Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun Jahon pochta kuni
13:51 / 2020-10-09

9-oktyabrdan boshlab jahonda Xalqaro maktublar haftaligi boshlanadi.


Oʻtgan asrning 70 yillarida qishlogʻimizda gazeta-jurnal kirmagan xonadonning oʻzi yoʻq edi. Kolxozchilar majburan obuna qilinardi. Gazetalarga obuna narxi shu qadar arzon boʻlardiki, kolxozchilar oʻzlarining maoshlaridan pul ushlab qolinganini deyarli bilmasdi. Koʻp hollarda obuna pullari “godovoy” (shaharda buni 13 oylik deyishardi)dan ushlanardi.

Gap bu haqda emas. Bugun pochtachilar haqida soʻz yuritmoqchiman. Esimni taniganimda qishlogʻimizda pochta boshligʻi Abdukarim Sulaymonov edi. U kishining rafiqasi Xadicha opa ham pochtada ishlashardi. Adam kolxozda ishlaganlari bois Moskvaning “Pravda” “Izvestiya”, Oʻzbekistonning “Sovet Oʻzbekistoni”, “Mushtum”, “Sharq yulduzi”, “Saodat”iga, Qozogʻistonning “Sotsialistik Qazaqstan”, “Ontustik Qazaqstan” (“Janubiy Qozogʻiston”) va tumanimizning nashrlariga obuna boʻlardilar. Bizning mahallamizga gazetalarni eshak minvolib Muqim aka tarqatardi. Bizga qarindoshlik joyi yoʻgʻu, lekin menga boshqacha munosabatda boʻlardi (koʻp gazeta oʻqishimni bilardilar) va “baribir oʻqishmaydi” deya boshqalarning qiziqarliroq gazetalarini bizga tashlab ketardi. Keyin nima uchundir ishdan boʻshab ketdilar. Rahmatli yaxshi odam edilar.

Nima demoqchiman? Mening gazeta-jurnal va kitoblarga qiziqishimda pochtachilarning xizmatlari katta boʻlgan. Shu sababli pochta xizmatiga, pochtachilarga eʼtiborni qaratish kerak, ularga oddiy xizmatchi sifatida emas, maʼrifat tarqatuvchilar sifatida qarashimiz lozim. Umuman pochta xizmatini rivojlantirish lozim. Internet oʻz yoʻliga, ammo xalqimizga gazeta va jurnallar ham kerak.

9-oktyabrdan boshlab jahonda Xalqaro maktublar haftaligi boshlanadi. Chunki bugun Jahon pochta kuni (World Post Day). 1939-yili Buenos-Ayresda Jahon pochta Ittifoqi (Universal Postal Union) XI kongressi mazkur bayramni nishonlash taklifini ilgari surgan edi. Biroq, bu qaror oʻz vaqtida kuchga kirmadi. 1969-yilda Tokioda boʻlib oʻtgan Jahon Pochta Ittifoqi (JPI) XVI kongressida har yili 9-oktyabrda Jahon pochta Ittifoqi kunini nishonlash borasida qaror qabul qilindi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro kunlari roʻyxatiga kiritildi. Bu bayram ilk bor 1970-yilda nishonlandi. JPIning 1984-yil Gamburgda boʻlib oʻtgan XIX kongressi “Jahon Pochta Ittifoqi kunini” Jahon Pochta kuniga oʻzgartirish borasida qaror qabul qildi.

1874-yilning 9-oktyabr kuni Bern (Shveysariya)da 22 mamlakat vakillari tomnidan “Bern” shartnomasi imzolandi va shu tariqa Bosh Pochta Uyushmasi tashkil etildi. 1878-yilda Uyushma nomi oʻzgartirildi va Jahon Pochta Ittifoqiga aylandi. Bugungi kunda Uyushmaga 192ta mamlakat aʼzo.

9-oktyabrdan boshlab jahonda Xalqaro maktublar haftaligi boshlanadi.

Pochta tizimini xat, joʻnatma va tovarlar yetkazib berish, bank, moliya va davlat xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashtirish orqali soha barqarorligini taʼminlash muhim masala hisoblanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi. Davlatimiz rahbari pochta tizimini rivojlantirish uchun uni daromad keltiradigan sohaga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Xususiy operatorlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, qoʻshimcha xizmatlarni taqdim etish orqali pochta boʻlimlari daromadini oshirish mumkinligi aytildi.

Mutasaddilarga bosma nashrlarni qoʻllab-quvvatlash uchun matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yoʻlga qoʻyish muhimligi taʼkidlandi.

Yangi pochta xizmatlarini yoʻlga qoʻyish uchun xodimlarni qayta tayyorlash, pochta binosini davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlar bilan birga ishlatish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.