati qanchalik darajada ekanligini ham koʻrsatmoqda”, — deyiladi “Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan nashr bosh muharriri Oʻtkir Rahmatovning “Matbuot — hayot koʻzgusi” sarlavhali maqolasida.

Materialda gazeta nafaqat bugungi kun panoramasini toʻliq koʻrish va kuzatish, balki kelgusidagi istiqbolni ham yaqqol tasavvur qilishga yordam berishi, xuddi darslik singari, barcha mavzularni, mamlakatning butun tarixiy yilnomasini qamrab olishi, undagi maqola — ertagayoq esdan chiqib ketadigan uzuq-yuluq faktning oʻzigina emasligi, maqolaga har doim qaytish, kerak boʻlganda, keyinchalik foydalanish uchun saqlab qoʻyish mumkinligi qayd etilgan. Shuningdek, muallif ommaviy axborot vositalari oldiga keng miqyosli vazifalar qoʻyilayotgan bir paytda ishni qanday tashkil etish lozimligi haqida ham batafsil toʻxtalgan.

“Nazarimda, odamlar ham toifalarga ajrala boshladi. Pandemiya kimning kimligini koʻrsatib qoʻydi-da... Yashirib nima qildik, dastlabki chogʻlarda ayrim nafs bandalari el boshiga tushgan shunday sinovli kunlardan ham foydalanib qolishni oʻyladi. Odamlarni shilish payiga tushib qolganlar ham bor edi. Biroq odamiylikni saqlab qolgan, ichi yorugʻ va oqibatli insonlarning, oʻzbekchilik degan tushunchani tepkilamagan yurtdoshlarimizning juda koʻpligi meni quvontirdi” — deydi taniqli dramaturg Qoʻchqor Norqobil “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida chop etilgan “Hayot sahnasida har kim oʻzini koʻradi” sarlavhali suhbatda. Ijodkorning taʼkidlashicha, dunyo sahnasida ikki xil hayot — yaxshilik va yovuzlik rubaroʻ kelib turgach, pandemiya degan bu ofat insonning kimligini ochib tashlayotgan bunday paytda yozuvchi hayotning oʻzidan olib, yaʼni hayot sahnasini teatr sahnasiga koʻchirdi. “Ochigʻi, mavzuning dolzarbligi xayolimga ham kelmagan, faqat boshiga kulfat tushganda odamzod nega buncha tuslanadi, tovlanadi, degan oʻy menga tinchlik bermadi. Shu sababli “Osmonning egasi bor” pyesam orqali odamlarga sahnada oʻzini, bugungi hayotni koʻrsatib qoʻyishni niyat qildim”, — deydi Qoʻchqor Norqobil.

Huquqiy hujjatlar odamlar turmush tarzini yaxshilashga, huquq va manfaatlarini taʼminlashga xizmat qilmas ekan, bunday “oʻlik” qonunlarni qabul qilishdan hech qanday foyda yoʻq. “Narodnoye slovo” gazetasida berilgan Latofat Sailxanovaning “Polemika i detalnoye obsujdeniye” ("Bahslar va batafsil muhokama”) sarlavhali materialida ushbu mavzu qalamga olingan. Xususan, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi yalpi majlis haqida soʻz yuritilar ekan, qabul qilinayotgan qonunlarning amaliyotda samarali ishlashi, eng avvalo, uning pishiq-puxta tayyorlanishiga, hayot bilan uzviyligiga bevosita bogʻliqligi taʼkidlanadi.

Hayot muammoyu tashvishlardan xoli emas. Har birimiz umrimizda hech boʻlmaganda bir marta qaysidir masala yechimini izlab davlat idoralari eshigini taqillatganmiz. Ammo har doim ham mansabdorlar yumushimizni osongina hal etib bermagan. Shu maʼnoda, joylarda Prezidentning Xalq qabulxonalari tashkil etilgani odamlarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin qilmoqda. “Pravda Vostoka” gazetasida chop etilgan “Pomoch tыsyacham uzbekistansev” (“Minglab oʻzbekistonliklarga yordam”) sarlavhali materialda shu haqda fikr yuritilgan.

“Sud qarori ijrosini taʼminlamayotgan tuman hokimi faoliyatiga kim baho beradi? Qarang, pandemiya sharoitida ekin ekkan, don yetishtirib kelayotgan 25 fermerning yerini olib qoʻyishmoqda. Agar zarur boʻlsa, yil oxirida malakali mutaxassislarni jalb qilib, haqiqiy ahvolni oʻrgansa boʻlardi-ku...” deyiladi “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida chop etilgan “Kim haq yoki nohaq: Shahrisabz tumani hokimining shu yil 14-maydagi qarori bilan 25 fermerning yeri zaxiraga olib qoʻyildi. Nega?” sarlavhali tanqidiy maqolda.

“Axborot tayyorlash va tarqatishga monelik yoʻq, lekin...” Oliy sud raisi oʻrinbosari Xolmoʻmin Yodgorovning shu nomli maqolasida bugun axborot tarqatuvchi kim boʻlishidan qatʼi nazar, inson huquqi va qadr-qimmatiga hurmat bilan qarashga burchli ekanligi, tarqatayotgan maʼlumoti uchun javobgarlikni oʻz boʻyniga olishi haqida mulohaza yuritiladi.

Mittigina viruslar yer yuzdagi katta talafotlarga sabab boʻlayotganini ayni damda oʻz koʻzimiz bilan koʻrib turibmiz. Butun dunyo koronavirusdan himoyalanish va undan qutilish choralarini izlayapti. Xoʻsh, tojdor virusgacha ham jamiyatimizga xavf solib turgan boshqa parazitlar boʻlganmi? Ha, boʻlgan ekan! Tojdor virusdan ham qudratli, insonning, jamiyatning zavoliga sabab boʻlgich, anchadan buyon atrofimizda yashab kelayotgan, ammo biz hali bexabar boʻlgan minglab parazitlar bor ekan! Millatning jon tomiri — taʼlim sohasiga tushgan ana shunday viruslardan biri bilan “Maʼrifat” gazetasida bosilgan Humoyun Quvondiqovning “Tojsiz viruslar iskanjasida” sarlavhali maqolasida tanishasiz.

Maktabda bolalarga sodda feʼl kesim, murakkab feʼl kesim, toʻliq kesim, notoʻliq kesim, sodda ot kesim, murakkab ot kesim, bogʻlama, kesimning turgʻun birikmalar bilan ifodalanishi, kesimning ajralmas birikmalar bilan ifodalanishini oʻrgatgan maʼqulmi yoki lugʻatlar bilan ishlash, soʻz olamini ochish: soʻz yodlash, maʼnosini tushunish, soʻz tarixi bilan qiziqish maʼqulmi? Ona tili darsidan maqsad oʻquvchidan “tilshunos yasash” emas, balki uni tilimiz goʻzalligini his qilishga oʻrgatish boʻlishi kerak emasmi? BuxDU dotsenti Dilorom Yoʻldoshevaning “Grammatikaga yem boʻlgan oʻzbek tili”sarlavhali materialida shu haqda soʻz yuritiladi.

“Hurriyat” gazetasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshligʻi — mamlakat Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Atabekov bilan “Koronavirusni toʻliq yengish uchun balki bir necha yillar kerak” sarlavhali suhbat eʼlon qilingan. Unda insoniyat koronavirus pandemiyasini qachon yengadi, bu ofat haqiqatan ham laboratoriyalarda ishlab chiqilganmi, odamlar qachongacha niqobda yurishga mahkum, singari savollarga javob berilgan.

“Nima boʻlgan edi? Yoxud kondensioner parragidagi jasad” sarlavhali maqolada esa yaqinda Yuqori Chirchiqda joylashgan karantin zonasida vafot etgan yurtdoshimizning oʻlimiga nima sabab boʻlgan, u nima uchun oʻz joniga qasd qilgani haqida soʻz boradi. Bundan tashqari, gazeta muxbiri Goʻzal Begim bilan isteʼdodli yozuvchi Nazar Eshonqulning “Kitobni unutgan avlodga kitob yozish iztirobi” sarlavhali suhbatda Adabiyotning oʻz “siyosati”, yozuvchining bu maydondagi mavqei, jamiyatda tutgan majburiyatlari yuzasidan bahs yuritiladi.

“Ovozi tojik” gazetasidan turizm mavzusidagi tahlil va mulohazalar oʻrin olgan. M. Shodiyevning shu mavzudagi materialida koronavirus pandemiyasi sharoitida baʼzi mintaqalarda sayyohlik yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar qalamga olingan. Jumladan, Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Nanay qishlogʻining soʻlim manzarasi har qanday tabiat oshuftasini maftun etmay qoʻymaydi. Yu. Imomnazarning “Fejak” nomli maqolasida esa Nurota tumanidagi Fejak atalmish dara jozibasi taʼriflanadi.

* * *

Yangi rukn va sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.