Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bugun ham ziyo ulashayotgan ziyolilar
15:03 / 2024-04-26

Milliy estrada san’atimiz rivojida O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirovning xizmatlari beqiyos. Keyingi yillarda mamlakatimizda ustoz san’atkorning ijodiy merosini o‘rganish, targ‘ib etish, xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.

Botir Zokirov 1936-yili 26-aprelda atoqli san’atkorlar – betakror ovoz sohibi Karim Zokirov hamda Alisher Navoiy nomidagi davlat opera va balet teatri (hozirgi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik teatri), keyinchalik Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat teatri xonandasi Shoyista Saidova oilasida tavallud topgan.

Manbalarga ko‘ra, Botir Zokirov sakkiz yillik maktab ta’limidan so‘ng Toshkent davlat konservatoriyasiga o‘qishga kiradi. Biroq o‘pkasidagi jiddiy xastalik sababli musiqiy ta’limni tashlab, keyinchalik Toshkent teatr va rassomlik institutining rejissyorlik fakultetida o‘qishni davom ettiradi.

Botir Karimovich 1956-yili O‘zbekistondagi ilk estrada jamoasi – «Yoshlik» ansamblining tashkil etilishida jonbozlik ko‘rsatadi. Mazkur ansambl 1957-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan Butunjahon yoshlar va talabalar festivalida ishtirok etadi. U yerda «Arab tangosi»ni ilk bor ijro etgani Botir Zokirovga katta shuhrat olib keladi. Keyinchalik san’atkor O‘zbek davlat simfonik orkestriga rahbarlik qiladi.

Botir Zokirov operalardan ariyalar, o‘zbek xalq qo‘shiqlari, mamlakat va xorijiy kompozitorlarning asarlarini original tilda yuksak mahorat bilan ijro etgani diqqatga sazovordir. Musiqa ixlosmandlariga uning ijrosidagi o‘zbek qo‘shiqlari bilan birga ozarbayjon, turk, afg‘on, hind, italyan, fransuz, ispan va boshqa tillardagi qo‘shiqlari yaxshi ma’lum.

Bugungacha ustoz san’atkor Botir Zokirov ijro etgan betakror qo‘shiqlar xalqimiz qalbida yashab kelmoqda.  

Diltortar qo‘shiq mukammal she’riyat bilan uzviy bog‘liqdir. O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning ko‘plab she’rlari ajoyib qo‘shiqlarga aylangan. 26-aprel – xalqimizning ardoqli shoirining ham tavallud topgan kuni.  

Muhammad Yusuf 1954-yili 26-aprel kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanida tavallud topgan edi.

1978-yilda oliy o‘quv yurtini tamomlab, Respublika kitobsevarlar jamiyati (1978-80), «Toshkent oqshomi» gazetasi (1980-86), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti (1986-95)da turli lavozimlarda ishlagan. 1995-97-yillar «Tafakkur» jurnalida bo‘lim mudiri, 1997-2001-yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida rais o‘rinbosari sifatida mehnat qilgan.

Muhammad Yusufning dastlabki she’rlari «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligida bosilgan (1976). Shundan boshlab respublika matbuotida uning she’r, ocherk va maqolalari muntazam ravishda chop etila boshlagan. Ilk she’rlar kitobi – «Tanish teraklar» 1985-yilda nashr etilgan. Muhammad Yusufning «Iltijo» (1988), «Uyqudagi qiz», «Halima enam allalari» (1989), «Ishq kemasi» (1990), «Ko‘nglimda bir yor» (1991), «Bevafo ko‘p ekan», «Yolg‘onchi yor» (1993), «Erka kiyik» (1995) va «Osmonimga olib ketaman» (1998), «Ulug‘imsan, Vatanim» (2004), «Saylanma» (2007), «Xalq bo‘l, elim» (2009) she’riy kitoblari nashr etilgan. 1989-yilda «Uyqudagi qiz» nomli she’riy to‘plami uchun u respublika Yoshlar tashkilotining mukofotiga sazovor bo‘lgan.  

Aytish kerakki, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan san’at va adabiyotimizning yirik namoyandalari, jumladan, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov hamda O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf ijodini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasida ezgu tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda. «Ma’rifat ulashib» ijodiy loyihasi, poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludiga bag‘ishlangan xotira tadbirlari buning yana bir amaliy namunasidir. Zero, Botir Zokirov, Muhammad Yusuf kabi darg‘alar bugun ham o‘z ijodi bilan xalqimiz orasida ma’rifat, ziyo ulashayotgan namoyandalar sanaladi.

 

N.Usmonova tayyorladi, O‘zA