Bugun, 16 fevral kuni mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan "Freestyle Chess G.O.A.T Challenge" turnirining mukofotlari kimlarga tegishli bo‘lishiga aniqlik kiritiladi.
1-o‘rin uchun Karlsen – Karuana, 3-o‘ringa egalik qilish bahsida Abdusattorov – Aronyan, 5-o‘rin uchun Firuzja – Gukesh hamda 7-o‘ringa egalik qilishda Din Lijen – Kaymer juftliklari kurash olib bormoqda.
Aytish lozim, dunyo shaxmat olamida o‘ziga xos nufuzga ega bo‘lgan turnirning eng yuqori nuqtasidagi so‘nggi musobaqada mag‘lub bo‘lgan holda 2, 4, 6 va 8-o‘rinlarni egallagan shaxmatchilar ham pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Unga ko‘ra, 2-o‘ringa 40 ming, 4-o‘ringa 20 ming, 6-o‘ringa 12 ming va 8-o‘rin sohibiga 8 ming AQSH dollari nasib etadi.

Bevosita kecha o‘tgan final o‘yinlarining 1-partiyalaridagi holatga e’tibor qaratsak, g‘oliblik uchun kechgan Magnus Karlsen va Fabiano Karuana uchrashuvida tomonlar murosa yo‘lini tanlagan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov oq donalarda AQSH sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyanga qarshi dona surdi.

Abdusattorov-Aronyan bahsi deyarli hamyurtimizning hujumkorligi, Aronyanning himoyasida o‘tdi. O‘n to‘rtinchi yurishdagi burilish nuqtasida Nodirbek biroz ustunlikka ham erishdi. Hatto 44-yurish vaziyatida hamyurtimizning yutuqqa erishish imkoniyati ortdi ham. Biroq tajribali Aronyanning vaziyatni to‘g‘ri baholashigina uni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi-0,5:0,5.

Musobaqada 5-o‘rin uchun Firuzja – Gukesh o‘rtasidagi 1-partiyada Fransiya bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Alireza 1:0 hisobida ustunlikka erishdi. 7-o‘rin masalasini hal qilishga kirishgan Din Lijen – Kaymer o‘yini 1-partiyasi 1:0 hisobida Kaymer foydasiga hal bo‘ldi.

Bugun o‘tadigan 2-partiya o‘yinlari barchasiga oydinlik kiritishi bilan mazkur musobaqaning kelgusi yilgi o‘yinlarida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladigan 4 nafar super grossmeysterlar nomini ham aniqlab beradi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA